Kun.uz tahririyatga Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi Mahmud Usmonov murojaat qildi. U o‘zining akasi Maqsud Usmonovning o‘limi yuzasidan surishtiruvdan qoniqmaganini bildirdi.
Mahmud Usmonovning hikoya qilishicha, 2019 yil 11 may kuni Nurobodda baxsiz hodisa yuz bergan. Nurobod tumani Jom qishlog‘ida yashovchi Maqsud Usmonov (murojaatchining akasi) soat 17:00-18:00 lar atrofida o‘z qishlog‘i ichida «Damas» rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotganida B.R. va uning tanishlari tomonidan to‘xtatiladi. Ular haydovchining spirtli ichimlik ichganini iddao qilib, uni ushlab turishadi va boshqa mahallada ishlovchi uchastka noziri X.I.ni voqea joyiga chaqirishadi.
Uchastka noziri «Damas» boshqaruviga o‘tirib, mashina egasini o‘rtadagi o‘rindiqqa o‘tqazadi. Haydovchining yoniga qo‘riqlash uchun mahalla posboni M.K. o‘tiradi. «Damas» katta yo‘lga chiqadi va Samarqand-Qarshi yo‘lining Nurobod tumani Jom qishlog‘idan o‘tuvchi 56-kilometrida mash'um hodisa yuz beradi.
Usmonov Maqsud mahalla noziri X.I. boshqarayotgan o‘zining «Damas» avtomashinasidan tushib ketadi va asfaltga boshi bilan uriladi. Uchastka noziri X.I. «Damas»ning o‘rta eshigidan yiqilgan haydovchini Jom MFY hududida joylashgan tez tibbiy yordam bo‘limiga olib boradi. U yerdan tuman markaziy kasalxonasiga olib borilgan Usmonov Maqsud 15 may kuni vafot etadi.
Uning ukasining aytishicha, tergov xulosasida Usmonov Maqsud mashina eshigini ochib, o‘zini yerga tashlagani aytilgan. Shu xulosa bilan Nurobod tuman prokuraturasi ishni yopgan va Usmonov Maqsud baxsiz hodisa qurboni bo‘lgani ma'lum qilingan.
Ammo murojaatchi o‘tkazilgan surishtiruvlardan norozi. U akasining o‘limi yuzasidan jiddiy surishtiruv o‘tkazishni so‘rab tegishli idoralarga murojaat qilgan, lekin uning murojaatiga aniq javob berilmagan.
Usmonov Mahmudning aytishicha, tergov organlari voqea joyiga 4 soat o‘tib yetib kelishgan va 40 km yo‘lga 4 soat vaqt sarflanishi g‘alati holat. Murojaatchi buncha vaqt ichida jinoyat izlarini tozalagan bo‘lishlari mumkin deb hisoblamoqda. Akasining o‘limidan hamon o‘ziga kela olmayotganini aytgan Usmonov Mahmud marhum o‘zini mashinadan tashlaganiga ishonmayapti. Bundan tashqari, Usmonov nega akasini boshqa mahallada ishlovchi uchastka noziri olib ketganini tushuntirib berishlarini xohlaydi.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi