Hadis ilmi maktabiga hujjatlar qabul qilish davom etmoqda

Jamiyat 21:51 / 01.07.2019 11643

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi PF- 5416-son Farmoniga asosan islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solingan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni o‘rganish, tadqiq qilish orqali xalqimiz va keng jamoatchilikka yetkazish va targ‘ib qilish, xususan hadis va unga doir ilmlarni chuqur o‘zlashtirgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Hadis ilmi maktabi tashkil etilgan edi.

Hadis ilmi maktabida o‘qish muddati 5 yil bo‘lib, “Hadis ilmlari, diniy fanlar mutaxassisi va arab tili o‘qituvchisi” mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlaydi.

Maktabda mataxassislik fanlarini o‘qitish ustoz-shogird an'anasi asosida mazkur fan bo‘yicha ruxsati (ijozasi) mavjud Respublikamiz va xorijlik malakali pedagog o‘qituvchilar tomonidan amalga oshiriladi.

Hadis ilmi maktabiga 2019-2020 o‘quv yili uchun abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish 2019 yil 5 iyul kuniga qadar davom etadi.

Hadis ilmi maktabiga abituriyentlar quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

– qabul hay'ati raisi nomiga ariza;

– o‘rta maxsus islom ta'lim muassasasini bitirganligi haqida hujjat (diplom) asl nusxasi;

– pasport nusxasi (asl nusxasi ko‘rsatiladi);

– 6 dona rangli fotosurat (3,5 x 4,5 hajmdagi);

– yashash joyidagi masjid imom-xatibidan tavsiyanoma (joriy yilda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilar ta'lim muassasasi rahbaridan tavsiyanoma oladi).

Hadis ilmi maktabiga abituriyentlarni qabul qilishda kirish imtihonlari quyidagi fanlardan bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan:

1. Hadis va Mustalahul hadis (ijodiy imtihon) – 3,1 ball;

2. Arab tili (ijodiy imtihon) – 2,1 ball;

3. O‘zbekiston tarixi (test sinovi) – 1,1 ball;

Hadis ilmi maktabi binosi Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi yonida barpo etilgan bo‘lib, oliy dargohda umumta'lim, xorijiy va mutaxassislik fanlarini chuqur o‘rganish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, islom ilmi rivojida o‘z o‘rniga ega buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lishi uchun maktabda talabalarga zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan o‘quv auditoriyalari, kutubxona, yopiq sport zali va suv havzasi, yotoqxona va shinam oshxona mavjud.

Manzil: Samarqand viloyati, Payariq tumani, Xo‘ja Ismoil shaharchasi, Imom Buxoriy majmuasi.

Telefon/faks: (+99866) 240-20-51, (+99866) 240-20-52

Ko‘proq yangiliklar: