Xorijiy investitsiyalar real hajmi boshqacha hisoblanadi - Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Iqtisodiyot 01:48 / 30.06.2019 8301

Yaqinda ommaviy axborot vositalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi pasaygani haqida bir qator xabar va maqolalar e'lon qilindi. Bunga asos sifatida Markaziy bankning hisoboti keltirilgan.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati vaziyatga oydinlik kiritishni istab, Kun.uz’ga ushbu masala bo‘yicha batafsil sharh taqdim etdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan joriy yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra sof to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi hajmi xususida hisobot taqdim etdi va unga ko‘ra, birinchi chorakda sof investitsiyalar oqimi 198 million AQSh dollariga qisqargan, bu esa o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan ikki barobar kamayganini anglatadi.

Qayd etish lozimki, jahon amaliyotida maqsad va vazifalardan kelib chiqib mamlakatga kiritilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni hisoblashning turlicha uslublaridan foydalaniladi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining e'lon qilingan hisoboti Xalqaro valuta jamg‘armasi uslubi asosida tuzilgan bo‘lib, faqatgina mamlakatning to‘lov balansini tuzish uchun foydalaniladi, ya'ni pul mablag‘larining mamlakatdan mamlakatga to‘lov sifatida harakatini xarakterlaydi.

Bu holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi ko‘rsatkichi ma'lum bir davr mobaynida xorijiy investitsiyalar oqimi summasi va shu investitsiyalar bo‘yicha o‘sha davr mobaynida repatriatsiyalar (kapitallarning investor mamlakatiga qaytarilishi) hajmi nisbati, ya'ni pul oqimlarining kirib kelishi va ketishi o‘rtasidagi saldo bilan ifodalanadi. Bir vaqtning o‘zida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi asosi sifatida xo‘jalik yurituvchi sub'yektning asosan pul tushumlari hisobiga ustav jamg‘armasining kengayishi qabul qilinadi.

Biroq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini hisoblashning ko‘rsatib o‘tilgan uslubi ma'lum bir davr mobaynida jalb qilingan va o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi bo‘yicha to‘liq manzarani ochib bera olmaydi. Shu sababli Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Statistika bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori bilan har yili tasdiqlanadigan Investitsiya dasturi doirasida ma'lum bir muddat mobaynida asosiy kapitalga jalb qilingan va o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning hisob kitobini olib boradi. Bunda xo‘jalik yurituvchi sub'yektning ustav jamg‘armasi mablag‘ jihatidan oshirilishi emas, shuningdek, tovar ko‘rinishidagi investitsiyalar va nomoddiy aktivlar, texnologiyalar, litsenziyalar va h.k.larni berish ham hisobga olinadi.

Shunday qilib, 2019 yilning birinchi choragida statistik hisobotlar bilan tasdiqlangan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishining faktik hajmi 783,3 million AQSh dollari yoki yil prognoziga nisbatan 11 foizni tashkil etgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan (325,8 mln dollar) to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning o‘zlashtirilishi hajmi o‘sishi 457,5 million AQSh dollari yoki 2,4 martani tashkil etgan.

2019 yilning 5 oyi mobaynida o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 milliard dollarni yoki yil prognoziga ko‘ra 40 foizni tashkil etgan, 2019 yilning dastlabki yarim yilligida esa mazkur ko‘rsatkich 3,7 milliard dollar yoki yil pronoziga nisbatan 52 foizni tashkil etishi kutilmoqda. 2018 yilning shu davriga nisbatan o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof o‘sishi 3,06 milliard dollarlik ko‘rsatkichdan o‘tadi yoki o‘sish 5,9 martani tashkil etadi.

Shunisi ahamiyatliki, so‘nggi yillarda investitsion faollikning o‘sishi an'anaviy tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun jozibador bo‘lmagan sohalar, xususan, neft va gaz kabi sohalarda kuzatilmoqda.

Masalan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi oshishi metallurgiya (2018 yilga nisbatan 2,4 marta), tekstil (2,7 marta), oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish (3,1 marta) va farmatsevtika (6,3 marta) sohalarida kuzatilmoqda.

Hududiy bo‘ysunuvdagi loyihalarga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi oshayotganini ham qayd etmoq joiz. Viloyatlarda 2018 yilning ko‘rsatkichlariga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 4 barobarga oshgan», — deyiladi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotnomasida.

Ko‘proq yangiliklar: