O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.
Farmonda iqtisodiyotning ayrim sektorlarida tadbirkorlik sub'yektlariga sezilarli miqdorda imtiyoz va preferensiyalar berilganini hisobga olgan holda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning amaldagi tartibidagi mavjud bo‘lgan nomutanosibliklar barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun teng sharoitlarni ta'minlashda qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini yaratish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatini bermayotganligi qayd etilgan.
Mamlakatimizning investitsiyaviy muhitini yanada yaxshilash, adolatli raqobat tamoyillarini joriy etishni ta'minlash hamda soliqlar va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish amaliyotini tartibga solish maqsadida 2019 yil 1 avgustdan boshlab shunday tartib o‘rnatilmoqdaki, unga muvofiq:
- yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) ni to‘lashga o‘tishi mumkin;
- kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tadi.
Belgilansinki, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab:
a) benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yoqilg‘i quyish stansiyalari orqali oxirgi iste'molchilariga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qat'i nazar, QQS to‘lovchilari hisoblanadi;
b) tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub'yektlari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qat'i nazar, QQS to‘lovchilari hisoblanadilar. Bunda tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik sub'yektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab QQS to‘lovchisi sifatida hisobga turishi shart;
v) quyidagilar bo‘yicha QQSdan, shu jumladan, import qilinganda ham imtiyozlar bekor qilinadi:
- asbest, ko‘mir, yog‘och materiallari, yog‘och va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xomashyosi;
- soya danagi, kungaboqar va kunjut urug‘lari, moyli xomashyo va shakar xomashyosi;
- qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar;
g) yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablag‘laridan foiz ko‘rinishida olingan to‘lov manbaini foyda solig‘idan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.
QQSning to‘laqonli zanjirini yaratish va barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun teng sharoitlarni ta'minlash maqsadida quyidagilar belgilanmoqda:
- 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab o‘zi ishlab chiqargan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga va O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi;
- 2019 yil yanvar oyidan sentabr oyigacha 1 milliard so‘mdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega bo‘lgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlariga ega bo‘lgan yagona yer solig‘i to‘lovchilari QQS to‘lovchilari hisoblanadilar va belgilangan tartibda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Bunda 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab belgilangan pul aylanmasi (tushumi) chegaraviy darajasiga yetgan yagona yer solig‘i to‘lovchilar ushbu darajaga erishilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab QQS to‘lashga o‘tadi;
- paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchilar 2019 yil hosilidan boshlab QQS to‘lashga o‘tadilar. Bunda ularga 2018 yilning 1 oktyabridan ilgari bo‘lmagan vaqtda haqiqatda olingan va paxta xomashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun to‘langan QQS summasini hisobga olish huquqi beriladi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari qismi bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyozga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga imtiyozdan voz kechish to‘g‘risida xabarnoma berish asosida, ushbu xabarnoma berilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab QQSni to‘lash huquqi berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda QQSning kiritilishi munosabati bilan paxta xomashyosining 2019 yil hosili uchun yangi xarid narxlarini tasdiqlaydi.