Kuni kecha Kun.uz internet nashri orqali «Onkologiya markazida bir kun: asabbuzar navbatlarga qachon chek qo‘yiladi?» sarlavhali tanqidiy maqolada Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi darvozasi oldida har kuni erta tongdan yig‘iladigan uzundan-uzoq navbatlar, bemorlar va ularning yaqinlari uchun kutish zallari va boshqa qulayliklarning mavjud emasligi, ro‘yxatga olishdagi kamchiliklar hamda shifokorlar ko‘riklarining tizimli ravishda yo‘ga qo‘yilmagani bemorlar tomonidan bayon etilgan edi. Ushbu material yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi markazda o‘rganish ishlarini olib bordi va holat bo‘yicha ma'lumot berdi.
«Ma'lumki, bugungi kunda dunyo bo‘ylab onkologik kasalliklar o‘zining dolzarbliligi sabab o‘ta jiddiy tibbiy-ijtimoiy muammolardan biri hisoblanadi. Har yili jahonda 15 millionga yaqin kishi ushbu kasallik bilan ro‘yxatga olinadi. Ayni paytda mamlakatimizda ham qariyb 96 ming kishi ushbu kasallikdan aziyat chekadi. Shu sabab yurtimizda mazkur yo‘nalishdagi muammolarni bartaraf etish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan tegishli qaror qabul qilinib, bu yo‘nalishda alohida ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi va uning hududlardagi 15ta filiali tashkil etildi.
Endi aynan Kun.uz internet nashri ko‘targan masala xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, unda qayd etilgan kamchiliklar qisqa kunlarda to‘liq bartaraf etiladi. Chunki bundan bir yil avval ushbu tibbiyot markazida zamonaviy va innovatsion poliklinika qurilishi uchun Investitsiya dasturiga ko‘ra, Davlat budjetidan 19 milliard so‘mlik mablag‘ ajratilgan edi. O‘tgan qisqa davr ichida 3 qavatli yangi bino rekonstruksiyadan chiqarilib, uning old qismiga 2 qavatli holl qurildi. Yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi kutilayotgan mazkur zamonaviy inshoot 300 qatnovga mo‘ljallangan bo‘lib, unda maslahat poliklinikasi, rentgen, ultratovush va endoskopik diagnostika, klinik laboratoriya hamda saraton profilaktikasi markazi va boshqa bo‘limlarni o‘z ichiga oladi.
Yangi maslahat poliklinikasi endilikda ertalab soat 8:00dan kech soat 20:00gacha uzluksiz faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, bu yerda barcha qulayliklarga ega bo‘lgan 180 o‘rinli kutish zallari bemor va uning yaqinlari uchun xizmat qiladi. Qolaversa, ro‘yxatga olish ishlarini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish maqsadida zamonaviy talablarga to‘la javob beruvchi 6ta monitor hamda bepul foydalanish uchun Wi-Fi tarmog‘i ham joriy qilinadi.
Ayni paytda markaz maslahat poliklinika binosida bemor va ularning qarindoshlari uchun kutish hamda hordiq chiqarish maqsadida barcha sharoitlar yaratildi. Jumladan, bemorlar uchun o‘zbek va rus tillarida ma'lumotlar elektron tablolar yordamida amalga oshirilishi belgilangan. Tibbiy xizmat ko‘rsatish turlarining ro‘yxati, uning tartibi to‘g‘risidagi ma'lumotlar, markazga tashrif buyurganlar uchun yo‘naltiruvchi axborot lavhalari, shuningdek, bepul xizmat ko‘rsatish bo‘yicha (order olish tartibi) ma'lumotlar peshlavhalarda joylashtirildi.
Endilikda bu yerda ultratovush orqali tekshiruv jarayoni bevosita poliklinikada faoliyat yuritadigan mutaxassislarning o‘z xonalarida amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bu esa bemorlarning ortiqcha navbat kutib qolishi kabi turli muammolarning oldini olishga xizmat qiladi. Yana bir qulaylik mavjud. Maslahat poliklinikasida bemorlar va ularning yaqinlari uchun binoning birinchi hamda ikkinchi qavatlari hamda holl qismida elektron navbatni kuzatib borish monitorlari o‘rnatildi.
Bundan tashqari, bemorlarga yengilliklar yaratish maqsadida markazning yangi www.cancercenter.uz veb-sayti ishga tushirilgan bo‘lib, u orqali markaz rahbariyati, maslahat poliklinikasi, mavjud shifokorlar, ularning ixtisosligi, telefoni, manzili, diagnostika va davolash bo‘limlari to‘g‘risidagi to‘liq va batafsil ma'lumot olish imkoniyatiga ega bo‘linadi. Maslahat poliklinikasida elektron ro‘yxatga olish tizimi joriy etilgani sabab fuqarolar mazkur sayt orqali «shifokor qabuliga onlayn yozilish» funksiyasi yordamida elektron ro‘yxatga yozilishlari ham mumkin.
Alohida ta'kidlash lozimki, markazning yangi binosi 3-qavatida Saraton profilaktikasi markazi joriy etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni paytda ushbu markaz ham kanser-registr tizimi, skrining tadqiqotlari, to‘laqonli statistik ma'lumotlar bazasini yaratish uchun zarur uskuna, kompyuter texnikasi va lokal hamda umumiy tarmoq bilan ta'minlangan.
Shuningdek, mazkur yangi bino foydalanishga topshirilgunga qadar navbat kutish holatlarini kamaytirish va bartaraf etish maqsadida qo‘shimcha ro‘yxatga olish tizimi uchun mutaxassis xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.