«Hujjatlarim shiftgacha uyulib ketdi». Kasbilik tadbirkor ayol bir yildan buyon bog‘cha ocholmay halak

Jamiyat 15:50 / 30.06.2019 11265

Tadbirkor bo‘lib, bir ishning boshini tutib, to‘rt-besh kishini ishli qilish – bugungi kundagi eng dolzarb masala hisoblanadi. Shu boisdan ham davlat rahbari tadbirkorlikni yanada rivojlantirish va bu orqali mamlakat iqtisodini kuchaytirish, aholi farovonligini oshirishga yuqori darajada e'tibor qaratmoqda. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, tadbirkorlik oson ish emas. Chunki ayrim hollarda tadbirkor ortiqcha to‘siqlarga duch keladi, uning rejalari amalga oshishi u yoki bu sabablarga ko‘ra cho‘zilib ketadi. Xuddi ana shunday sarsongarchilik Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumanida faoliyat yurituvchi tadbirkor ayol Adiba Nurqulova bilan yuzaga kelgan.

Tadbirkor 2018 yilning aprel oyidan beri bog‘cha ochish uchun harakat qilib yuribdi. Ammo shu bugunga qadar hech bir natijaga erisha olgani yo‘q. Bunga nima sabab bo‘lyapti ekan?

Adiba Nurqulova Prezidentning «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini  sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi 2017-2021 yillarda Maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha davlat dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi «Maktabgacha ta'lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2018 yilning 12 aprelida tadbirkorlik faoliyatini boshlaydi. Tadbirkorning maqsadi o‘zi yashab turgan hududda bolalar bog‘chasini ochish edi.

Shu maqsadda 2018 yilning 9 avgust kuni «NILU ZIYO» nomi bilan NMTM yo‘nalishi bo‘yicha Davlat xizmatlari ro‘yxatidan o‘tadi va «Agrobank»ning Kasbi tumani filialidan hisob-raqam ochadi.

«Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risida»gi Nizomga asosan Qashqadaryo viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi nodavlat maktabgacha ta'lim muassasa bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, yangi tashkil bo‘ladigan, 120 o‘ringa mo‘ljallangan MTM loyiha smetasini tuzadi. Ammo Qashqadaryo viloyati NMTM rahbariyati tadbirkorga bog‘cha binosi o‘z nomida bo‘lishi zarurligini aytishadi. Shundan so‘ng ayol qishloq markazida joylashgan fermer xo‘jaligi hisobida bo‘lgan, vaqtincha foydalanilmay turgan mehmonxona binosini sotib oladi. Bu ishlar yaxshigina mablag‘ talab etardi, shu bois tadbirkor kattagina summa qarz ko‘taradi. Biroq yugur-yugurlar shu bilan tugab qolmaydi.

«Kasbi tumani MTM bo‘limiga turli tashkilotlardan «Texnik shart», ma'lumotnoma va xulosalarni olib borib berdim. Ular mendan yangi qaror bo‘yicha tayyorlab kelishimni so‘rashdi. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 noyabrdagi 944-sonli qaroriga asosan barcha hujjatlarni qaytadan yangiladim. Tashkilotlardan olingan texnik shart va xulosalarni 4-5 martadan qayta yangiladim. Barcha so‘ralgan hujjatlarni Qashqadaryo viloyat MTM boshqarmasiga va Kasbi tumani bo‘limiga tayyorlab berdim. Ammo shunday bo‘lsa-da, ishim ijobiy tomonga hal bo‘lmayapti. To‘plagan hujjatlarim shiftgacha uyulib ketdi. 2018 yilning aprel oyidan boshlab yugur-yugurlarim hamon tinmayapti. Qashqadaryo viloyati MTM boshqarmasi DXSh bo‘lim boshlig‘i Dilshod Azimovga uchrashsam, «Qashqadaryoning navbati kelsa, Toshkentda ko‘rib chiqiladi loyihangiz» deydi. Keyin hujjatlarimdan kamchilik topish boshlanadi. So‘nggi marta ham 120ta emas, 100 o‘ringa mo‘ljallang deyishdi. Bu uchinchi bor loyiha qilishim. Meni hech kim tinglashni istamayapti. Ishlarim besamar qolmoqda. Umidsizlik va tushkunlikka tushib qoldim...», deydi tadbirkor.

Bog‘chaga atalgan binoning ichki ko‘rinishi

Adiba Nurqulovaning ta'kidlashicha, u Qashqadaryo viloyati MTM boshqarmasi NMTM (nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi) bo‘lim xodimiga borib uchrashadi. Xodim unga «Vazirlik 944-sonli qarorni ko‘rmayapti, faqat uy bog‘chasini ko‘rishyapti», degan javobni beradi.

«Har safar to‘plagan hujjatlarimdan kamchilik topib qaytarishdan boshqa hech qanday «amaliy yordam» berishmayapti. Bu orada qanchadan qancha xarajatga tushdim, asablarim qattiq charchadi. Ular so‘ragan bir hujjatni qiynalib tayyorlasam, ikkinchisi eskirdi, deb bahona qilishadi. Bu sarsongarchilikning oxiri bormi? Shahrisabz shahrida o‘tgan viloyat hokimining sayyor qabulida ham mana shu muammoni ko‘tarib chiqqandim, ammo hech narsa o‘zgarmadi», – deydi tadbirkor ayol.

Bog‘chaga atalgan binoning ichki ko‘rinishi

Uning ta'kidlashicha, bu sohaga yaxshi tushunadi. Ma'lumoti oliy, Qarshi davlat Universitetining kasbiy ta'lim fakultetini tamomlagan. Bugungi qadar mahallasidagi 7-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabida Yoshlar ittifoqi Boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Muammosi yuzasidan yuqori turuvchi bir nechta tashkilotga qilgan murojaati samarasiz qolmoqda.

Bog‘chaga atalgan joyning hovlisi

Bizga taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, u tashkil etmoqchi bo‘lgan bog‘chada 5ta guruh tashkil etilishi mo‘ljallangan. Unda:

- 5 nafar oliy ma'lumotli tarbiyachi;

- 5 nafar tarbiyachi enaga;

- 1 nafar musiqa o‘qituvchisi;

- 1 nafar rus tili o‘qituvchisi;

- 1 nafar ingliz tili o‘qituvchisi;

- 1 nafar hamshira;

- 2 nafar oshpaz;

- 2 nafar orastabon;

- 1 nafar bosh hisobchi ishlashi rejalashtirilgan. Loyihada 20 kishilik ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirkor yashayotgan Kasbi tumani, «Bog‘ariq» MFY, Denov qishlog‘i hududida 12 mingdan ziyod aholi yashaydi. Adiba Nurqulovaning maqsadlaridan biri yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishida ko‘makchi bo‘lish, ularni qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta'minlash, hududdagi yosh xotin-qizlar turmushini yanada yaxshilash, bir so‘z bilan aytganda, o‘z hududini obod qilish.

Har bir muammo vazirlikka borib taqalaversa, unda hududlardagi boshqarmalar nega faoliyat yurityapti, fuqaro muammosi joyida hal etilmaydimi, degan haqli savol o‘rtaga chiqadi. O‘ylaymizki, bu ishlarga mas'ul tashkilotlar tadbirkor ayol muammosiga befarq qarashmaydi va Adiba Nurqulovaning muammosini qonun doirasida ijobiy yechib berishadi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri   

Ko‘proq yangiliklar: