Kattaqo‘rg‘ondagi darvozasiz bog‘cha yoxud tumanda maktabgacha ta'lim tizimida muammolar o‘z holicha qolmoqdami?

Jamiyat 17:38 / 15.07.2019 11011

Bugungi kunda maktabgacha ta'lim tizimida qator islohotlar olib borilmoqda. Tizimda yig‘ilib qolgan muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etib kelinmoqda.

Ammo tan olib aytish kerakki, tizimda hanuz eskicha qarash, eskicha ishlash holatlari uchramoqda.

Kattaqo‘rg‘on maktabgacha ta'lim tizimidagi muammolar haqida avval ham bir necha bor o‘rganishlar olib borilib, mavjud kamchiliklar yoritilgan edi.

Tumandagi 23-maktabgacha ta'lim muassasasida navbatdagi o‘rganishni olib borganimizda, tizimda hali ham yechilmay qolayotgan masalalar ko‘pligiga guvoh bo‘ldik.

Ushbu maktabgacha ta'lim muassasasi binosi ancha eski binoda joylashgan. Birinchi ko‘zga tashlanadigani shuki, binoda darvoza yo‘q. Muassasa hududi mahalladagi binolar bilan aralashib ketgan. Qorovul uchun bitta stulcha qo‘yib berilgan.

Avvalo, muassasada tarbiyalanuvchilar uchun berilayotgan mahsulotlar miqdori va sifati bilan qiziqdik.

Oshpazning aytishicha, tayyorlanayotgan taomlar uchun o‘sha kuni 10 kg go‘sht mahsuloti ajratilgan. Vaholanki, muassasada 120 nafar tarbiyalanuvchi bor. Belgilangan me'yorlarga ko‘ra, 120 nafar tarbiyalanuvchi uchun 12 kg go‘sht mahsuloti ajratilishi kerak. Ammo taomlarga solingan go‘sht mahsulotlari 10 kg ham chiqmasligi ko‘rinib turardi. Xo‘sh, muassasada bolalar haqidan urib qolish davom etyaptimi?

Mudira Zamira Xudoyberdiyevaning ta'kidlashicha, ayni vaqtda xo‘jalik mudiri lavozimi bo‘sh. Uning vazifasini muassasa hamshirasi bajarib turibdi. Berilayotgan kunlik mahsulotlar me'yordan kamligi holatiga hamshiradan tayinli izoh ololmadik.

Achinarlisi, mahsulotlar saqlanayotgan xona va taom tayyorlanadigan oshxona antisanitar holatda, ozodalikka yetarlicha e'tibor berilmagan.

Bolalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga mo‘ljallangan katta xonadagi holat bundan ham abgor. Jihozlar qalin chang bilan qoplangan va tartibsiz. Bolalar ana shunday holatda vaqt o‘tkazmoqda.

Muassasada bolalar salomatligi, sanitar holat va ozodalikka mas'ul bo‘lgan hamshira xonasida ham bo‘ldik. Aslida, hamshiraning o‘zi bu kabi tartibga yetarlicha e'tibor bermasligi ma'lum bo‘ldi. Jumladan, hamshira xonasida dorilar uchun ajratilgan muzlatgich ichidagi holat buni yaqqol isbotlab turibdi.

Umuman, bog‘chada ozodalikka yetarlicha e'tibor berilmagani sababli antisanitar holatlarni har joyida kuzatish mumkin.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan muassasa mudirasi Z.Xudoyberdiyevadan izoh so‘radik.

«Binomiz eski, bor imkoniyatlardan foydalanyapmiz. Siz aytgan kamchiliklarni tan olamiz va zarur choralarni ko‘rib, masalalarni hal etamiz», – deydi u.

Ammo mudiradan taomlar uchun mahsulotlar belgilangan me'yordan kam berilayotgani holatiga tayinli izoh ololmadik.

O‘rganish davomida tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbari T.Alqarov bilan suhbatlashishning imkoni bo‘lmadi.

Umuman olganda viloyatda maktabgacha ta'limi tizimida ko‘plab muammolar yig‘ilib qolgan ko‘rinadi. Murojaatlar va e'tirozlar asosida olib borilayotgan o‘rganishlarda bu yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Jumladan, Kun.uz saytida joriy yil 26 iyun kuni Narpay tumani maktabgacha ta'lim tizimidagi nosog‘lom muhit va muammolar yoritilgan edi.

Ushbu tanqidiy maqola yuzasidan Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan ishchi guruh o‘rganish olib borilgani, aniqlangan tekshiruv natijalariga ko‘ra, maktabgacha ta'lim hududiy boshqarmasining ikki bo‘lim boshlig‘i, 9ta MTT mudiralari, 6 nafar xo‘jalik mudirlari lavozimidan ozod etilgani, shuningdek, 6 MTT mudiralariga nisbatan oylik maoshining 30 foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llangani haqida ma'lumot berilgandi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, viloyatda maktabgacha ta'lim tizimida yig‘ilib qolgan muammolarni bartaraf etishga tegishli mutasaddilar jiddiy e'tibor qaratishi lozim. Aks holda, bu kabi muammolar yanada ildiz otib boraveradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: