Samarqand shahridagi Amir Temur va Turkiston ko‘chalari kesishmasi o‘rtasidagi kanalizatsiya qudug‘i mashinalarni ag‘darilishiga sabab bo‘layotgani haqida xabar bergan edik.
Zarnews.uz sayti bu borada «Suvoqova» DUK Samarqand shahar filiali izohini e'lon qildi.
«Ushbu hodisa «Suvoqova» davlat unitar korxonasi Samarqand shahar filiali tomonidan o‘rganildi. Aniqlanishicha, mazkur hududdan 400 millimetrlik quvurdan toza ichimlik suvi o‘tgan. 2016 yilda mazkur suv quvuriga shu yerda qurilgan yangi ko‘pqavatli uylar ulangan. Ulanish jarayonlariga «Suvoqova» korxonasi tomonidan texnik shartlar belgilangan va quruvchiga suv tizimiga ulanish borasida tushunchalar berilib, jarayonga korxonamiz mutaxassislarining jalb etilishi lozimligi uqtirilgan.
Shunga qaramasdan, tadbirkorlar uyni tez muddatda qurish va topshirish maqsadida bu texnik shartlarga rioya qilmagan.
Boz ustiga, yo‘ldagi quduqlarga qo‘yilgan qopqoqlar ham davlat standartlariga mos kelmasligi oqibatida yuqoridagi baxsiz hodisa yuz bergan.
Shu bois qurilish ishlari bilan shug‘ullanayotgan korxona va tashkilotlar kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda tegishli texnik shartlarga amal qilgan holda, ishlarni davlat standartlariga muvofiq holda bajarishsagina, yuqoridagi ko‘ngilsiz hodisalarning oldi olinadi», — deyiladi «Suvoqova» DUK Samarqand shahar filiali izohida.
Demak, yo‘l o‘rtasidan quvur o‘tkazishda texnik shartlarga rioya qilmagan, quduqni davlat standartlariga mos kelmaydigan qopqoq bilan yopgan quruvchilar «Damas» avtomashinasiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplab berishi, quduqdagi kamchiliklarni bartaraf etishi lozim.