«Ezgu maqsad» xalqaro xayriya fondiga boshqaruv raisi tayinlandi

Jamiyat 17:04 / 29.06.2019 4122

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Nig‘matovich Aripov raisligida bo‘lib o‘tgan «Ezgu maqsad» xayriya jamoat fondi Vasiylar kengashi a'zolari ishtirokidagi yig‘ilishda fondga boshqaruv raisi tayinlandi. 

Bu lavozimni endilikda marhum senator, davlat va jamoat arbobi Mirabror Usmonovning o‘g‘li Jahongir Usmonov egalladi.

Fond mamlakatimizda sog‘lom avlodni tarbiyalash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, bemor va imkoniyati cheklanganlarni moddiy hamda ma'naviy qo‘llab-quvvatlash, ularni mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtiroki uchun zarur shart-sharoitlar yaratish kabi qator ezgu ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Fond tashkil etilganiga ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da (2017 yil), respublikamiz va xorijiy shifoxonalarda zamonaviy va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishi orqali 50 kishining hayoti saqlab qolindi, ular orasida ko‘plab voyaga yetmagan jajji vatandoshlarimiz ham bor.

«Ezgu maqsad» xalqaro xayriya fondining yangi rahbari Jahongir Mirabrorovich Usmonov 1968 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy. U Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Avstraliya biznes kollejini tamomlagan.

Jahongir Usmonov 1995 yildan buyon «ARDUS» qo‘shma korxonasining bosh direktori va «ILK PLYUS» investorlar uyushmasi a'zolari umumiy yig‘ilishi boshqaruvi raisi vazifalarida ham ishlab kelmoqda. Shuningdek, u mazkur fond tashkil etilgandan buyon boshqaruv a'zosi hisoblanadi.

U 10 yildan ortiq vaqt mobaynida O‘zbekiston futzal Assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida ishlagan. Faoliyati davomida futzal bo‘yicha mamlakat milliy terma jamoasi bir necha marta Osiyo chempionati sovrindori bo‘lishi barobarida O‘zbekiston tarixida ilk bor jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan. Hozirda u Osiyo futbol konfederatsiyasi qo‘mita a'zosi ham hisoblanadi.

Jahongir Usmonov sport sohasida erishgan yutuqlari uchun «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan. 

Aytish joizki, «Ezgu maqsad» xalqaro xayriya jamoat fondi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, bemor va imkoniyati cheklanganlarni moddiy hamda ma'naviy qo‘llab-quvvatlash kabi tashabbuskorlik qilishda imkon qadar jonbozlik ko‘rsatmoqda. Umidsizlarga umid, bemorlarga salomatlik, moddiy yordam ko‘rsatib, ularning yuzidagi tabassum, ko‘zidagi quvonch, orzulari ro‘yobi uchun qanot bo‘lmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: