Tadbirkorlarni qo‘llab quvvatlash va davlat obektlarini xususiylashtirish ishlarini soddalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 oktyabrdagi farmoniga muvofiq, eksperiment tariqasida bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini boshlang‘ich narx i 1 so‘mga teng qiymatdagi «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarib sotish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgandi. Bunda tadbirkor qaysi hududda ekanligidan qat'i nazar onlayn auksionda ishtirok etib, davlat obektlarini sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Natijada, jarayonga inson faktorining aralashmasligi va turli hujjatlarning talab qilinmasligi uning shaffofligini ta'minlashga xizmat qildi, deya ta'kidlanadi agentlik rasmiy axborotida.
«4 oy ichida 444 ta bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlari 1 so‘mga teng boshlang‘ich narx bo‘yicha elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarilib, shundan 310 ta obekt 172 mlrd so‘m investitsiya kiritish hamda 3 500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan 11,2 mlrd so‘mga sotilishi ta'minlandi», — deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Ahadbek Haydarov.
Tadbirkorning huquq va majburiyatlari
Qarorga muvofiq tadbirkor elektron maydoncha orqali sotib olayotgan mulkka ma'lum miqdorda investitsiya kiritish va yangi ish o‘rinlari yaratish majburiyatini zimmasiga oladi. U o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda uning mulki tortib olinishi mumkin.
«Davlat obektini olayotgan tadbirkor 3 yil ichida belgilangan miqdordagi investitsiyani kiritishi kerak. Agar shu muddatda belgilangan investitsiyani kirita olmasa, sud orqali obekt undan olib qo‘yiladi. Lekin, biz tadbirkorga yengillik yaratish maqsadida belgilangan vaqt davomida investitsiyaning 80-90 foizi miqdorida mablag‘ yo‘naltira olgan tadbirkorlarga yana bir imkon berib, ularning vaqtini uzaytirib berayapmiz. Ammo shunday tadbirkorlar ham borki, ular obektdan umuman foydalanmagan yoki yetarlicha investitsiya kiritmagan. Bu kabi tadbirkorlardan mulk qonunda belgilangandek, sud orqali tortib olinadi va ular kiritgan investitsiya qaytarib berilmaydi», — deya izoh berdi Haydarov.