O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi farmoniga muvofiq, endilikda yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi mumkin.
Ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan ushbu masala yuzasidan ayrim haqli savollar paydo bo‘lyapti. Masalan, 2019 yil 1 avgustdan boshlab yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishini qanday qabul qilish lozim? Nega ixtiyoriylik asosida va fermerlar ko‘zlangan islohotni anglaydimi?
Bugungi kunda barcha qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari, ya'ni fermer xo‘jaliklari, amaldagi soliq qonunchiligiga ko‘ra foydalanilishidagi yer maydonlari uchun soddalashtirilgan tartibda yagona yer solig‘ini to‘lovchilari hisoblanadilar. Ularga boshqa soliq solish rejimini tanlash, ya'ni umumbelgilangan soliq solish tartibini qo‘llash huquqi cheklangan edi.
Farmonga muvofiq, fermer belgilangan tartibda soliq organiga murojaat qilib QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi va 1 avgustdan boshlab xaridorga taqdim etadigan hisobvaraq-fakturaga QQS summasini alohida ajratib ko‘rsatishi mumkin.
Bu imkoniyat, ayniqsa, mahsuloti tannarxida mineral o‘g‘it, yoqilg‘i-moylash va mexanizatsiya xizmatlari kabi moddiy xarajatlar sezilarli ulushga ega qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi korxonalar uchun muhim hisoblanadi. Fermerdan tovar sotib oluvchi, zanjirning davomchisi ham QQS to‘lovchisi bo‘lsa ilgari mahsulot tannarxiga kiritilgan QQSni ajratish hisobiga tovar narxi arzonlashadi.
Bu omil qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalar uchun juda muhim. Ular endi fermerlar bilan QQS zanjirini tashkil qilishdan manfaatdor bo‘ladi.
Buning mazmuni, qisqa qilib aytganda, ixtiyoriy ravishda QQSni to‘lamoqchi bo‘lgan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari sotib olgan tovarlari va xizmatlari uchun to‘lagan va tannarxga kiritgan QQSni endilikda tannarxdan ajratishi va shu miqdorga sotishdan olgan QQSni kamaytirishi hisobiga mahsulotining narxi arzonlashadi va xaridor topishi osonlashadi.
Ta'kidlanishicha, davlat budjeti hisobidan tashkil etilgan buxgalteriya xizmatlarini bepul ko‘rsatuvchi markazlar tomonidan fermerlarga QQS hisobini yuritish va to‘lash bo‘yicha seminarlar tashkil etilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatdagi 85 ming nafar fermerlarning atigi 1316 nafari 1 milliard so‘mdan ortiq umumiy pul aylanmasiga ega. Ular ham QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olinishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, 50 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlariga ega bo‘lgan yagona yer solig‘i to‘lovchilar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari aylanishi kutilmoqda. O‘zbekistonda 27 ming fermer yoxud jami fermerlarning 32 foizi 50 gektardan ortiq yer maydonidan foydalanadi. Bundan asosiy ko‘zlangan maqsad — paxtasanot va meva-sabzavot ishlab chiqaruvchilari uchun xomashyo yetkazib beruvchi fermerlarni QQS zanjiriga qamrab olish. Buning evaziga bozorda va ishlab chiqarish bosqichlarida barqaror narx siyosatiga erishishdir.
Alisher Ro‘zioxunov