Qashqadaryo  viloyati 500 ming tonnadan ortiq g‘alla xirmonini ko‘tarib, rejani ortig‘i bilan bajardi

Jamiyat 18:03 / 04.07.2019 7350

Viloyat tumanlarida 2019 yil hosili uchun jami 204 800 gektar, shu jumladan, suvli maydonlarga 141 800 gektar hamda 63 000 gektar lalmi maydonlarga kuzgi boshoqli don ekinlarini ekilib, 2019 yil hosili uchun g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumini qisqa muddatlarda o‘tkazish, g‘alla hosilini sifatli yig‘ishtirib olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqda KUN.UZ’ga viloyat hokimligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 26 apreldagi 357-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida, shuningdek, joylardagi holatdan kelib chiqib, 470 ta “G‘alla o‘rish otryad”i shakllantirildi, otryad tarkibiga otryad rahbari, ichki ishlar xodimlari, yer tuzuvchi, statistika xodimlari, mexanik, hisobchilardan iborat 3760 nafar mas'ul nomma-nom biriktirildi.

Shuningdek, otryadlarning har biriga bittadan ko‘chma ustaxona, yoqilg‘i tashish vositalari, don tashish uchun 2847 dona don tashish texnikasi, shundan 2054 dona yuk avtomobili biriktirildi.

G‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumida hisob-kitoblarni yuritish bo‘yicha viloyat va barcha tumanlarda “G‘alla o‘rim-yig‘imi hisob-kitob markazlari” tashkil etilgan, ushbu markazlarga o‘rtacha 7 nafardan malakali, hisob-kitob bo‘yicha tajribasi bor mutaxassis jalb qilinib, ularning kechayu-kunduz ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratib berildi.

G‘alla o‘rimi mavsumi oldidan jami 400 dona, shundan 168 dona “Keys” va “Nyu-xolland”, 190 dona “Klaas” va 42 dona “Vektor” kombaynlar to‘liq ta'mirlanib, mavsumga tayyorlandi. Grafik asosida kombaynlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazib, sinab ko‘rish maqsadida yurgizib (ishlatib) ko‘rildi. Hukumatimiz yordami bilan 2019 yilda ham g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi uchun yangidan 70 dona g‘alla o‘rish kombayni sotib olindi. 

Joriy yilda boshoqli don sotish bo‘yicha 3585 ta fermer xo‘jaligi bilan jami 408,8 ming tonna shundan 365,2 ming tonna tovar don va 43,6 tonna urug‘lik don sotish rejalashtirildi.

Ekilgan muddatlari va g‘alla hosilining pishib yetilishidan kelib chiqib, o‘rim-yig‘im ishlari 2 iyun kunidan boshlandi. Ommaviy ravishda 10 iyundan g‘alla o‘rim-yig‘imiga kirishildi.

Mavsum davomida kombaynlarning ish unumi o‘rtacha bir kombaynga 7-9 gektardan, yanchilgan don esa 50-60 tonnadan to‘g‘ri keldi.

Viloyatdagi 3585 nafar fermer xo‘jaligining jami 204 800 gektar, shundan 141 800 gektar suvli va 63 000 gektar lalmi maydonlarda yetishtirilgan g‘alla hosili o‘rilib, shundan davlatga 500 ming tonna g‘alla sotildi. 

Bugungi kungacha Koson, Mirishkor, Nishon, Qarshi, Kasbi, G‘uzor va Muborak tumanlari davlatga g‘alla topshirish rejalarini bajarib, yuqori ko‘rsatkichga erishdi.

 Ayni paytda g‘alla dalalarida o‘rim ishlari davom etmoqda.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: