Respublika bo‘yicha avtomatik qurilmaga ega bo‘lgan gaz yondirgichdan foydalanayotgan xonadonlar soni qariyb 2 million bo‘lsa, qish mavsumining bir oyida tejab qolinadigan gaz hajmi 518 840 000 kub metrni tashkil etadi, deb xabar bermoqda «O‘ztransgaz» .
Ta'kidlanishicha, qiymati 166 milliard 28 million 800 yuzming so‘mlik tabiiy gaz 1,5 milliondan ortiq abonentni bir oy ta'minlashga yetadi.
«2018 yilning yanvar oyida Sirdaryoda bir xonadon egasi 626 kub metr tabiiy gaz iste'moli uchun to‘lovni amalga oshirgan bo‘lsa, shu yilning yanvar oyida esa 346 kub metr tabiiy gaz sarflagan. Bir oyda 280 kub metr gaz, ya'ni 89 600 so‘m tejab qolgan.
Bunday natijaga erishish uchun xonadonlardagi eski qozonlardagi gaz yondirgichlarni zamonaviy universal moslamalarga almashtirilishi kifoya», — deyiladi jamiyat axborotida.
Soha mutaxassislarning fikricha, gaz uzatish tarmoqlaridagi yo‘qotishlarning oldini olish evaziga bir oyda 5 million kub metr zangori olovni tejash mumkin.
«Prezidentimiz tomonidan o‘tgan kuz va qish mavsumini tanqidiy tahlil qilgan holda, aholini kelayotgan kuz-qish mavsumida xavfsiz, bir maromda va energiya tejamkor jihozlarni joriy etgan holda, to‘liq kafolatlangan tabiiy gaz bilan ta'minlash vazifasi qo‘yildi. Yetkazib berilayotgan tabiiy gazning 10 milliardi aholi iste'molchilariga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, respublikamiz aholisi tomonidan ishlatilayotgan qozonlarni gaz yondirgichlarni qariyb 70 foizi hozirgi zamon talablariga javob bermasligi, avtomatik boshqaruv tizimiga ega emasligi va bu o‘z o‘rnida ortiqcha tabiiy gaz sarfiga sabab bo‘layotgani ma'lum bo‘ldi», — deydi «O‘ztransgaz» AJ boshqaruvi raisi Bahodir Eshmuratov .
Jamiyat ma'lumotiga ko‘ra, xonadonlarga o‘rnatilayotgan isitish jihozlarining 16 foizigina standart talablariga javob beradi.
«Bir vaqtning o‘zida 2 million 307 ming aholi xonadonida avtomatik boshqaruv tizimiga ega bo‘lmagan gaz yondirgichlardan foydalanilmoqda. Natijada har oyda 553 million kub metr yoki 177 milliard 230 million so‘mlik tabiiy gaz havoga uchyapti. Xuddi shu miqdordagi tabiiy gaz hajmi 1,5 milliondan ortiq iste'molchini bir oy davomida tabiiy gaz bilan ta'minlashi mumkin. Eski gaz yondirgichlari zamonaviy avtomatik boshqaruv tizimiga ega yondirgichlarga almashtirish orqali tabiiy gaz sarfini 1 barobarga iqtisod qilish mumkin», — deyiladi xabarda.
Ta'kidlanishicha, tabiiy gazni ikki baravariga tejaydigan zamonaviy universal gaz yondirgichlar loyihasi Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani 280 xonadonida sinov tariqasida amalga oshirilmoqda.
Sirdaryo viloyatida o‘tkazgan tajribalar zamonaviy yondirgichlarga almashtirish o‘z samarasini 50-60 foizgacha yoqilg‘ini tejash imkoniyatini berayotganligini ko‘rsatdi, deb ma'lumot bermoqda «O‘ztransgaz».