Salar mahallasidagi sobiq Kanop fabrikasi hududida istirohat bog‘i barpo qilinmaydi. Shahar hokimligi buning sababini ochiqladi

Jamiyat 23:45 / 29.06.2019 11785

Toshkent shahri, Mirobod tumani, Oybek va Nukus ko‘chalari chorrahasidagi sobiq Kanop fabrikasi hududida istirohat bog‘i va dam olish maydonchasi barpo etilmaydi. Aksincha, investor tomonidan uning o‘rnida mehmonxona va ofis binolari barpo qilinadi. Poytaxt hokimligida OAV vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Kun.uz muxbiri ayni masala yuzasidan savol bilan murojaat qildi. 

-  Prezident Mirziyoyev bosh vazirlik chog‘larida, Salar mahallasida istirohat bog‘i qurish haqida so‘z borgan, keyinchalik, bu reja amalga oshmaydigan bo‘lgan. Bu yerdagi sobiq Kanop fabrikasi hududiga bir necha bor turli investorlar kelib, qisqa fursat faoliyat yuritishgan. Endilikda, bizga ma'lum bo‘lishicha, ushbu hududda Silk Road Investment Group kompaniyasi turarjoy va boshqa turdagi binolarni barpo etilishi haqida gap ketayotgan ekan.

- Bu joy investorga taqdim qilingan joy. Albatta, prezidentimiz bosh vazirlik chog‘larida bu yerda istirohat bog‘i tashkil etish aytilgan. Sizlar, fuqarolar bir narsani to‘g‘ri tushunishlari kerak, shahar markaziy qismida istiqomat qiluvchilar yaxshi biladi, bu yerda istirohat bog‘lari keragidan ortiqcha, lekin tumanlarda yo‘q. 

Shuning uchun markazda parklarni ko‘paytirish kerakmikan, aksincha tumanlarda dam olish hududlarini barpo etish lozim emasmi, degan fikrimiz ham bor. Shu bilan birga, biz markaziy hududlarda ishlab chiqarish qila olmaymiz. Ammo, soliq tushumi bo‘lishi kerak. Parklardan soliq tushmaydi. Ofislar va mehmonxonalar soliq to‘laydi, ham ish o‘rni yaratiladi. 

Shu bois, yaxshi investor katta pul tikishini aytdi, lekin haligacha boshlagani yo‘q. Biz u yerda mehmonxona va A-toifasidagi ofis idorasi qurilishini ma'qul ko‘rdik. Investor ikki yilda o‘z majburiyatini bajarmasa, qaytarib olib boshqa investorga berish imkoniyatimiz ham bor. Bu qonunda ko‘rsatilgan. 

Biz shahrimiz aholisining ehtiyojlarini tushungan holda tumanlarda nafaqat parklarni, balki iqtisodiyotini ko‘tarib turadigan, soliq to‘lab turadigan muassasalarni ko‘paytirishni o‘ylashimiz kerak», - dedi Toshkent shahar hokimi.

Ko‘proq yangiliklar: