Yaqinda Kun.uz tahririyatiga Sirdaryo viloyati, Yangiyer shahri, «Zahriddin Bobur» mahallasida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar murojaat qilishdi. Ular nafaqat mahalla, balki Yangiyer shahridagi juma va hayit kunlari 3-5 ming kishi to‘planadigan masjid aholi soni kam bo‘lgan boshqa joyga ko‘chirilayotganini ta'kidlashgan.
Tahririyat muxbirlar guruhi ayni masalani joyida o‘rganish maqsadida Yangiyer shahriga yo‘l oldi va dastavval murojaatda tilga olingan masjidga borib, murojaatchilar bilan uchrashdi. Oqsoqollarning aytishicha, bugungi kunda shaharda 2ta jome masjid bo‘lib, ularning eng yirigi ushbu masjiddir.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
«To‘g‘risini aytganda buzmakorlik bu. Men 1957 yil ko‘chib kelganman bu yerga. Xovosdayam, Yangiyerdayam masjid yo‘q edi. Hayit namoziga Gulistonga borib kelardik. Keyin Xovosda, so‘ngra Yangiyerda ham ochildi. Mana bir necha yillardan buyon o‘qib kelyapmiz. Ko‘pchilik chiqadi masjidga. Bomdodga Xovos masjididayam bo‘lsa 10-15 namozxon bo‘ladi. Bu yerda 100ga yaqin kishi chiqadi.
Masjidni ko‘chiramiz, buzamiz, deyishdan avval bu atrofdagi odamlar sonini ham hisobga olish kerakmi-yo‘qmi? Uyimizning ichidan qur demayapmiz. O‘zlari kelib o‘lchab berdi yoki ularning esi yo‘qmi? Biz o‘lchamadik-ku», - deydi oqsoqollardan biri.
Sunnatillo akaning aytishicha, bu masjidda ota-bobolari ibodat qilgan, o‘zlari ibodat qilmoqda va farzandlari ham ibodat qilishini xohlaydi.
Ma'lum bo‘lishicha, 2019 yil 25 fevralida Yangiyer shahar hokimi I.Xo‘jayev №75 sonli qarorini imzolagan va unga asosan Yangiyer shahar «Temir Malik» mahallasi Paxtakor ko‘chasidan masjid qurilishi uchun yer maydoni ajratilgan. Viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasidan vakillari kelib, yer maydoni o‘lchanib, chegaralari belgilanib ketilgan.
Yana bir oqsoqolga ko‘ra, «ayni mahallada jinoyatchilik shaharning boshqa hududlariga qaraganda ancha kam, chunki bu masjid yoshlarning yaxshi-yomonni tanishida tarbiya o‘chog‘i bo‘lib ulgurgan. Qolaversa, jinoyatchilikning kamligi masjidning barakasi bo‘lsa kerak. Bu masjidning jamiyatga foydasi bo‘lsa bor, aslo zarari yo‘q», - deydi otaxon.
So‘ngra, masjid uchun «Temir Malik» mahallasidan ajratilgan, keyinchalik yuqori bosimli gaz quvuri o‘tgan, degan vaj ila ruxsat berilmayotgan joyni ham borib ko‘rdik. «O‘ztransgaz» AJ G‘allaorol magistral gaz quvurlari boshqarmasi mutaxassislari hamda Bobur jome masjidi vakillari ishtirokida 2019 yil 27 iyun kuni dalolatnoma tuzilgan bo‘lib, unga ko‘ra, qurilishi rejalashtirilgan masjid chegarasi va 159 mm.li gaz quvuri oralig‘i eng yaqin qismida 120 metrni tashkil etadi.
Gaz quvuri o‘tgan ekan, uning xavfsiz hududi qancha, degan tabiiy savol paydo bo‘ladi. Viloyat bosh imom-xatibi Habibulloh Zokirov ham «O‘ztransgaz» AJ G‘allaorol magistral gaz quvurlari boshqarmasiga masjid qurilishi belgilangan hudud yaqinidan o‘tgan gaz quvuri qurilish ishlari olib borishga qanchalik xavfli ekanini so‘rab maktub yo‘llagan va unga 2019 yil 28 iyun kuni quyidagicha javob olgan. Unda, jumladan, shunday deyiladi:
«O‘zbekiston Respublikasi Davlat Arxitektura va Qurilish qo‘mitasi tomonidan 1997 yil 2 mayda tasdiqlangan “Qurilish me'yorlari va qoidalari” (QMQ 02.05.06.-97)ga asosan diametri 300 mm.gacha bo‘lgan magistral gaz quvurining muhofaza hududi MGQ (magistral gaz quvuri) o‘qidan har ikki tomonga 100 metr etib belgilangan ... ushbu qurilishi rejalashtirilayotgan jome masjidi diametri 159 mm bo‘lgan “Yangiyer” GTT (gaz taqsimlash tarmog‘i)ning himoya maydoniga tushmasligini bildiramiz», - deya qayd etilgan maktubda.
Shu o‘rinda ta'kidlash o‘rinliki, shahar hokimi I.Xo‘jayev nomiga ayni tashkilot tomonidan 2019 yil 24 yanvarda yuborilgan maktubda ham 100-300 mm.gacha diametrdagi magistral gaz quvuri himoya maydoni QMQ 2.05.97.ga asosan gaz quvuri o‘qidan har ikki tomonga 100 metr ekani ma'lum qilingan. Bu shahar hokimi 2019 yil 25 fevralda «Temir Malik» mahallasidan yangi masjid uchun yer ajratgan chog‘da, masjid gaz quvuri himoya maydoniga tushmasligini yaxshi bilganini anglatadi.
Xo‘sh, unda, muammo nimada? Nima uchun hokimlik o‘zining masjid qurilishi uchun yer ajratish to‘g‘risidagi qaroriga zid ish qilmoqda? Qolaversa, gaz quvuri o‘tganligi sabab qilib qo‘rsatilyapti. Bundan tashqari, masjid faqatgina yangi ajratilayotgan joyda qurilishi ta'kidlangan. Shu va boshqa savollar bilan tuman hokimi o‘rinbosari Abdushohid Abduqodirov bilan uchrashdik.
![](https://storage.kun.uz/source/4/QO8BeEbZHpJIL2BayxpSSfMSjuY1eGvv.jpg)
- Nima uchun masjid qurish uchun Temir Malik mahallasidan yer ajratish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi?
«Shahar hokimining 25 fevraldagi 75-sonli qarori bilan T.Malik mahallasi Paxtakor ko‘chasida yer ajratildi. Ammo, viloyat loyihachilari tomonidan tanlangan joy o‘rganilganida, yuqori bosimli gaz tarmog‘iga va gaz taqsimlash stansiyasiga yaqinligi, avtomobillar turargohi uchun joy yo‘qligi, masjid binosi asosiy ko‘chaga nisbatan burchak shaklda tushishi aniqlandi», - dedi hokim o‘rinbosari.
Ajablanarlisi shundaki, bundan avval, 2015 yil prezident Karimov tomonidan tasdiqlangan bosh rejada qayd etilganidek, Yangiyer shahar hokimining 2018 yil 28 maydagi 700-sonli qarori bilan “Ma'rifat” mahallasi hududidan 1,1 ga yer maydoni ajratilgan. Smeta-loyiha xujjatlari tayyorlanib bo‘lganda, bu yerda ham masjid qurilmaydigan bo‘lgan. Nega deganda, tanlangan joy kasb-hunar kollejiga juda yaqin bo‘lgani bois, respublika darajasidagi mulozimlardan biri tomonidan bu joyda masjid qurilishiga e'tiroz bildirilgan.
Shundan so‘ng, masjidni Temir Malik mahallasida qurishga qaror qilishgan. Biroq yuqorida ta'kidlanganidek, u joy ham masjidga nomunosib topildi.
Yangi masjid uchun uchinchi marta joy ajratish to‘g‘risidagi shahar hokimining1043-sonli qarori 2019 yil 18 iyun kuni qabul qilingan. Ta'kidlanishicha, yangi tanlangan joyga Yangiyer shahar hokimining 2018 yil 28 maydagi 700-sonli qarori bilan ajratilgan joy uchun tayyorlangan barcha arxitektura-qurilish loyihalari asosida qurilish ishlarini olib borish mumkin, loyihaga o‘zgartirish kiritish uchun zaruriyat yo‘q, ya'ni qo‘shimcha xarajat qilinmaydi.
Biroq, bu masalada yana bir e'tirozli tomoni, yangi ajratilgan joydan 1,5 km masofada mol bozori borligidir. Bu ham fuqarolar orasida tushunmovchilik paydo qilmoqda. Balki mol bozorni shaharning chetroq hududiga ko‘chirish barcha uchun birdek ma'qul chora bo‘lar, chunki yangi masjid shaharning bosh rejasiga asosan, keyinchalik, shahar markaziga aylanadi.
Shu bilan birga, alohida qayd etishni istar edik, yangi hududda shahar kanalizatsiya tarmog‘iga ulash ham muammo tug‘dirmaydi. Endi gap, bu safargi qarorning ijrosini poyoniga yetkazishda qolmoqda, va ishonamizki, Yangiyer shahrining yangi jome masjidi ochilishini Kun.uz tez vaqtlar ichida xabar qiladi.
Endi sarlavhaning ikkinchi qismidagi savolga javob bersak. Bizga ma'lum qilishlaricha, vaqti kelib «Muhammad Bobur» jome masjidi buzilmaydi, aksincha namozxonlar uchun barcha qulayliklar barpo qilingan holda qayta quriladi. Bu ham rejada mavjud.
Ma'lumot o‘rnida, Yangiyer shahar «Muhammad Bobur» masjidining binosi 1965 yilda uy-joy uchun qurilgan bo‘lib, 1998 yilda Sulaymon qassob degan kishi 2ta uyni masjidga deb vaqf qilgan, keyinchalik tevarak-atrofdagi yana 2ta uy sotib olinib, masjidga moslashtirilib, hududi kengaytirilgan. Bino bir qavatdan iborat va 1200 namozxonga mo‘ljallangan. Aholi vakillari uni qayta qurish uchun bir necha marotaba murojaat qilganiga qaramay, mutasaddilar tomonidan rad etilgan. Sababi sifatida ushbu binoning jismoniy eskirganligi va ta'mirtalab bo‘lib qolganligi, shuningdek aholi yashash joylari orasida ekani, avtomobillar turargohi yo‘qligi, yong‘in va jamoat xavfsizligi talablariga umuman javob bermasligi aytiladi.