G‘ijduvonlik tadbirkor muammosi ortidan DSI mansabdorlariga jinoyat ishi ochildi. Soliq qarzi nizosi Oliy sudda ko‘riladi

Jamiyat 15:10 / 30.06.2019 27868

Kun.uz saytida joriy yil 4 iyun kuni «G‘ijduvonlik tadbirkor xorijlik hamkordan ayrildi va katta miqdorda jarima to‘ladi. Soliq idoralari aybdormi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Jurnalistik surishtiruvda Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi «Jamshid trans yo‘l» MChJ rahbari O.Atoyevning soliq idoralarining noqonuniy xatti-harakatlari tufayli katta zarar ko‘rgani, adolat topolmayotgani, ushbu masala bir necha bor turli sudlarda ko‘rilgani, tadbirkor haqligi yoritilgan edi.

Ma'lum bo‘lishicha MChJ hisob raqami noqonuniy yopib qo‘yilgani uchun tadbirkor katta zarar ko‘rgan va xorijlik hamkoridan ham ayrilgan.

Tadbirkor O.Atoyev soliq idoralarining mansabdor shaxslari noqonuniy xatti-harakatlariga qonuniy chora ko‘rilishi, yetkazilgan zarar undirib berilishini istamoqda.

Ushbu ish 2019 yil 17 iyun kuni Vobkent tuman ma'muriy sud tomonidan ko‘rib chiqildi. Sud G‘ijduvon tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i I.Hojiyevning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 192-3-moddasi 3-qismining «a» bandida ko‘rsatilgan (Tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini va (yoki) ularning banklardagi hisob varaqlari bo‘yicha operatsiyalarini qonunga xilof ravishda to‘xtatib turish) jinoyat alomatlari bor, degan xulosaga kelgan. Sud shu sababli ma'muriy ish hujjatlarini G‘ijduvon tuman prokuraturasiga yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan G‘ijduvon tuman prokurori Sh.Shodiyev bilan suhbatlashdik. Tuman prokurorini ma'lum qilishicha, «Jamshid trans yo‘l» MChJ hisob varaqlari operatsiyalari qonunga xilof ravishda to‘xtatib qo‘yilgani holati yuzasidan qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv olib borilgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, G‘ijduvon tuman DSI mansabdor shaxslariga nisbatan 2019 yil 29 iyunda jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tadbirkor O.Atoyev tomonidan asossiz deyilayotgan «Jamshid trans yo‘l» MChJga nisbatan hisoblangan 793 million 424 ming 800 so‘m soliq qarzi bo‘yicha nizo davom etmoqda.

Bu nizo dastlab 2019 yil 8 fevralda G‘ijduvon tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rib chiqilgan. Sud da'vogar tuman DSIning da'vosini qisman qanoatlantirib, «Jamshid trans yo‘l» MChJdan Respublika budjetiga 26 million 880 ming 100 so‘m daromad solig‘i undirish va da'voning qolgan qismi rad etish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Ushbu nizo 2019 yil 27 mart kuni Buxoro viloyat iqtisodiy sudi tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan va G‘ijduvon tumanlararo sudining 2019 yil 8 fevraldagi qarorini o‘z kuchida qoldirgan. G‘ijduvon tuman DSIning apellyatsiya shikoyati qanoatlantirmasdan qoldirilgan.

Bu masala  ayni vaqtda O‘zbekiston Oliy sudida ko‘rib chiqilishi arafasida. Tadbirkor adolat qaror topishini istamoqda.

PS: Maqolada keltirilgan va masalaga doir barcha hujjatlar nusxalari tahririyatda mavjud.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: