Samarqand shahridagi davlat xizmatlari markazining 1 iyul kungi xati orqali «Alexander Hotel» MChJ tomonidan «Afsona» yozgi cho‘milish havzasi oldidagi chinor va tut daraxtlarini kesishga xulosa berishni so‘rab Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga murojaat qilgan.
Boshqarma inspektorlari tomonidan murojaat joyiga borib o‘rganilganda qurilish va obodonlashtirish ishlariga xalaqit qilib turgan 2 tup tut va atrofida qator ekilgan 11 tup chinor daraxtlari mavjudligi aniqlangan.
2 tup tut daraxtiga Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi №43-sonli qaroriga asosan 9 iyul kuni 270-sonli xulosa berilgan. Qolgan 11 tup chinor daraxtlari qurilish ishlariga xalaqit qilmayotganligi sababli boshqarma tomonidan xulosa berilmay, rad javobi berilgan.
Boshqarmaning jamoatchilik va OAV bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi S.Sa'dullayevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, garchi kesishga rad javobi berilganiga qaramasdan, 11 tup chinor daraxtidan 2 tupini fuqaro M.Karimov ruxsatsiz, noqonuniy ravishda kesish ishlarini amalga oshirgan vaqtda boshqarma inspektorlari tomonidan to‘xtatilgan.
Ushbu holat yuzasidan fuqaro M.Karimovga O‘zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy ish qo‘zg‘atilib, solingan jarima va aniqlangan 26.354.900 so‘m zarar summasini undirish choralari ko‘rilmoqda.