Oliy sud raisi o‘rinbosari: 90 yoshga kirgan fuqaro 50 yil avvalgi hukmni bekor qilishni so‘radi

Jamiyat 17:20 / 25.06.2019 11045

Bugun, 25 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy sud rahbariyati va jurnalistlar ishtirokida «Sud-huquq sohasidagi islohotlar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma'lumotlar  berdi.

2019 yil 5 oyida 877 nafar fuqaroga nisbatan tegishli kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan. Shundan Yoshlar ittifoqi kafolati bo‘yicha 139, Xotin-qizlar qo‘mitasi kafolati asosida 99, «Mahalla» jamoat fondi kafillik xati asosida 639 nafar fuqaro ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanib, qamoqdan ozod etildi va oilasi bag‘riga qaytarildi.

Jazoni o‘tayotganlar bilan alohida ish olib borilmoqda. O‘tgan 5 oyda 12 ming 495 mahkum shartli ravishda jazosi yengilrog‘iga almashtirildi. Sud zalidan 1492 kishi qamoqdan ozod qilingan.

O‘tgan yili 4 mingdan ziyod, 2019 yil 5 oyida 5 ming 106ta sud ishlari OAVda yoritildi.

Xalqimizning huquqiy ongi bo‘yicha fikr yuritarkan, Xolmo‘min Yodgorov bir misol keltirdi: «Yoshi to‘qsondan oshib qolgan otaxon keldi va bundan ellik yil avval ko‘rilgan, hozirda arxivga o‘tkazib yuborilgan sud ishi hukmini taqdim qildi. Tanishsak ancha jiddiy ayblov bilan hukm chiqarilgan. «Shu ishni siz qilganmisiz, ota?» deb so‘rasak, «Men qilganman, yoshlikda bo‘ladi-da. Endi meni oqlab berishlaringni so‘rayman», deydi otaxon. Fuqarolarimiz orasida ana shunday qiziq murojaatlar bilan keluvchilar ham uchrab turadi».

Ko‘proq yangiliklar: