Toshkent shahrining ayrim tumanlarida barpo etilayotgan xiyobonlarni boshqarish uchun davlat unitar korxonasi tashkil etilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shahar tumanlarida barpo etilayotgan xiyobonlar soni ortib borayotgani e'tiborga olinsa, shunday qilish samarali boshqarish imkonini beradi. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev OAV vakillari bilan uchrashuvda shunday fikrni bildirdi.
«Olmazor tumani Qichqiriq kanali bo‘yida, mana hozir, Uchtepa tumani Lutfiy ko‘chasida bajarilayotgan ishlar budjet mablag‘lari hisobidan emas, homiylar yordamida bo‘lyapti. Bizlarning maqsadimiz, har bir tumanda shunga o‘xshash ko‘chalarni tartibga solib, xiyobonlar barpo etish orqali shahar markazida bo‘layotgan festivallar, ko‘ngilochar tadbirlarni, yugurish musobaqalari va velopoygalarni shahar markazlarida emas, tumanlarda tashkillashtirish.
Chunki, tuman aholisi ham o‘z hududlarida ko‘ngilochar bog‘lar, istirohat parklari bo‘lishiga haqli. Shundan kelib chiqib, Uchtepada Lutfiy ko‘chasining oxiridagi tramvay so‘nggi bekatining maydoni bir tadbirkorga ko‘p qavatli turarjoylar qurish uchun berilgan ekan, uni bekor qildik. 1,5 gektarlik maydonda juda katta park paydo bo‘ladi. Prezidentimiz ruxsati bilan, katta eski samolyotlardan biri chiroyli qilib qo‘yiladi. Ichida bolalar uchun kinoteatr bo‘ladi. Har bir tumanda shunga o‘xshash mavzuli bog‘lar, xiyobonlar tashkil qilyapmiz», - dedi Ortiqxo‘jayev.
Shahar hokimi, shuningdek, poytaxtning markaziy hududlarida mehmonxona va ofis binolari tanqisligini e'tirof etar ekan, markazda istirohat bog‘lari keragidan ortiqchaligi, shu boisdan ham, endilikda, markazdagi bo‘sh joylarda ofislar va mehmonxonalar qurish bo‘yicha investorlarni jalb qilish masalasi turganini bildirdi.
«Markazda 1,5-2 km maydonda qancha park bor. Lekin, markazdagi muammolarimiz ofis binolari yetishmasligida. Mehmonxonalar yetishmasligi. Biz markaziy hududlarni faqat parklardan iborat qila olmaymiz. Mana xorijlik investorlar kelyapti, pul tikyapti, lekin ularning ishlashiga joy yo‘q. A toifasidagi ofis binolari tanqis», - dedi Ortiqxo‘jayev.