1 tonna 27 kilogramm 911 gramm. “26 iyun – Xalqaro giyohvandlikka va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurash kuni” munosabati bilan shuncha miqdordagi giyohvandlik vositalari Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tashkil etilgan tadbirda yoqib yo‘q qilindi. Ushbu vosita va moddalar O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralarining amaliyotlari chog‘ida musodara qilingan, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.
Tadbirda ma'lum qilinishicha, yoqib yo‘q qilingan giyohvandlik vositalarining 7 kg 757 grami geroin, 195 kg.dan ortig‘i opiy, 550 kg.dan ortig‘i marixuana, 56 kg.dan ortig‘i gashishdir. Shuningdek, sintetik narkotik vositalari, turli xil, jumladan Tramadol va Lirika kabi psixotrop hamda psixofaol moddalar ham yoqib yuborildi.
2018 yil mobaynida respublika huquq-tartibot idoralari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq 4779ta jinoyat fosh etilgan. Noqonuniy aylanishda bo‘lgan jami 1 tonna 172 kg.dan ortiq narkotik moddalar musodara qilingan.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tgan 2018 yil mobaynida 4530ta narkojinoyat aniqlanib, 1 tonna 46 kg giyohvandlik vositalari musodara qilingan. DXX 170,8 kg, DXX Chegara qo‘shinlari salkam 38 kg, Davlat bojxona qo‘mitasi 46,6 kg narkotik, 2278 dona psixotrop tabletkalar hamda 822,3 gram prekursorlar musodara qilgan.