Kun.uz saytiga shu yil 30 iyunda e'lon qilingan “G‘ijduvonlik tadbirkor muammosi ortidan DSI mansabdorlariga jinoyat ishi ochildi. Soliq qarzi nizosi Oliy sudda ko‘riladi” sarlavhali maqola O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, da'vogar – G‘ijduvon tuman Davlat soliq inspeksiyasi G‘ijduvon tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza bilan murojaat qilib, javobgar – “Jamshid trans yo’l” mas'uliyati cheklangan jamiyatidan 793 424 800 so‘m soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni undirishni so‘ragan.
Da'vogar – G‘ijduvon tuman Davlat soliq inspeksiyasining ushbu da'vo arizasi bo‘yicha 4-2003-1901/22-sonli iqtisodiy ish qo‘zg‘atilib, sudning 2019 yil 8 fevraldagi hal qiluv qarori bilan da'vogarning da'vo talabi qisman qanoatlantirilib, javobgar – “Jamshid trans yo’l” MChJdan Respublika budjetiga 26 880 100 so‘m daromad solig‘i undirilgan hamda da'vo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Mazkur ish bo‘yicha da'vogar – G‘ijduvon tuman Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan Buxoro viloyat iqtisodiy sudiga apellyatsiya shikoyati berilgan va apellyatsiya instansiyasining 2019 yil 23 martdagi qarori bilan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Ayni paytda da'vogar – G‘ijduvon tuman Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan Oliy sudga nazorat tartibida ko‘rib chiqish uchun shikoyat berilgan.
Joriy yil 3 iyul kuni Oliy sud Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atining bo‘lib o‘tgan sud majlisida prokurorning iltimosnomasiga ko‘ra, sud buxgalteriya ekspertizasi tayinlangan.
Shu bois ekspertiza yakunlanguniga qadar ish yuritishdan to‘xtatilgan.
Oliy sud Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atining qarori va boshqa tafsilotlar yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot beriladi.
Oliy sud Matbuot xizmati