Bektemir tuman hokimligining «burnidagi qashqasi» qachon bitadi?

Jamiyat 21:20 / 27.06.2019 28951

Maqola sarlavhasini o‘qib hayron bo‘lgandirsiz. Darhaqiqat, tahririyatga kelib tushgan navbatdagi murojaat aynan shu so‘zlar bilan boshlanar edi.

Quyida ushbu murojaat o‘zgartirishsiz havola etiladi.

Bektemir tuman hokimligining «burnidagi qashqasi» qachon bitadi? Toshkent shahrining darvozalaridan biri hisoblangan Bektemir tumanida ham poytaxtning boshqa tumanlarida bo‘lgani kabi qurilish ishlari avjida. Biroq xalq orasida poytaxtning «qishlog‘i» sifatida e'tirof etiladigan bu hududdagi qurilish ishlari tom ma'noda chekka qishloqlardagiga xos tarzda tashkil qilinmoqda. Bundan qariyb bir oy muqaddam tumandagi Oltintopgan va Husayn Boyqaro ko‘chalarining Bektemir shohko‘chasida kesishadigan qismidagi katta chorrahaning avtomobil yo‘l qismi ikki tomondan kavlanib, yer ostidan quvur (balki boshqa narsadir, bunisi biz kabi oddiy xalqqa qorong‘i) o‘tkazildi. Tan olish kerak, asfalt yo‘lni kavlab ochish, kerakli missiyani bajarish va kavlangan joyni to‘ldirib qo‘yish tezkorlik bilan amalga oshirildi. Hamma muammo shundan keyin boshlandi.

Mazkur chorrahadan o‘tish Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq, Piskent, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka va Bekobod tumanlari hamda Bekobod shahri va viloyatning markazi bo‘lmish Nurafshon shahri aholisi uchun Toshkent shahriga kirib kelishning yagona yo‘li hisoblanadi (boshqa yo‘l ham bor-ku, lekin bosib o‘tiladigan masofasi ancha uzoqqa aylanib ketadi-da). Tasavvur qilib ko‘ring...

Yuqorida sanalgan tumanlardan birida yashasam-da, ish joyim Toshkent shahrida bo‘lgani bois (menga o‘xshaganlar minglab bo‘lsa kerak) men ham deyarli har kuni shu chorrahadan o‘tishga majburman.

Muammo nimada deysizmi? Muammo shundaki, haligi yo‘lning asfalti buzilib, kavlangan joylari shunchaki tosh-qum bilan to‘ldirib qo‘yildi, ustidan asfalt tortilmadi. Buning evaziga yo‘lning shu qismida chuqur va toshloqlik hosil bo‘ldi. O‘rtacha soatiga 50-60 km tezlikda harakatlanib o‘tib ketadigan mashinalar endilikda bu chuqurdan to‘xtab, bir muddat «nafas rostlab» so‘ng o‘tishmoqda (to‘g‘rida, kim ham mashinasini chuqur ustidan tezlikda o‘tib azoblagisi keladi). Buning evaziga uzunligi bir kilometrgacha cho‘zilgan, kunning 30 darajadan kam bo‘lmagan issig‘ida yarim soatdan kam bo‘lmagan doimiy tirbandlik yuzaga kelmoqda. Chorrahadagi changdan, tirbandlikni tarqata olmay joni halak bo‘layotgan yo‘l patrul xizmati inspektorlariga esa achinib ketasan kishi.

Bektemir tuman hokimligi-yu, «burun qashqasi»ning bunga nima aloqasi bor deysizmi? Aloqasi shundaki, ushbu o‘ydim-chuqur bo‘lib yotgan yo‘l, tuman hokimligining xalq ta'biri bilan aytganda shundoqqina burnining tagida. Tuman hokimligining oldi, qolaversa strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘lning ahvol shu bo‘lsa tumanning qolgan joylarida ahvol qanday ekan, deb o‘ylab qolasan kishi.

Hurmatli tahririyat xodimlari, ushbu murojaatimni saytingizda chiqarmasangiz ham mayli, chunki xalqning soatlab «probka»da turishi baribir hokimlik vakillarini unchalik qiziqtirmasa kerak. Asfaltning narxi osmonda bo‘lsa, har bir qarich chuqur kimni o‘ldiribdi... 

Hurmat bilan Vositjon Dilshodov

Ko‘proq yangiliklar: