DSQ: «Elektron hisobvaraq-fakturalar ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytiradi»

Iqtisodiyot 17:19 / 25.06.2019 4703

Davlat soliq qo‘mitasi hisobvaraq-fakturalarining elektron tizimga o‘tkazilishi jarayoni to‘g‘risida keng jamoatchilikka ma'lumot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi Axborot xizmati

DSQ axborotiga ko‘ra, Chirchiq shahri, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida elektron hisob-fakturalar tajriba asosida ishlatib ko‘rildi.

Ta'kidlanishicha, tizimda soliq to‘lovchi tadbirkor ofisdan chiqmay, buyurtmachiga hisob-fakturani elektron shaklda yuborish imkoniga ega. Buning uchun elektron raqamli imzo va internetga ulangan kompyuter kifoya.

«Endi oldingi paytdagidek, 3-5 nusxadan qog‘oz to‘ldirish, degan narsalar bo‘lmaydi. Shuningdek, elektron hisobvaraq-fakturalar hisobchilarni hamma narsani papka qilib qo‘yish kabi qiyinchiliklarini soddalashtirib hisob ma'lumotlarining bitta elektron bazada saqlanishiga yordam beradi», — deya ma'lumot berdi Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bahodir Turobov.

DSQ tarkibidagi «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazi direktori Hayot Nasrullayevning so‘zlariga ko‘ra, elektron hisobvaraq-fakturalar orqali:

  • Ortiqcha qog‘ozbozliklar kamayadi;
  • Transport xarajatlari qisqaradi;
  • Hisoblashdagi ishlarning asosiy qismi onlayn ko‘rinishga o‘tishi bilan xarajatlar ham qisqaradi;
  • Hisobfakturadagi turli xatoliklarning oldi olinadi.
  • Shuningdek, elektron hisobvaraq-fakturalar tadbirkorlarga o‘z mahsuloti qayerda, yaxshi sotilayotganligini, qaysi mahsulotiga talab yuqoriligi monitoring qilish imkonini ham beradi.

«QQS to‘lovchilarining to‘g‘ri ko‘rsatilishi ham elektron hisobvaraq-fakturaning afzalliklaridan biri. Ba'zida tadbirkor o‘zining kontragentini (boshqa bir tadbirkorlik sub'yekti) QQS to‘lovchisi sifatida ko‘rsatib qo‘yadi. Biroq agar u QQS to‘lovchisi bo‘lmasa, korxona zarar ko‘rishi mumkin. 

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi Axborot xizmati

Elektron hisobvaraq-faktura dasturi esa tadbirkorlarning QQS to‘lovchisi yoki yo‘qligini ma'lumotlar bazasi orqali aniqlashtirib beradi», — deydi Hayot Nasrullayev.

Ma'lum qilinishicha, hisobvaraq-faktura tuzuvchi tomonlar, albatta, elektron raqamli imzo orqali hujjatni tasdiqlashi lozim. Shuningdek, logistika bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxs ham elektron yuk xatini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlashi shart bo‘ladi. Ayni o‘zgarish va takliflar kelgusi yildan majburiy xarakterga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: