«Fuqaroligimni olib qo‘yishdi». Kosonsoylik ayol 16 yildan buyon fuqarolik orzusida

Jamiyat 17:20 / 15.07.2019 14924

Fuqarolikka ega bo‘lish juda nozik masala. Buni balki fuqaroligi bor hamyurtlarimiz tushunmas, biroq yillar davomida pasporsiz yurgan hamyurtlarimiz uchun bu - haqiqiy orzu. Ayni shu masalaga aloqador bo‘lsa-da, kosonsoylik Muqaddas Ne'matullayevaning murojaati biroz o‘zgacharoq......

Bu ayol fuqaroligi yo‘q boshqa shaxslar qatori 1991 yildan beri bu «maqom»da bo‘lmagan. U bunga keyinroq «loyiq ko‘rilgan».

«Mustaqil bo‘lganimizdan so‘ng, boshqalar qatori fuqarolikka ega bo‘ldim. 1999 yil oxirida 25 yoshga to‘lganim tufayli pasportni yangidan oldim. 2003 yil 25 fevralda IIB xodimi N.N. ismli shaxs kelib pasportimni olib ketishim kerakligini aytdi. «Qirg‘izistonda tug‘ilganlarning pasportlarini tekshiryapmiz, qaytib olib kelib beraman» deb tilxat yozib olib ketdi. Shu bo‘yi pasportimni ko‘rmayman. O‘sha yili 3 noyabrda Kosonsoy tuman prokuraturasi va Kosonsoy tuman MXX xodimlari tekshirib, «fuqaro Ne'matullayeva Muqaddas Jo‘rabekovnaning pasporti o‘ziga qaytarib berilsin» degan qaror chiqarishdi.

Men bu qarorni IIBga ko‘rsatganimda vaqtinchalik pasport berishdi. Shu alfozda 2006 yilga qadar yurdim. Ko‘plab tashkilotlar eshigini qoqdim. Namangan viloyat IIB boshlig‘i general A.Usmonov qabuliga kirib bo‘lgan voqeani aytib berdim. U masalani tezda hal qilish ko‘rsatmasini berdi. Qo‘l ostidagilari esa 2 soat o‘tib qo‘limga ushbu fuqaroligi yo‘q shaxs guvohnomasini tutqazishdi. Tabiiyki, men bunga qarshi bo‘ldim. Axir men to‘laqonli fuqaro edim-da! Fuqaroligim shu tariqa yo‘q bo‘ldi. O‘shandan beri idoralarda sarsonman. Viloyat prokurori, IIB boshlig‘i, Xalq qabulxonalaridan hech qanday madad yo‘q», deydi chorasiz ayol.

Biz bu ayoldan kerakli hujjatlar, murojaatlar natijasida olingan javob xatlarini so‘radik. Bizga bir dasta hujjat taqdim etildi. Quyida ulardan ba'zilarini havola etamiz.

Ushbu hujjatda Namangan viloyat prokuraturasi tegishli tartibda o‘tkazilgan tekshiruvlarda ushbu ayolning mehnat daftarchasida 1990 yil 4 mart kuni 26-sonli buyruq bilan Kosonsoy sabzavot-sut mahsulotlari jamoa xo‘jaligiga ishga qabul qilingani, 1992 yil 2 fevral kuni vazifasidan ozod etilgani haqida noto‘g‘ri ma'lumotlar kiritilgani aniqlangan ekan. Biroq, tergovga qadar tekshiruvlar natijasida bu ayolga jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga binoan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan, ya'ni qilmishida jinoyat tarkibi aniqlanmagan. Ushbu holatlar sababli fuqarolik pasporti yo‘q qilingan. Biroq, bu ayolning fuqaroligi masalasida hozirgi kunda prezident huzuridagi fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyaga taqdim etilgani aytilgan.

Namangan viloyat Kosonsoy tumani MvaFRB boshlig‘i F. Madrahimov bilan shu masalada uchrashmoqchi edik. Biroq mas'ul shaxs ish yuzasidan boshqa joyda ekan. Shu sababli, idoraning inspektori Abduhakim Abdullayev bilan gaplashdik. Bu xodim ham murojaatchi ayolning masalasi prezident huzuridagi fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyaga topshirilgani, kerakli hujjatlar havola etilganini aytish bilan cheklandi.

«Men haq bo‘lganim tufayli murojaat qilishdan to‘xtamayapman. Ko‘p martalab murojaat qilganim sababli shunday ayblar qo‘yilgan, biroq isbotlanmagan. Xuddi o‘sha vaqtda men kabilar ko‘p edi. Misollar ham keltira olaman. Nega ular tekshirilmay aynan mening fuqaroligim olib qo‘yilgan? Qo‘limda turgan fuqarolikni olib endi qachon berishadi?», deydi alam bilan fuqaroligi yo‘q ayol.

Biz ushbu ayol ham jamiyatimizning to‘la-to‘kis a'zosi bo‘lib, yarim ko‘ngli to‘lishini, idorama-idora sargardonliklar yakuniga yetishiga umid qilamiz.

Bahodir Ahmedov

Ko‘proq yangiliklar: