O‘zbekistonda «30 iyun – Yoshlar kuni» ni munosib nishonlash maqsadida joriy yilning 29-30 iyun kunlari respublikadagi barcha davlat teatrlarida bepul spektakllar namoyishi, ko‘rgazmalar, badiiy uchrashuvlar, konsert tomoshalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Madaniyat vazirligi Matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.
Yoshlarni madaniyat san'at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5ta tashabbusni amalga oshirish yuzasidan Madaniyat vazirligi Yoshlar kuni arafasida respublikadagi barcha davlat teatrlari aholiga bepul xizmat ko‘rsatishini rejalashtirmoqda.
Masalan, O‘zbek Milliy akademik drama teatrida «Kuzning birinchi kuni» (30 iyun kuni, soat 11.00da); Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida esa konsert dasturi (29 iyun kuni soat 18.30da) namoyish etiladi.
Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi teatrlardan tashqari, barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholiga xizmat ko‘rsatayotgan teatrlarda ochiq eshiklar kuni e'lon qilingan.