Bugun, 27 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Huquqiy axborot».
Qarorga muvofiq, 2019/2020 o‘quv yilidan:
- Akademiyada kadrlarni tayyorlash grant va to‘lov-kontrakt asosida, ishlab chiqarishdan ajralgan holda bir yillik va ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ikki yillik magistratura dasturlari asosida amalga oshiriladi va diplom beriladi;
- Akademiya magistraturasiga va qayta tayyorlash kurslariga qabul nomzodlarni birlamchi saralab olish va keyinchalik test va suhbat o‘tkazish orqali tanlov asosida amalga oshiriladi;
- nomzodlarga qo‘yiladigan talablar Prezident qarori bilan belgilanadi.
Akademiya bitiruvchilari Prezident maslahatchilari bo‘linmalari tomonidan rahbarlik lavozimlariga taqsimlanadi.
Akademiyaga 2019/2020 o‘quv yili uchun qabul kvotalari quyidagicha belgilandi:
- ishlab chiqarishdan ajralgan holda “Davlat boshqaruvi” mutaxassisligi magistraturasiga 90 nafar (shundan 36 ta grant, 54 ta kontrakt);
- ishlab chiqarishdan ajralmagan holda “Davlat boshqaruvi” mutaxassisligi magistraturasiga 30 nafar (shundan 12 ta grant, 18 ta kontrakt);
- ishlab chiqarishdan ajralgan holda “Davlat boshqaruvi” mutaxassisligi bo‘yicha qayta tayyorlash kurslariga 60 nafar (shundan 24 ta grant, 36 ta kontrakt);
- ishlab chiqarishdan ajralmagan holda “Davlat boshqaruvi” mutaxassisligi bo‘yicha qayta tayyorlash kurslariga 90 nafar (shundan 36 ta grant, 54 ta kontrakt).