29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Savdo sanoat palatasi raisi Adham Ikromov ishtirokida mutasaddi tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar va OAV vakillari bilan «Xalqaro savdo va soliq islohotlari» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatining o‘ziga xos jihati ochiq muloqot shaklda o‘tkazilgani va unda birinchi navbatda tadbirkorlar tinglangani bo‘ldi. Ko‘p yillik an'analardan farqli ravishda tadbirkorlar avval o‘rgatilgan gaplarni emas, aynan o‘zlarini qiynayotgan muammolarni oshkora aytib, ularning yechimlarini ham ko‘rsatib berishdi.
Misol uchun, gulqog‘oz kleylari ishlab chiqarish sohasida bizda yetakchi bo‘lgan va o‘z sifatli mahsulotlari orqali bu mahsulotning chetdan kirishi keskin kamayishiga erishgan tadbirkor Abbos Barnoyev O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan xomashyolar uchun bojxona to‘lovlarini kamaytirish yoki butunlay olib tashlash zarurligini bildirdi. Shuningdek, Xitoydan O‘zbekiston chegaralariga mahsulot keltirguncha temiryo‘l uchun 6 ming AQSh dollari to‘lashini, O‘zbekiston ichida, qisqa masofaga 2 ming AQSh dollari to‘lashi zarurligi, ya'ni bu xizmat ancha qimmatligini ta'kidladi.
Qo‘lqoplar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona rahbari Rustam Axmetov xorijdan kirayotgan importda istalgan narx ko‘rsatilishi ortidan to‘lanadigan QQS ham kam bo‘lishi, bizda ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxi aniqligi uchun unga qo‘shilgan QQS ortidan mahsulot qimmatlashib ketayotgani, shu sababli 150 ish o‘rnini hozirgi kunda 70taga tushirishga majbur bo‘lganini bildirdi.
Takliflar turli-tuman edi. Lekin ularda bir qator umumiyliklar bor – o‘zimizda bo‘lmagan xomashyoni olib kirishda yengilliklar, tayyor mahsulot uchun bojni asta-sekin oshirib borish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab quvvatlash zarurligi.
Anjumandagi fikr mulohazalar, o‘ziga xos xulosalar bilan o‘rtoqlashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqovni alohida suhbatga tortdik.
– Sardor O‘ktamovich, bu yerda faqat bir necha o‘n tadbirkorni ko‘rdik. Ammo O‘zbekistonda o‘n minglab tadbirkorlar faoliyat yuritadi, ularning ham fikrlari inobatga olinadimi?
– Albatta. Bu davra suhbati qator ishlarning bir qismi xolos. Islohotlar bo‘yicha har qanday sog‘lom fikrlarni eshitishga tayyormiz, eshiklarimiz ochiq. Bundan tashqari, maxsus raqamlar, telegram kanallar ham tashkil qilganmiz. Tadbirkorlarimiz muntazam murojaat qilishmoqda.
— Xulosa qilib aytganda, bugungi tadbirdan keyin nimalarga e'tibor berishni lozim deb o‘ylaysiz?
– Bugungi tadbirkor kechagi tadbirkor emas. U juda faol, rivojlanishni istaydi. Ko‘pchilik tadbirkorlarimiz qandaydir yengilliklar so‘raydi, imtiyozlar, preferensiyalar taklif qilishadi. Ammo bu yo‘l noto‘g‘riligi isbotini topib bo‘ldi. Imkoniyat hamma uchun teng bo‘lishi lozim. Endi bozorimizni ochish masalasiga kelsak, bu borada juda ehtiyotkor bo‘lish shart. Men shaxsan o‘zim ochiqlik tarafdoriman. Lekin biz bugun bunga tayyormizmi? Tasavvur qilaylik, hamma uchun bozorlarimizni ochdik va boshqalar ham bizga nisbatan shunday qilishdi. Qanday holat yuz beradi, raqobat bizni qay holga tushiradi? Albatta, dastlab hammasi yaxshiday tuyiladi, chetdan mahsulotlar kirib keladi, ular sifatliroq va hatto arzonroq bo‘ladi. Ammo uni xarid qilish uchun pul kerak, pul esa ishlab topiladi, ishlash uchun ish o‘rinlari kerak. Bular hammasi bir-biriga bog‘liq.
– Ya'ni sun'iy to‘siqlarning o‘z o‘rni bor?
– Ayni paytda shunday. Biz ko‘p sohalarda ishlab chiqarishimizni rivojlantirib olishimiz uchun shunday harakatlar kerak. Bu qarashlar uchun ijtimoiy tarmoqlarda bizni tanqid qiladiganlar juda ko‘p, buni kuzatib boramiz. Albatta hamma o‘z fikrini bildirish huquqiga ega. Ammo O‘zbekistonda har yili 1 mln atrofida yangi ishchi kuchi paydo bo‘lyapti. Biz iste'mol bo‘yicha hozir MDHda uchinchi davlatmiz, hisob-kitoblarga ko‘ra yaqin o‘n yillikda Rossiyadan keyin ikkinchi bo‘lamiz. Shunday yirik bozorni xomashyo darajasiga tushirib qo‘yish, o‘z ishlab chiqarishimizni rivojlantirmaslik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Albatta, har qanday imtiyozlar, qo‘llab-quvvatlashlar vaqtincha xarakterga ega va sohalar ma'lum darajada rivojlanib olishi bilan ular qayta ko‘rib chiqilaveradi.
– Avtosanoat buning aksini ko‘rsatmadimi?
– Avtosanoat, to‘g‘rirog‘i Asakadagi zavod o‘ziga xos masala va bu bo‘yicha prezidentimiz aytganlari to‘g‘ri. Biz bu zavodni qo‘llab-quvvatlashda o‘xshatish bo‘lsa-da «A» deganmiz, lekin «B»ga o‘tmaganmiz. Ya'ni uning uchun barcha imtiyozlarni yaratganmiz, ishlab chiqarishni, to‘g‘rirog‘i yig‘ishni yo‘lga qo‘yganmiz, 5-10 ming ishchi o‘rni yaratganmiz. Ammo qani, 50-100 ming ish o‘rinlari? Lokalizatsiyaga e'tibor bermaganmiz, ehtiyot qismlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar ochmaganmiz. Endi bugun mana shunday vaziyat yuzaga keldi. Endi bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymay, aql bilan ish tutishimiz lozim.