Termizga molbozor kerakmi yo‘qmi? - «Guliston» mahallasi ahli o‘z arziga mas'ullar quloq solishini istashadi

Jamiyat 20:20 / 04.07.2019 17761

Termiz tumani «Guliston» mahallasi hududida joylashgan, «Barakat» (oziq-ovqat) dehqon bozori» MChJga qarashli mol bozori uchun Surxondaryo daryosining o‘ng sohilida 3 gektar joy ajratilgan. Kun.uz’ga murojaat qilgan fuqarolar ushbu bozor buzilishidan xavotirlarini bildirishdi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Mazkur maydonning 1 gektarida mol bozori barpo etilgan, qolgan ikki gektari bodomzor bog‘ qilingan, mevali daraxtlar orasidagi maydon mahalliy fuqarolarga sabzavot va poliz ekinlari ekish va dehqonchilik qilish uchun ijaraga ajratib berilgan. Mazkur molbozorning 51 foizlik ulushi Termiz tuman hokimligiga tegishli, 49 foizi esa fuqaro U.Panjiyev ixtiyorida.

Surxon xalqi — go‘shtxo‘r xalq. To‘ylarni-ku qo‘ya turing, xonadondagi oddiy tantana va ma'rakalarga ham jonliq so‘yishadi. Uch yil muqaddam mahalliy aholi tomonidan tashlandiq joy obod qilinib, hashar yo‘li bilan tiklangan mazkur bozor Termiz tumani va Termiz shahri aholisi uchun xizmat ko‘rsatib kelayotgan edi. Qolaversa, shu bozor atrofidagi «Guliston» mahallasida istiqomat qilib kelayotgan aholi bozorda savdo qilib, ro‘zg‘or tebratib turishgan edi.

Haftada bir marta — yakshanba kuni bo‘ladigan bozorda mahalliy aholi ham bir haftaga yetgulik daromad qilib qolar, bu yumush ularning haftalik daromadiga aylanib ulgurgan. Qo‘shimcha yerlarda barpo etilgan, bog‘dagi daraxtlar hamda boshqa ekinlarni sug‘orish uchun quduq qazishgan va suv chiqarishgan.

Aholining xavotiri shundaki, endilikda ushbu bozor buzilib, u hozirgi joyidan qariyb 16 km uzoqlikdagi, qum barxanlari o‘rtasiga ko‘chiriladi. Bundan mahalliy aholi va moljalloblar keskin norozi. Ular bozor o‘z o‘rnida qoldirilishini istashmoqda.

Mol bozorining shakllanishi va odamlarning o‘rgatish uchun ko‘p yillar mehnat qilgan oqsoqollardan biri Abduxayr Jumanazarov shunday deydi:

«Mol bozori ko‘p yillardan beri Termizda muammo bo‘lib kelayotgan edi. Ko‘chalarda savdo qilgan paytlarimiz bo‘ldi. Uch yil burun shu bozor qurilib, hammasi tinchib, iziga tushib, hamma o‘rgangan bir paytda bu yer ham buziladi, deyishyapti».

«Guliston» mahallasi fuqarosi Ahad Hamrayev shunday dedi:

«Bir yerni molbozor qilib, obod qilib oldik, orom topdik deganimizda yana shu ahvol. Qayerni obod qilsak o‘sha yerdan quvg‘in qilishyapti. Hammasiga nuqta, molbozor mana shu yerda qoladi, deb o‘zlari va'da qilishgan edi kattalar. 2016 yilda shu joyni qaror bilan olgan edik. Endi nima uchun yana ketishimiz kerak? Yana xalqqa zarar, xalq sargardon bo‘ladi.

Daryo yoqasidan turarjoylar qurishar ekan. Suv qirq yilda bo‘lsa ham o‘z o‘zanini topadi, deyishadi. Bu joy shaharning bir cheti, turar joy emas, mol bozor uchun qulay edi. Bizning dardimizni so‘raydigan odamning o‘zi yo‘q bu yerda. Kimga aytaylik?»

Bizga ma'lum qilishlaricha, Termiz shahrining yangi bosh rejasiga ko‘ra, bozor o‘rnida kam ta'minlangan oilalar uchun arzon namunaviy uylar qurilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu va shahardagi boshqa qurilishlarning loyiha takliflari tayyorlanib, o‘sha kuni bosh vazir Abdulla Aripov va Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynulobiddin Nizomiddinovga taqdim etilgan. Loyiha respublika rahbarlari tomonidan ma'qullangan-ma'qullanmaganidan hozircha bexabaramiz. Chunki mutasaddilar ushbu loyiha shunchaki bir taklifligi, u tasdiqlansagina bozor buzilishini bildirib o‘tishdi.

Biroq uy-joylar qurish uchun olinayotgan bozor o‘rni Surxondaryo daryosining muhofaza zonasida joylashgan. Ya'ni bozorning kirish qismidan daryo o‘zanigacha masofa 300 metrga ham yetmaydi. Binobarin, bu yerda bunday turarjoylar barpo etish xavotirli va me'yoriy hujjatlarga ham mos kelmaydi. Bu haqda favqulodda holatlar boshqarmasining tegishli xati ham bor.

Boz ustiga, Termiz tuman hududida joylashgan bozor o‘rnida Termiz shahri mutasaddilari qurilish ishlari olib borishmoqchi bo‘layotgani ham savollarni yuzaga chiqaradi. Mazkur hudud tumandan olinib, shahar tarkibiga kiritildimi? Qachon, qaysi hujjat asosida?

Biz bu masalaga izoh olish uchun bozor yaqinidagi hududda namunaviy uylar qurilishini olib borayotgan Termiz shahar hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Rahmonqulovga yuzlanganimizda u mikrofonni ko‘rsatishimiz bilan intervyu bermasligini, hammasini shahar hokimi bilishini aytdi.

«Barakat» mol bozori esa o‘tgan uch yil ichida qariyb 400 million savdo qilgan va bu pullardan soliq to‘lagan.

Biz mol bozor uchun qum barxanlari o‘rtasidan ajratilayotgan joyni ham borib ko‘rdik. U yer birinchidan uzoq, hech qanday sharoit yo‘q. Bozor maydoni cho‘l qumiga ko‘milgan, atrofda saksovullar o‘sib yotibdi. Uzoqligidan, molfurushlar bu yerga imkon topib kelganida ham xaridorlar kelishi qiyin. Chunki o‘ta o‘ng‘aysiz joyda joylashgan. Bunaqada bozor bo‘ladimi?

Vaziyat juda chigal. Termiz shahar va tuman hokimliklarini ham tushunish mumkin. Ular kam ta'minlangan oilalarga arzon uy-joylar qurish borasida hukumat topshirig‘ini bajarishga kirishishgan. Lekin buning uchun ular faoliyat ko‘rsatayotgan savdo majmuasi o‘rnini tanlashgan. Shu bozorda kun ko‘ruvchi aholi bu ishlardan qattiq norozi bo‘lmoqda. Avvalo bozorsiz qolishlari, oqibatda ro‘zg‘or uchun har yakshanba to‘rt-besh so‘m ishlashdan mosuvo bo‘lishlari ularni tashvishlantirayotgan bo‘lsa, shuningdek, bu maydon mavjud talablarga ko‘ra uy qurish uchun yaroqsizligi, kelgusida Surxondaryo toshsa, uylarga ziyon yetkazishi mumkinligini pesh qilishmoqda.

Biz termizlik mutasaddilardan mazkur muammoni qay tarzda hal etmoqchi bo‘layotganliklari borasida izoh kutib qolamiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: