O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kasb-hunar ta'limi markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamkorligida Respublika miqyosida barcha umumiy o‘rta ta'lim maktablarida tahsil oluvchi voyaga yetmaganlar o‘rtasida «Yoshlar va qonun» tanlovi tashkil etildi. Unda 8 ming 973ta ta'lim muassasalaridan jami 1 million 987 ming 586 nafar maktab o‘quvchilari qamrab olindi.
Aprel-may oylarida o‘tkazilgan hududiy bosqichlarda g‘oliblarga tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmalar taqdim etilgandi. 24 iyun kuni Toshkentdagi «Yoshlar press klubi»da «Yoshlar va qonun» tanlovining respublika bosqichiga start berildi. Tanlov shartlari bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida tashkil etildi. Ishtirokchilar «Sud majlislari» modeli, «Huquqiy savol-javob», «Videorolik taqdimoti» hamda «Huquqingni angla!» kabi 4 shart asosida bellashdi.
O‘quvchilar tanlov davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif buyurib, deputatlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. «Yoshlar komissiyasi» a'zolari bilan uchrashuvlarda samimiy muloqot qilishdi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, Namangan viloyatining «Sharaf» jamoasi 90 ball jamg‘arib, mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Samarqand viloyatining «Tafakkur» jamoasi 86 ball bilan 2-o‘rinni egalladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining «Femida» jamoasi esa 85 ball bilan 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
G‘oliblar tadbir tashkilotchilari tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Mazkur tanlov ta'lim muassasalari o‘quvchilarining huquqiy bilimlari, ongi va madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning siyosiy faolligini oshirishga xizmat qildi. Shuningdek, voyaga yetmaganlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi omillariga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirib, qonun buzilishi va korrupsiya holatlariga murosasizlik hissini uyg‘ota oldi.