Ozarboyjon Nikolay Valuyevning mamlakatga kirishini taqiqladi

Jahon 19:32 / 10.02.2025 4963

Ozarboyjon TIV matbuot kotibi Oyxon Hojizoda hukumat Rossiya Davlat dumasi deputati, sobiq bokschi Nikolay Valuyevning mamlakatga kirishini taqiqlaganini ma’lum qildi. Avvalroq parlamentariy Ozarboyjonning Bokudagi Rossiya uyini yopish niyatini tanqid qilgandi.

«Nikolay Valuyevning Ozarboyjon hamda uning xalqiga nisbatan haqoratli va tahdidga to‘la bayonotini mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Shu bois uning ismi Ozarboyjon Respublikasiga kirish taqiqlangan shaxslar ro‘yxatiga kiritildi», — deydi Hojizoda.

Idora matbuot kotibining aniqlik kiritishicha, Nikolay Valuyev «persona non grata» ro‘yxatiga kiritilgan birinchi rossiyalik deputat emas. Bundan oldin Konstantin Zatulin va Vitaliy Milonov ham shu kabi taqiqqa uchragan edi. «Mamlakatimizga qarshi chiqqan ushbu deputatlarning barchasi hukmron «Yagona Rossiya» partiyasi a’zolari ekanini afsus bilan qayd etish joiz», — deydi Oyxon Hojizoda.

Fevral boshida «Rossotrudnichestvo» federal agentligi Ozarboyjon hukumatidan xorijda rus madaniyatini targ‘ib qiluvchi Bokudagi Rossiya uyi (rus madaniyat markazi) faoliyati to‘xtatilgani haqida rasmiy bildirishnoma olgan. Mamlakat hukumatiga ko‘ra, 1997 yilda tashkil etilgan ushbu markaz yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan. Nikolay Valuyev esa o‘zining Telegram-kanalida Rossiyadagi Ozarboyjon diasporasiga «e’tiborli bo‘lish» kerakligi haqida yozgandi.

Ko‘proq yangiliklar: