Qo‘qonda maktab direktori pora bilan qo‘lga tushdi. U avvalroq ro‘zador bolalarni yugurtirgani bilan tanilgandi

Jamiyat 19:10 / 29.06.2019 39309

27 iyun kuni huquq tartibot idoralari tomonidan Qo‘qon shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Ma'lum bo‘lishicha, shahardagi 8-umumta'lim maktab direktori F.D. fuqaro N.N.ni maktabga 0,5 stavkada kutubxonachi va 0,2 stavkada laborant vazifasiga ishga olishga va'da bergan va evaziga 200 AQSh dollari talab qilgan. 

Maktab direktori maktab hovlisida 100 AQSh dollari va 850 ming so‘mni olayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 1-qismi doirasida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 may kuni maktab direktori F.D maktabning ro‘zador o‘quvchilarini darsdan keyin oftobda yugurtirgani tasdiqlangandi. 

O‘shanda ayblanuvchi tergovga qadar tekshiruv davomida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini sport maydonchasida yugurtirganini tan olmagan, ammo o‘quvchilar va ularning ota-onalari bergan ko‘rsatmalar buning aksini tasdiqlagandi.

Ta'kidlash joiz, Farg‘ona viloyati prokuraturasi va Qo‘qon shahar xalq ta'limi bo‘limi 8 may kuni o‘z surishtiruvlari natijasini Kun.uz`ga ma'lum qilgan, o‘rganishlar natijasida ro‘zador o‘quvchilarning yugurtirilgani haqidagi ma'lumot asossiz deb topilganini bildirgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: