Qashqadaryodan murojaat: «Bizda kanalizatsiya tizimi chorak asrdan buyon muammo, tag‘in hammom qurishmoqchi...»

Jamiyat 22:00 / 15.07.2019 14390

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida Miraki deb nomlangan shaharcha bor. Uning dovrug‘i nafaqat viloyatda, balki respublikaga ham tarqalgan. Chunki bu maskanning havosi toza, u yam-yashil daraxtlar, baland tog‘lar bag‘rida joylashgan. Yozning issiq kunlarida bu yerga O‘zbekistonning turli hududlaridan odamlar hordiq chiqargani kelishadi, tabiatidan bahramand bo‘lishni istashadi.

Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan navbatdagi murojaat aynan mana shu shaharcha ahlidan. Ular bu yerda sodir bo‘layotgan ayrim ishlardan norozi. Vaziyat bilan yaqindan tanishdik.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarori asosida Shahrisabz tumanidagi «Miraki» MFY hududi «Obod qishloq» davlat dasturiga kiritilgan. Murojaatchilarning ta'kidlashicha, olib borilayotgan ishlar qonun doirasida bo‘lmayapti. Tahririyatga taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, «Miraki» MFYdagi Hamid Olimjon ko‘chasida joylashgan 6ta 2 qavatli uylarga tegishli aholi yer maydonlarida tuman qurilish va arxitektura loyihasi hamda tuman hokimining qarori asosida tadbirkorlar tomonidan aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini qurish ishlari boshlangan. Ana shu shoxobchalar ichida umumiy tipdagi hammom ham qurilmoqda va ishlar 20 foizga bajarilgan. Ammo o‘sha yerda istiqomat qiluvchi fuqarolar bu qurilishdan norozi bo‘lmoqda. Ularning fikriga quloq tutdik.

«Bizga umumiy tipdagi bunday hammomning keragi yo‘q. Chunki buning qator sabablari bor. Birinchidan, mahallada tabiiy gaz yo‘qligi sababli mazkur hammomda ko‘mir yoqiladi. Undan chiqadigan is gazi, atrof-muhitga, insonlar salomatligiga jiddiy xavf soladi. Ikkinchidan, kanalizatsiya tizimida muammolar bor. Hammomning suvini qayerga ketkazishadi? Odamlar ichadigan suvga burib yuborishadimi yoki hovuz qilib, biror joyda to‘plashadimi?», deydi T.Ergashev.

«Shunday katta Miraki hududida hammom qurish uchun boshqa joy topilmadimi? Mahalla raisining bu masala bilan sira ishi yo‘q. Hokimlik va boshqa tashkilotlardan kelib, hammom qurish majburiyligini aytishmoqda. Sanitariya-epedimologiya markazi, sog‘liqni saqlash tashkilotlari qayerga qarashyapti? Bu yerda hammom ishlashi barcha talablarga javob berarmikan? Mana shu 6ta ko‘p qavatli uylarda kamida 50 nafarga yaqin yosh bola bor. Shularning o‘ynashi uchun o‘yingoh qursa bo‘ladi-ku? Ammo unday qilishmaydi, chunki o‘yingohdan daromad olib bo‘lmaydi-da. Hammom esa pullik bo‘ladi. Ammo shu hammomni qurayotgan odam bilib qo‘ysin: odamlar unga baribir kirmaydi, chunki bu ishlardan norozi...», - deydi yana bir fuqaro.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hammomni qurayotgan tadbirkor odamlarga «hammom vaqtincha ishlab turishi, shundan keyin uning o‘rniga do‘kon qurilishi» haqida aytgan.

Mahalla ahlini faqat bu muammo qiynamayapti. Gap shundaki, bu yerda istiqomat qiluvchi odamlar 15 yildan buyon gaz nimaligini bilishmaydi. Gaz quvurlari kesib olingan. Bundan tashqari, ushbu mahallada jami 40ga yaqin 2 qavatli uylar joylashgan bo‘lib, ushbu uylarning shirkati umuman tugatilgan. Aholining ma'lum qilishicha, mazkur ko‘p qavatli uylarda yashovchilarning uylarida tabiiy gaz, issiq va sovuq bor-yo‘qligini, kanalizatsiya kabi muammolarni hech bir mutasaddi o‘ylab ko‘rmayapti.

«Mahallaning Amir Temur ko‘chasida joylashgan 12ta 2 qavatli uylardan chiqayotgan chiqindi suv Shahrisabz tuman 2-ixtisoslashgan maktab internatiga tegishli bo‘lgan stadion hududidan ochiq, go‘yoki tabiiy buloq suvidek chiqib, yer ostidan o‘tib, daryodan keladigan toza ichimlik suviga qo‘shilmoqda. Qo‘shilgan suv esa viloyatda muhim ahamiyatga ega Oqdaryoga qo‘shilmoqda», - deydi yana bir fuqaro.

Fuqarolarning aytishicha, «Obod qishloq» dasturiga asosan mahalladagi oshxona, omborxona, garaj, hojatxona, tovuqxona va og‘illar buzib tashlanadi. Buni hokimlikdan kelib ma'lum qilishgan.

«Biz davlat siyosatiga qarshi emasmiz, aslo. Mahallamiz obod bo‘lsa, biz shunchalik xursand bo‘lamiz. Mana, televizorda ko‘ramiz, qancha-qancha hududlar chiroyli bo‘lmoqda. Ammo biz bir narsadan qo‘rqamiz. Hokimiyat buzadi, biroq yangisini qurishni paysalga solmasmikan? Yana ovoragarchilik, sarsonchilik bo‘lmasmikan? Ko‘z ochib yumguncha qish keladi. Odamlar qishga tayyorgarliksiz, omborxonalarsiz nima qiladi? Chorvaning holi ne kechadi?», - deydi mahalla ahli.

Vaziyat mahalla ahli qo‘rqayotganidek xavotirlimi? Ularning savollariga rasmiy mutasaddilardan javob olishga harakat qildik. Dastlab, «Miraki» MFY raisi Bobur Azizov bilan bog‘landik.

«Bo‘layotgan bu qurilish mening xabarimsiz amalga oshirilgan. Keyin bilib qoldim. Nima loyiha qilishgan bo‘lsa «arxitektura» qilgan. Bizda haqiqatan ham kanalizatsiya tizimi muammo, milliardlab so‘m mablag‘ talab etiladi. Tadbirkor agar hammom qurgisi kelayotgan bo‘lsa, barcha sharoitlari bilan qurib berishi kerak», deydi u.

Bu borada Shahrisabz tumani davlat sanitariya epidemologiya nazorati markazi rahbari Sami Shomurodov vaziyat yuzasidan izoh so‘radik.

«Aslida, bu ishlarni amalga oshirish uchun bizning tashkilotdan ruxsatnoma olinmaydi. Ammo vaziyatga o‘z munosabatimni bildirgan holda quyidagilarni aytib o‘tishim mumkin. Hammomdan chiqadigan suv uchun maxsus o‘ra qilinadi. Uning usti betonlanib, yopib tashlanadi. Faqat maxsus trans mashinalari chiqindi suvlarini olib ketishi uchun kichik ochiq joy qoldiriladi. U ham qopqoqli, og‘zi yopiq bo‘ladi. Ko‘mir masalasiga kelsak, odamlarning o‘zi ko‘mir, o‘tin yoqadi. Xavfsizlik choralariga amal qilmay, foydalanaverishadi. Hammomga 2-3 metrli mo‘ri o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Kanalizatsiya masalasi juda og‘ir. Uni o‘tkazish uchun juda katta mablag‘ talab etiladi. Chunki quvurlarni Miraki hududidan olib chiqib, Shahrisabz shahri tomon olib tushish kerak bo‘ladi. Yoki katta-katta hovuzlar qurib, suvni zararsizlantirib, laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazib, keyin daryoga o‘tkazsa bo‘ladi. Yuqorida aytganimdek, bu ishlar juda katta mablag‘ni talab etadi.

Bu yilgi «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha «Miraki» MFYga toza ichimlik suvi o‘tkazish rejalashtirilgan. Buning uchun katta miqdorda mablag‘ ajratilgan. Bundan tashqari, toza ichimlik suvini odamlarga sifatli, turli kasallik tarqatuvchi omillardan tozalab yetkazish ham oson emas, bir qancha jarayonlarni talab etadi.

Shu o‘rinda bir narsaga hayron bo‘laman. Odamlar manfaati uchun biror ish qilsangiz ham, qilmasangiz ham ular baribir norozi bo‘laverishadi. Telefonda o‘shqirishadi. Ammo bu ishlar milliardlab mablag‘ evaziga bitishini yoki faqat bizga bog‘liq emasligini o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Faqat yozuv-chizuv qilish bilan ish bitib ketavermaydi. Jamiyatga daxldorlik hissini tuygan holda, olib borilayotgan islohotlarga fuqarolik pozitsiyasi nuqtai nazaridan munosabat bildirib muammoni hal etish yo‘llarining muqobil variantlarini ishlab chiqishda bamaslahat, bahamjihat ish qilinsa, vaziyat hozirgidan ko‘ra, ancha o‘zgarardi», - deydi S.Shomurodov.

Shahrisabz tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Asqar Qurbonov ham mirakiliklar muammosi yuzasidan munosabat bildirdi.

«Bu ishlardan xabarim bor. «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha do‘kon, choyxona va hammom qurilishi kerak edi. Ammo hammom aholi yashaydigan hudud orasida tushib qolgan. Masala yuzasidan Shahrisabz tuman hokimiga o‘z takliflarim bilan chiqaman. Muammo bo‘lmaydi, odamlarni rozi qilamiz, bunga va'da beraman», deydi u.

Davlat rahbari tomonidan «Obod mahalla», «Obod qishloq» kabi davlat dasturlari hayotga tatbiq etilishi juda quvonarli va kutilmagan yangilik bo‘ldi. Sobiq ittifoq davridan beri ahamiyat qaratilmay kelgan hududlar poydevoridan boshlab yangilandi. Biroq, shuni achinish bilan ta'kidlash lozimki, yaxshi niyat ila amalga oshirilayotgan bu islohotlarni suiiste'mol qilish holatlari uchrab turibdi. Chunki bugungi davr O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosat tub mohiyatida inson omili yotibdi, shaxsiy manfaatlar emas. Miraki hududida, mana, 20 yildan oshdiki kanalizatsiya tizimi achinarli holatda. Bu mahalliy aholini tashvishlantirib kelayotgan og‘ir muammolardan biri. Bu ham kezi kelib o‘z yechimini topadi. Biroq bir narsa o‘ylantiradi... Hozirgi kunda mazkur hududda odamlarning turmush sharoitini yaxshilash maqsadida qilinayotgan ishlardan o‘z shaxsiy manfaatini ko‘zlab foydalanib qolish, bugungi davr islohotiga bo‘lgan nopisandlik, nazarimizda. Mutasaddilarning «mening xabarim yo‘q», «hal etamiz» kabi mavhum gaplari ham muammoga yechim bo‘la olmaydi. Bir misqol bo‘lsa ham, ishlar amalda ko‘rinishi lozim. Umid qilamizki, tadbirkorga ham, fuqarolarga ham zarar bo‘lmagan holda mazkur muammo o‘z yechimini topadi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri
 

Ko‘proq yangiliklar: