Bugun 2019 yil 28 iyun kuni “Ipoteka-bank” ATIB aksiyadorlarining navbatdagi umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Yig‘ilishda “Ipoteka-bank” ATIB faoliyatining 2018 yil natijalari, bankni o‘rta muddatga va uzoq muddatga rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan strategiyasi ijrosi hamda 2019 yil faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida bank Boshqaruvi hisobotini tasdiqlash, 2018 yil natijalari bo‘yicha olgan sof foydasini taqsimlash, 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasini tasdiqlash, bankning Kuzatuv kengashi va Taftish komissiyasi tarkibini qayta saylash kabi qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Ipoteka-bank tomonidan hisobot yilida aksiyadorlar tomonidan belgilab berilgan va Biznes-rejada keltirilgan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha chora-tadbirlarni izchil olib borish, shu jumladan faoliyat samaradorligi va daromadlilikni yanada oshirish bankning asosiy diqqat markazida bo‘ldi.
Bunda, bankning kapitallashuv darajasi va daromadliligini oshirish, aktivlarning sifatini yanada yaxshilash, mijozlar va hamkor tashkilotlar bilan munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish orqali bank faoliyatiga doir barcha ko‘rsatkichlarning barqaror o‘sishini ta'minlash, eng muhimi, mijozlarning bankka bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash va ularga imkoniyat yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Ipoteka-bank filiallari tarmog‘i butun respublika hududini qamrab olgan bo‘lib, 39 ta filial, 164 ta minibank, 657 ta kassalar hamda 103 ta xalqaro pul o‘tkazmalari shoxobchalaridan iborat. Ushbu tarmoq orqali bank 1,9 mln. nafardan ziyod mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Mijozlarga zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatish borasida amalga oshirilgan ishlar samarasi bankning 2018 yildagi faoliyatining natijalarida o‘z aksini topdi, jumladan:
- bankning sof aktivlari o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobarga o‘sib,
19,7 trln. so‘mga yetdi;
- umumiy kapitali o‘tgan yilga nisbatan 28 foizga o‘sib, 1,6 trln. so‘mga yetdi, shu jumladan ustav kapitali 17 foizga oshib, 985,6 mlrd. so‘mga yetdi;
- depozit mablag‘lari o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga o‘sib, 6,7 trln. so‘mga yetdi;
Natijada, ushbu ijobiy o‘zgarishlar bankning 2018 yil natijalari bo‘yicha
250,2 mlrd. so‘m miqdorida sof foyda olishiga imkoniyat yaratdi.
Shuningdek, salohiyatli korporativ mijozlarning yirik ishlab chiqarishga doir istiqbolli loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, davlat dasturlari ijrosi, hududlarni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, kichik biznes sohasining rivojlanishiga hissa qo‘shish, aholini arzon va sifatli uy-joylar bilan ta'minlash bank faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
2018 yil davomida Ipoteka-bank tomonidan kichik biznes sub'yektlariga 2,85 trln. so‘mlik (o‘tgan yilga nisbatan 2,1 barobar ko‘p) kreditlar ajratildi va natijada, kichik biznes sub'yektlari tasarrufida jami 7668 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Yig‘ilishda Ipoteka-bank tomonidan xalqaro reyting kompaniyalari bilan hamkorlik ishlarini samarali tashkil etgan holda, bankka berilayotgan reyting baholarini muntazam ravishda har yili yangilab borish va darajasini oshirish, reyting bahosini tushib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rib borilayotganligi ta'kidlandi.
Hozirgi kunda, bank “Standard & Poor’s” (“V+/V” darajasida), “Moody’s” (“V2/V2” darajasida) kabi yetakchi xalqaro reyting agentliklarining istiqboli “Barqaror” bo‘lgan reytinglariga ega.
Shu bilan birga bank 2018 yilda, balki bugungi kunda ham dolzab va asosiy vazifalardan biri bu institutsional transformatsiya qilish orqali Ipoteka-bankni xalqaro andozalarga muvofiq keladigan darajadagi bankka aylantirish bo‘lib, bu borada bank korporativ boshqaruvini yanada yaxshilash, mijozlarga sifatli va zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan izchil hamkorlikni amalga oshirib kelinmoqda.
Bankning transformatsiya qilish orqali xususiylashtirishga tayyorlash bo‘yicha Hukumatning «Ipoteka-bank» aksiyadorlik tijorat ipoteka bankini o‘zgartirish va uni Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida keyinchalik xususiylashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 523-sonli qarori qabul qilinganligi ham bundan dalolatdir.
Xalqaro moliya korporatsiyasi bankka aksiyalarga ayirboshlash imkoniyati mavjud bo‘lgan 35 mln. AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyasini ajratishni rejalashtirgan. Bu masala bo‘yicha xorijiy hamkorning Operatsion va Kredit qo‘mitalarining ijobiy xulosalari qabul qilingan. Joriy yil iyul oyida korporatsiya Direktorlar kengashi o‘tkazilishi va unda mazkur masala bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabuli qilindi va yakunda 2019 yil faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Reklama huquqi asosida