Hindistonlik investor Namanganda kardiojarrohlik amaliyotini o‘tkazuvchi shifoxona ochadi

Jamiyat 20:18 / 28.06.2019 5809

Hindistonning Indian Institute of Medical Sciences kompaniyasi Namanganda yurak jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazadigan shifoxona ochishni rejalashtirmoqda va ayni kunlarda bu muassasaning loyihalash ishlari boshlanish arafasida.

Namanganda bo‘lib o‘tgan investitsiya forumida qatnashgan Indian Institute of Medical Sciences kompaniyasi vakili Mitesh Verma qiymati 15 million AQSh dollarga baholanayotgan loyiha tasdiqlangandan so‘ng, shifoxona 15 oy muddatda qurib bitkazilishi, shuningdek ishga tushirilishini ma'lum qilgan.

«Yurak jarrohlik operatsiyasini o‘tkazish uchun Hindistonga borayotgan o‘zbeklar soni ko‘payib bormoqda. Bemorning yaqin kishisi hamrohligida uzoq masofaga safar qilishi va u yerda turishi sog‘liq va moddiy jihatlardan ancha qiyinchiliklar tug‘diradi. Shu sabab biz Namanganda Hindistondagi shifoxonaning kardiologiya bo‘limini ochishga qaror qildik. Bu shifoxonada Hindistondan kelgan shifokorlar ishlaydi», — deydi Verma.

Hindistonlik investorning aytishicha, bu loyiha O‘zbekistonga qo‘shni mamlakatlardagi mijozlarni ham nazarda tutib tuzilgan.

«Qo‘shni mamlakatlardagi bemorlar yonidagi hamrohlari bilan Hindistonga uchib borgandan ko‘ra, avtomobilda bu yerga (Namanganga) yetib kelishlari qulay va kam xarajat talab qiladi», — deydi u.

Namangan shahar hokimligi investitsiya masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis Mubashshir Adhamovning aytishicha, Namangan shahar hokimligi tomonidan shaharning Yuksalish massivi hududida mazkur loyiha uchun 2 gektar yer maydoni ajratib berilgan.

«Investorlar uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Ular davlat xizmatlari markazida ro‘yxatdan o‘tkazildi va «Indian Institute of Medical Sciences  LLC» MChJ XK tashkil etildi. Shu kunlarda ular Namanganga kelib, ajratilgan yer maydonida qurilish ishlarini boshlash uchun loyiha tayyorlamoqda. Loyiha 2020 yilda yakunlanib, shifoxona ishga tushirilishi kutilyapti», — dedi Adhamov.

Hindistonlik investor Vermaning ham ta'kidlashicha, loyiha Namangan hokimiyati tomonidan juda yaxshi qabul qilingan va soliq imtiyozlari berilgan.

«Biz hukumatning bunchalik qo‘llab-quvvatlashini, to‘g‘risi, umuman kutmagan edik», — deydi u.

Hozirda Hindiston tibbiyot sohasida yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi va O‘zbekistonda turli og‘ir kasalliklarga chalingan bemorlarning ko‘pchiligi aynan shu mamlakatga borib jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazib kelmoqda.

Statistika qo‘mitasining ma'lumot berishicha, 2018 yilda 4 510 nafar o‘zbekistonlik bemor Hindistonga davolanishga borgan. 2019 yilning birinchi choragida esa bu raqam 1 196 taga yetgan. Ularning ko‘pchiligini yurak xastaliklari bilan og‘rigan kasallar tashkil etadi.

O‘tgan yili Hindistonga borib ikki bosqichli murakkab yurak jarrohligi o‘tkazganlardan biri, A. Normatovning aytishicha, ahvoli og‘irligi uchun jiyani hamrohligida safarga chiqishga majbur bo‘lgan.

«Umumiy xarajatimiz 9 ming AQSh dollariga aylandi. Borish-kelish aviachiptasi, bir hafta mehmonxonada turish kishi boshiga taxminan 1 ming AQSh dollaridan to‘g‘ri keldi. Mehmonxona kuniga 40 AQSh dollari atrofida. Ba'zi bemorlarning sog‘lig‘i operatsiya uchun tayyor bo‘lmasa bir oygacha mehmonxonada yashab kutishiga to‘g‘ri keladi va oqibatda yeb-ichish hamda boshqa kutilmagan xarajatlar hisobiga safar juda qimmatga tushib ketishi mumkin», — deydi u.

Normatov Namanganda ochiladigan shifoxonada hind jarrohlari kelib ishlashini juda yaxshi yangilik, deb aytdi. Chunki Hindistonga borib davolanishga ketadigan xarajat 30-40 foizga qisqaradi, bu esa bemorlarning sog‘lig‘i va uzoq safarga chiqish imkoniyati bo‘lmaganlar uchun ancha yordam bo‘ladi, deb ta'kidladi yo‘l azobini o‘z boshidan o‘tkazgan bemor.

Mitesh Vermaning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning ikkinchi bosqichida shifoxona qoshida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan eng zamonaviy o‘sma kasalliklarini aniqlovchi bo‘lim faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi. Uning fikricha, bu O‘zbekiston uchun ham juda yaxshi, mamlakatga tibbiyot maqsadida keladigan sayyohlar soni ko‘payadi.

Ko‘proq yangiliklar: