Noyob jarayonni translatsiya orqali Yer yuzidagi istalgan kishi tomosha qila oladi.
2 iyuldan 3 iyulga o‘tar kechasi Chili va Argentinada istiqomat qiluvchilar noyob hodisa — to‘liq quyosh tutilishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari mumkin. Qolganlar esa Amerikaning «Eksploratorium» muzeyi tashkillashtirgan translatsiya orqali jarayonni kuzatish imkoniga ega.
Yer va Quyosh orasiga Oy to‘g‘ri kelib qolsa, Quyosh tutilishi ro‘y beradi. Yerning tabiiy yo‘ldoshi Quyoshdan keluvchi barcha nurlarni yopgan holatida to‘liq tutilish kuzatiladi va Yerning ayrim qismlariga to‘liq soya tushadi.
Janubiy Amerika aholisi bugungi Quyosh tutilishiga qisman guvoh bo‘lishadi. Lekin Chili va Argentinaning ba'zi qismlari, shuningdek Tinch okeanining kichik hududlarida Oy Quyoshni to‘liq yopib qo‘yadi.
4 yarim daqiqa davom etuvchi tutilishning jonli efiri Toshkent vaqti bilan tungi soat 01:00da boshlanadi. Hodisani muzey saytida, shuningdek iOS va Android uchun mo‘ljallangan bepul ilovalar orqali kuzatish mumkin.