Toshkent bozorlarida patta narxi oshadi. Savdogarlar nima deydi?

O‘zbekiston 19:34 / 10.02.2025 3443

Poytaxtdagi bozorlar va savdo komplekslarida sotuvchilardan undiriladigan yig‘imlar va ijara to‘lovlari 20-30 foizga oshishi kutilmoqda. Bu borada shahar hokimining tegishli qarori loyihasi e’lon qilingan. Kun.uz muxbiri patta narxlarining oshishiga savdogarlarning munosabatini so‘rab, “Yunusobod”, “Eski Jo‘va” va “Farhod” dehqon bozorlarida bo‘ldi.

Sotuvchilarning aksariyati qaror loyihasi haqida eshitmagani, amaldagi narxlarni saqlab qolish kerakligini aytishdi.

Ayrim sotuvchilar esa, kutilayotgan narx oshishi haqida pattachilar bir necha kun oldin ogohlantirishganini ma’lum qilishdi.

Xabarim bor. Agar me’yorida oshsa, ma’qul, lekin 20-30 foiz oshish qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun ko‘p deb o‘ylayman, chunki ularga juda oz miqdorda qo‘yamiz. 30-40 foiz oshadigan bo‘lsa, bizgayam, xaridorlargayam og‘irlik qiladi”, – deydi sotuvchilardan biri.

Ko‘plab savdogarlar yig‘imlar miqdorining oshishi mahsulotlar narxi qimmatlashishiga sabab bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi. Kam sonli sotuvchilar esa aksincha fikrni bildirdi, ularga ko‘ra, patta haqining e’lon qilingan darajada qimmatlashishi bozordagi narx-navoni o‘zgartira olmaydi.

O‘zini tanishtirishni istamagan “Eski Jo‘va” bozori xodimi hamma narsaning narxi oshayotgani uchun, patta narxi ham oshishini tabiiy deb hisoblashini bildirdi.

Oxirgi yillarda hamma narsaning narxi oshib boryapti. Misol uchun, elektr energiyasi, gaz narxi ko‘tarilyapti. Hammasi o‘sha narsalarga bog‘liq bo‘ladi. Shahar hokimiyati har yili mart oyida patta narxlarining o‘zgarishini chiqaradi. O‘tgan yili 26 martda chiqqan, hozir o‘sha bo‘yicha sotuvchilar patta narxini to‘lab kelyapti. Narx oshishi davr talabi bo‘lib qoldi”, – deydi bozor xodimi.

Ma’lumot uchun, patta narxlari dehqon bozorlaridagi savdo o‘rinlari uchun quyidagicha o‘zgarishi mumkin (1 o‘rin / 1 kun):

  • ho‘l mevalar (anor, olma, nok va boshqa) – 18 000 so‘m (hozir 15 000 so‘m);
  • sitrus va tropik mevalar – 39 000 so‘m (hozir 32 000 so‘m);
  • quruq mevalar (turshak, mayiz, pista, bodom) – 40 000 so‘m (hozir 33 000 so‘m);
  • sut mahsulotlari – 15 000 so‘m (hozir 18 000 so‘m);
  • poliz mahsulotlari (qovun, tarvuz) – 34 000 so‘m (hozir 28 000 so‘m);
  • go‘sht mahsulotlari – 42 000 (hozir 35 000 so‘m).

Qaror loyihasida, shuningdek, Sergeli avtomobil bozori, “O‘rikzor” savdo komleksidagi yig‘imlar hamda bozorlar faoliyatiga oid boshqa turli to‘lovlar narxlari ko‘rsatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: