«Soliq imtiyozlari bekor qilinadi». Fiskal organ rahbarlari kutilayotgan o‘zgarishlar haqida 

Jamiyat 18:35 / 24.06.2019 30617

Iqtisodiyotning ayrim sektorlarida tadbirkorlik sub'yektlariga sezilarli miqdorda imtiyoz va preferensiyalar berilganini hisobga olgan holda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning amaldagi tartibidagi mavjud bo‘lgan nomutanosibliklar barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun teng sharoitlarni ta'minlashda qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini yaratish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatini bermaydi.  Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev bayonot berdi.

OAV va jamoatchilik, tadbirkorlar ishtirokida o‘tgan «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni loyihasi muhokamasida soliq va bojxona imtiyozlariga oid turli masalalarda qizg‘in bahs kuzatildi.

Video: Youtube

 Video: Mover (tas-ix)

 Endilikda soliq to‘lovchilar quyidagi ko‘rinishda tartibga solinishi kutilmoqda:

— 1 avgustdan boshlab  benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yoqilg‘i quyish stansiyalari orqali oxirgi iste'molchilariga sotadigan yuridik shaxslar  tushumlarning miqdoridan qat'i nazar QQS to‘lovchisi;

— tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub'yektlari tovar va xizmatlari sotuvining tushumidan qat'i nazar QQS to‘lovchisi;

— yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi mumkin;

— kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi yuz million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tadi.

Bular qanday amalga oshiriladi?

Mubin Mirzayevning ta'kidlashicha, mahsulotni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik sub'yektlari import shartnomasi tuzgandan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab QQS to‘lovchisi sifatida hisobda turadi. Shuningdek, import qilgandan so‘ng bojxonada QQS va boshqa ma'lum to‘lovlarni amalga oshiradi.

«Ba'zida tadbirkor QQS to‘lovchisi emas, lekin bojxonada ma'lum to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘ladi. Bunday holatlarda u «zachyot» ga ololmaydi. Keyin mahsulot tannarxining oshishi holati paydo bo‘ladi.

Biz qonun-qoidalarni aniq qilib qo‘yamiz: tadbirkor QQS to‘ladimi, guvohnomasi bormi, demak, u «zachyot»ga olishi kerak. Va bu bilan tovarlar tannarxi oshib ketishining oldi olinadi», — deydi qo‘mita raisi o‘rinbosari. 

Shuningdek, fermerlarning yagona yer solig‘idan ixtiyoriy ravishda QQS to‘lovchisiga aylanishiga shunday izoh berildi.

«Misol uchun, bir fermer chetdan texnika olib keldi. Import jarayonida u QQS to‘laydi, biroq fermer yagona yer solig‘i to‘lovchisi bo‘lgani uchun «zachyot»ga ololmaydi. Bu holda import qiluvchining xarajatlari miqdori oshib ketadi. Shuning uchun biz «Agar siz ixtiyoriy ravishda qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lsangiz, xarajatlaringiz qisqarishi mumkin» degan taklifni beramiz», — deydi Mirzayev.

Prezident farmoni loyihasida «paynetchilar» muammosiga ham yechim taklif etilgan. Unga muvofiq, kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan 100 million so‘mdan oshgan va bir milliarddan ko‘p bo‘lmagan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarga o‘z tashuvchilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z xizmat haqining 25 foizi miqdorida yagona soliq to‘lovini amalga oshirishlari kerak bo‘ladi.

«Bugun shu masalada tadbirkorlardan juda ko‘p murojaat qabul qilyapmiz. Agar biz 2,5 foiz ustama qo‘ygan bo‘lsak, lekin tadbirkorning tushumi 100 foizdan ko‘p bo‘lgani uchun 4 foiz to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Bu zarar degani. Shuning uchun biz tadbirkor o‘z daromadidan 25 foiz soliq to‘lashi kerak, qolgan daromad o‘ziniki degan takliflarni bermoqdamiz», —  deydi qo‘mita raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev.

«1 oktyabrdan qator imtiyozlar bekor qilinadi»

Ma'lum qilinishicha, joriy yil oktyabrdan asbest, ko‘mir, yog‘och materiallari, yog‘och va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xomashyosi  QQSdan ozod qilinmaydigan bo‘lishi taklif etilmoqda.

«Bugungi kunda o‘zimizda mahsulot ishlab chiqarganlar QQS to‘layapti, lekin import qilganlar undan ozod. Ichki bozormi, yoki tashqi, hammaga bir xil sharoit yaratish uchun ham import qiluvchilardan imtiyoz olib tashlanyapti.

Xuddi shuningdek, kungaboqar, kunjit, soya kabi moyli xomashyo va shakar ishlab chiqaruvchilar ham 1 oktyabrdan boshlab QQS to‘lovchilari hisoblanadi», — deydi Mirzayev.

 GM ham QQS to‘laydi

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtotransport vositalari, butlovchi qismlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilardan ham QQSni to‘lamaslik imtiyozi olib tashlanadi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonovning aytishicha, mashina narxlari birlamchi va ikkilamchi bozorda keskin oshib ketmasligi uchun avto ishlab chiqaruvchi korxonalar optimizatsiya bilan shug‘ullanishi lozim. Aks holda, hukumat import avto uchun boj tariflarini pasaytirishi mumkin.

QQSning to‘laqonli solig‘ini yaratish va barcha sub'yektlar uchun teng sharoitlarni ta'minlash maqsadida 2019 yil 1 oktyabridan boshlab o‘zi ishlab chiqargan qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan ham QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.

«2019 yilning yanvar oyidan avgust oyigacha 1 milliard so‘mdan ortiq pul aylanmasi yoki 50 gektardan ortiq yer maydonlariga ega bo‘lgan yagona yer soliq to‘lovchilari qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi hisoblanib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Bunda 2019 yilning 1 oktyabridan keyin ushbu darajadagi yer va pulga ega bo‘lgan tadbirkorlar shu miqdordagi egalikka erishganlaridan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab QQS to‘lashni boshlaydi. Shu paytgacha faqat yagona yer solig‘i to‘layotgan g‘alla, paxta yetishtiruvchi fermerlarning ishlatadigan homashyosi, materiallari hammasi xarajatga olib borardi. Bugun 50 gektardan ortiq yer maydoniga ega bo‘lgan jami 1 milliarddan ortiq bo‘lgan fermerlarning QQS to‘lashi ularga bu borada yordam beradi», — deydi Mubin Mirzayev. 

O‘zbekistonda oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar QQSdagi imtiyozlaridan voz kechish to‘g‘risidagi xabarnoma berganlaridan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab, QQS to‘lashlari kerakligi belgilab qo‘yildi. 

Shuni alohida ta'kidlash joizki, joriy yilda paxtani xarid narxi qayta ko‘rib chiqiladi va Moliya vazirligi taklifi ishlab chiqilmoqda.

«Shundan kelib chiqib, qo‘shimcha qiymat solig‘i hisobga olingan holda narxlar qayta kiritib chiqilishi kerak. Fermerlar zarar ko‘rmasligiga e'tibor qaratilishi zarur», — deydi Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov.

Ko‘proq yangiliklar: