22 iyun kuni Polshaning Ostrov Mazovetski shahri yaqinidagi avtomobil yo‘lida O‘zbekiston fuqarolari A.M. va J.J. ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berib, uning oqibatida ikki kishi voqea joyida halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi bergan ma'lumotga asoslanib TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Ostrov Mazovetski shahri politsiyasi axborotiga ko‘ra, avtomobil haydovchisi A.M.ga nisbatan “ikki kishining halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati qoidalarini buzish” ayblovi e'lon qilinib, uni sudga qadar tergov izolyatoriga joylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Yo‘lovchi J.J.ga tibbiy yordam ko‘rsatilib, u guvoh sifatida so‘roq qilingan.
Qayd etilishicha, elchixona vaziyatni nazoratga olgan.
Konsullik-huquqiy departamenti Polsha hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda O‘zbekistonning Varshava shahridagi elchixonasiga +48-22-894-62-30 (2) telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi.