Ikki do‘st uchrashib, biri ikkinchisidan so‘rabdi:
— Seni o‘rmonda ayiq quvsa nima qilasan?
— Qochaman.
— Yetib olsa-chi?
— Daraxtga chiqib olaman.
— Daraxtga ham chiqsa-chi?
— Eng baland shoxiga chiqib jon saqlayman.
— Ayiq ham o‘sha joygacha chiqsa-chi?
— Ey do‘stim, sen menga oshnamisan yoki ayiqqa?
Bu bir latifa bo‘lsa-da, hayotimizda uchraydigan ba'zi bir holatlarga o‘xshab ketadi.
Men Yaponiyada yashab, ilmiy faoliyat yuritaman. Maqolam xulosasini oldindan aytadigan bo‘lsam, hozirda biz, modomiki, O‘zbekiston mahsulotlarini chet el bozorlariga olib chiqishni istayotgan ekanmiz, harakatlarimiz aynan shu maqsadga xizmat qilishi lozimligini, aks holda mahsulotlarimiz eksporti yo‘lida o‘z qo‘limiz bilan g‘ovlarni yaratishda davom etishimizni aytmoqchiman. Nega bunday deyapman?
Boshqa bir maqolamda aytib o‘tganimdek, kunchiqar yurt bilan o‘zaro tashqi savdo balansimiz 52>1 ko‘rinishda (ya'ni bizning Yaponiyaga qiladigan mahsulot eksportimiz hajmi Yaponiya bizga qiladigan eksport hajmidan 52 barobar kam bo‘lib turibdi).
Yaqinda mahsulotlarimiz yapon bozoriga kirib kelayotganini ko‘rib, quvonchim ichimga sig‘may ketdi. O‘zbekistondan Yaponiyaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini yo‘lga qo‘yayotgan yapon shirkati menejyeri bilan suhbatlashib, rahmat aytishni boshlayotgan edim, u menga muammolarini aytib qoldi. Ismini oshkor etishni istamagan yapon tadbirkori bilan bo‘lib o‘tgan suhbat mazmunini havola etaman.
— Firmamiz sizning yurtingiz bilan savdo qilishni yo‘lga qo‘ydi, O‘zbekistonning turli xil mevalarini import qilishni boshlaganmiz. Yaqinda Yaponiya shaharlarida yurtingiz mahsulotlari paydo bo‘ladi. Biroq hammasi yaxshi ketyapti deb aytolmayman…
— Nega endi? O‘zbekiston mahsulotlari yaponlarga yoqmadimi?
— Yo‘q, mahsulotlaringizga gap yo‘q. Bu sohada sizlarda juda katta imkoniyatlar mavjud. Buni o‘zlaringiz ham yetarlicha tasavvur qila olmaysiz.
— Unda gap nimada?
— Birinchi muammo — O‘zbekistonda savdo kompaniyalari (trade company) yo‘qligi. Buning sababi esa — bunday kompaniyalar faoliyatiga qonunchilik tomonidan qo‘yilgan to‘siqlar.
Butun dunyoda davlatlar orasidagi savdoni amalga oshiradiganlar — savdo kompaniyalari. Bu kompaniyalarning tarixi 17-asrdagi «Ost India» kompaniyalariga borib taqaladi.
Hozirda, masalan, Yaponiyada Mitsui-bussan, Toyota Tsusho, Mitsubushi va Marubeni kabi yirik savdo kompaniyalari faoliyat olib borishmoqda. Yoki biz kabi ma'lum bir sohaga ixtisoslashgan savdo kompaniyalari ham ko‘p. Biz o‘z sohamizda mutaxassismiz. Eksport-import operatsiyalarini butun dunyo bo‘ylab amalga oshiramiz. Lekin O‘zbekistonda bizdagi kabi erkin savdo qilmoqchi bo‘lganlar uchun turli to‘siqlar qo‘yilgan ekan. Misol uchun, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga ishlab chiqaruvchilarning ishi deb qaraladi, imtiyozlar beriladi. Eksportga ixtisoslashgan kompaniyalarning ishi esa O‘zbekistonda og‘ir kechyapti.
— Ishlab chiqaruvchi mahsulotini o‘zi eksport qilishining nimasi yomon?
— Mahsulotni ishlab chiqarish boshqa, uni chet elga olib chiqib, pullash boshqa. Har biri alohida kasb bo‘lgani va mahorat talab etgani uchun ishni o‘z mutaxassisi bajargani ma'qul. O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari «o‘zimiz eksport qilamiz», deya mana necha yil bo‘ldiki, Yaponiya bozoriga kira olishmayapti. Natijada, O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlar «kobra effekti»ni yuzaga keltirgan — tovarlaringizning chet elga chiqishiga to‘sqinlik qilyapti.
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish ostonasida turibdi, shunday emasmi? Bilasizmi, bu tashkilotga a'zo bo‘lishning shartlaridan biri nima — chet el savdo shirkatlarining yurtingizga tovarlarni kamsitishlarsiz keltirishi va teng shartlar ostida yurtingiz tovarlarini tashqariga eksport qila olishi. JST talabi bu!
Shunday ekan, ertami-kechmi, sizlar baribir bu sohani erkinlashtirasizlar. Nega buni paysalga solyapsizlar? Haligacha sizlar bilan savdo qilmoqchi bo‘lgan chet el korxonalarini ishlab chiqaruvchiga aylantirmoqchi bo‘lasizlar. Mening shirkatim, masalan, ishlab chiqarish emas, balki aynan eksport-import operatsiyalari bilan shug‘ullanadi. JSTga a'zo bo‘lgandan keyin hukumatingiz biz kabi savdo kompaniyalarga bunaqa — to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish talabini qo‘ya olmaydi.
Menimcha, bu sizlardagi SSSRdan qolgan fikrlash natijasi bo‘lsa kerak — u davrlarda sizlarda savdogarlarga yomon ko‘z bilan qaralganini bilaman. Ammo yangi O‘zbekiston bozor iqtisodiga o‘tishni oldiga maqsad qilgan-ku?! Nega hali ham SSSR zamonidagi fikrlash bo‘yicha ish yuritasizlar? Men shuni tushuna olmayapman.
— O‘zbekistonda mahsulot xarid qilganingizdan keyin, uni olib chiqish bosqichida qanday muammolarga duch kelyapsizlar?
— Negadir juda sekin ishlar ekansizlar. Harakatlaringiz bozor tempiga sira to‘g‘ri kelmaydi.
Tajribamdan bir misol keltiraman: men mahsulot uchun fevral oyi boshida to‘lov qildim, ammo, hatto mart oyi boshida ham mahsulot kelmadi. Biz bunday sharoitda savdo qilmaymiz. Bilasizmi, sizlarda to‘lov qilinganidan keyin ham tovar 3–4 oy kechikadi. Bu ahvolda biz vatanimizdagi mijozlarimizni qanday ushlab turamiz? Hammasi boshqa savdo kompaniyalariga o‘tib ketadi-ku?! Dunyo bozoridagi tezlikka o‘tishlaringiz kerak. Keling, «Doing Business in Uzbekistan 2019» — Jahon banki tomonidan mamlakatlarda biznes qilish osonligini o‘lchaydigan har yilgi hisobotga qarab O‘zbekistonning holatiga baho beramiz:
1). Eksport qilishga ketadigan vaqt (time to export). Chegaradagi muvofiqlashtirish ishlariga (border compliance) O‘zbekistonda 112 soat sarf etiladi, O‘rta Osiyo mamlakatlarida 22 soat, yuqori rivojlangan mamlakatlarda esa 12,5 soat.
2). Eksport qilish xarajatlari (sost to export). Chegaradagi xarajatlar sizlarda 278 dollarni tashkil qiladi, O‘rta Osiyoning boshqa mamlakatlarida 157,5 dollar, yuqori rivojlangan mamlakatlarda esa 139 dollar sarflanadi.
3). Hujjatlarni muvofiqlashtirish (Documentary compliance time) bo‘yicha sizlarda 96 soat vaqt ketadi, O‘rta Osiyo mamlakatlarida 24 soat, yuqori rivojlangan mamlakatlarda 2,4 soat.
4). Hujjatlarni muvofiqlashtirish xarajati (Documentary compliance cost) bo‘yicha O‘zbekistonda 292 dollar sarf etilsa, qolgan O‘rta Osiyo mamlakatlarida 98 dollar, yuqori rivojlangan mamlakatlarda esa 35 dollar sarf etiladi... (Bular yapon tadbirkori keltirgan rasmiy ma'lumotlar edi. O‘zbek tadbirkorlaridan ma'lumot olsangiz holat ular uchun yanada achinarli ekanini ko‘rasiz — chegarada rasmiylashtirish ishlariga ketadigan vaqt va xarajat raqamlari Jahon banki berayotgan raqamlarni ancha ortda qoldiradi — muallif).
Agar mamlakatingizda shu masalalar ijobiy hal qilinsa tashqi savdo aylanmalaringiz ancha oshadi, Jahon banki hisobotlaridagi o‘rinlaringiz yaxshilanadi. Shunisi sizlarga yaxshi emasmi?
(Eslatma: chegara muvofiqligi (border compliance) uchun vaqt va xarajatlar port yoki chegara punktida bojxona rasmiylashtiruvi va tekshirish tartibida hujjatlarni olish, tayyorlash va taqdim etish uchun vaqt va xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Hujjatlarga muvofiqlashtirish esa hujjatlarni olish, tayyorlash, rasmiylashtirish va taqdim etish uchun sarflanadigan vaqt va narxni o‘z ichiga oladi — muallif)
— Muammo faqat shunday — texnik tomonlardami?
— Yo‘q, albatta. Keyingi muammo — davlat xizmatlarining hatto Yaponiyanikidan ham qimmatligi. Misol uchun, mahsulotni eksport qilishdan avval «Certificate of Origin» — mahsulotning qaysi davlatda ishlab chiqarilganini isbotlovchi hujjat olinadi. Ushbu hujjat Yaponiyada 30 AQSh dollariga osongina olinadi. O‘zbekistonda esa bu hujjat ba'zan 100 AQSh dollaridan ziyodga olinadi. Axir, sizlar dunyoga mahsulot sotmoqchisizlar, nega bunday narsalarni qimmat qilib qo‘yasizlar?
— Shu ikki muammoni hal etsak bo‘ldimi?
— Buncha shoshilasiz. Hali muammolar ko‘p. Sizlarda eksport shartnomasini bankdan ro‘yxatdan o‘tkazishga xizmat haqi olisharkan. Bojxona qo‘mitasi tovar puli to‘langanini shu orqali tekshirarkan. Ammo... «bankning bunga nima aloqasi bor?» — degan o‘rinli savol tug‘iladi. Bu turgan-bitgani eksportchining boshiga g‘alva-ku?! Men bunaqasini O‘zbekistondan boshqa hech qayerda ko‘rmaganman.
Yana bir bosh og‘rig‘i bu — ishonchli laboratoriyalar mavjud emasligi. Rivojlangan davlatlarning yuksak talabiga javob bera oladigan sertifikatlarni beradigan laboratoriyalar yo‘q sizlarda. Shuning uchun biz mahsulot nusxalarini yoki Turkiya kabi davlatlarga jo‘natamiz, yoki Yaponiya, Koreyaning o‘ziga olib kelib, laboratoriyalardan sertifikat olamiz, undan keyingina mahsulotingizni import qila olamiz. O‘zbekistondagi laboratoriyalar bergan sertifikat esa bizga o‘tmaydi — ishonarli emas. Chunki bu laboratoriyalarda mahsulot yetarlicha tekshirilmaydi.
Sizlarda zamonaviy, dunyo talabiga javob beradigan tarzda jihozlangan va malakali mutaxassislarga ega bo‘lgan laboratoriyalarni yaratish kerak. Va bu masalani zudlik bilan hal qilish lozim, yo‘qsa o‘zbek mahsulotlarining tannarxi qimmatligicha qolaveradi, rivojlangan dunyo bozorlariga chiqishingiz kechga suriladi.
— Shuncha muammolar bor ekan, bilmas ekanman. Hozirda bizda hukumat idoralari, parlament tadbirkorlikka oid qonunchilikni tartibga solishda ancha faollashgan. Siz aytgan muammolarni tezda hal etish imkoni mavjud deb o‘ylayman.
— Yaxshi bo‘lardi. Biz ham JETRO kabi tashkilotlar orqali chiqib bu muammolarni yetkazishga harakat qilyapmiz. Ammo, ildizi chuqurroq ketgan boshqa jiddiy masala ham bor sizlarda. Ammo, uni sizga aytishga ikkilanyapman.
— Albatta ayting. Boshladingizmi, endi to‘xtamang-da...
— Mayli, ayta qolay. Ammo, xafa bo‘lish yo‘q. O‘zbekistonda men tuygan eng katta dilxiraliklardan biri bu — tadbirkorlarning biznes etikasi qoidalariga amal qilmasligi. Misol uchun, biz yaponlarda hech qachon birimizning mijozimizga orqavoratdan aloqa qilishga urinilmaydi.
Misol uchun, men bir yapon firmasi uchun sizlardan mol olaman. O‘sha tovarning O‘zbekistonda qanday yetishtirilayotganini ko‘rsatish uchun yapon firmasini yurtingizga olib kelaman. Shunda nima bo‘ladi, bilasizmi? Menga mol sotib o‘tirgan o‘zbek firmalari mendan yashirincha yoki, ba'zan mening ko‘z oldimda, o‘sha yapon firmasiga prays-list, ya'ni mahsulotlarining narx jadvallarini berib, biznes hamkorlikka taklif qilishadi. Men olib borgan mijozni o‘zlariga og‘dirib olishni xohlashadi, meni o‘rtadan chiqarib tashlab, o‘zlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilishga urinishadi. Axir, ularni men Yaponiyadan olib kelyapman-ku?! Men ularga O‘zbekiston bozorini tanishtirib, o‘rtada turib ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan shartnoma tuzmoqchiman-ku?!
— Yaponiyada bunday holatga qanday qaraladi?
— Yaxshi savol. Biz bunday insonlarni kechirmaymiz. Biznes hamkor sifatida yaroqsiz insonlar ular. Ularga hecham ishonmaymiz. Biz garchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashni tashkil qilish imkonimiz bo‘lsa ham, bir kompaniya mijozni bizga birinchi olib keldimi, tamom-vassalom. Biz hech qachon o‘rtadagi firmani aylanib o‘tib mijoz bilan ishlamaymiz, mijozni bizga keltirgan firma orqali ishlaymiz. Ammo sizlarda bunday etika normalari ko‘p holatlarda buzilar ekan. Hatto muhim mansabdagi insonlar ham mening ko‘z oldimda mening mijozimni o‘zlari bilan ishlashga taklif etishdi. Ularning bunday hatti-harakatidan yapon mijozim juda ham noqulay holga tushganini sezishmaydi ham, ishlaridan uyalishmaydi ham. Bu katta muammo, juda katta muammo, Alisher-sensei.
— Demak, O‘zbekiston mulozimlari va tadbirkorlari har bir chet davlatiga kirib borayotganda ularning qonun-qoidasi bilan birga savdo-sotiq taomillarini, odoblarini ham o‘rganishi kerak ekan-da.
— Mutlaqo shart. Bo‘lmasa — bo‘lmaydi. Afsuski, sizlarda bunga e'tibor berilmayapti. Natijada imkoniyatlaringizdan keraklicha foydalana olmayapsizlar.
Suhbatimiz oxirida ikkita muhim masalani aytaman. Hozir O‘zbekistonning bitta banki bilan to‘lov bo‘yicha aloqa qilsak, albatta AQSh kabi davlatlar banklari o‘rtada vositachi sifatida qo‘shimcha haq oladi. Agar kelajakda sizlarning banklar Yaponiyaning biror banki bilan shartnoma tuzib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lov operatsiyalari amalga oshirsa bank operatsiyalari ham arzonga tushadi, ham tezlik oshadi.
Ikkinchi tavsiyam, O‘zbekistonda ishlayotgan xususiy korxonalarning shaffoflashishidir. Hozir sizlarda ishlar ancha siljidi, ko‘p korxonalarning o‘z veb-saytlari bor. Ammo ularning haqiqiy boshlig‘i, ya'ni korxona xo‘jayini kimligini bilishimiz ba'zan juda qiyin bo‘lyapti. Ishlab chiqaruvchi korxonalar negadir haqiqiy xo‘jayinini e'lon qilmas ekan. Natijada borib muzokara o‘tkazganimizda kim haqiqiy qaror qabul qiluvchi ekanini bilmay qolamiz. Endi bir to‘xtamga keldik desak, biz ko‘rmagan boshqa bir inson chiqib, shuncha qilgan muzokaralarimizni rad qilib qo‘yaveradi. Keyin bilsak, o‘sha odam haqiqiy xo‘jayin ekan-u, oldimizga peshvoz chiqqan odam esa «ko‘zga ko‘rinish» uchun o‘tirgan ekan. Ba'zan bunday sargardonchilik bir necha silsilada davom etib, tinkamiz qurib ketadi.
Yaponiyada qanday bo‘ladi? Har bir katta korxonaning veb-sayti bo‘lib, o‘sha yerda uning batafsil tarixi, ishchilari soni, sho‘'balari va kim xo‘jayin — prezident ekani, suratigacha qo‘yib qo‘yiladi. Shunda haqiqiy mulkdor yoki mas'uliyatli shaxs kimligini bilish osonlashadi. Balki qonunchilik yo‘li bilanmi, bilmadim, O‘zbekistonda ham shunday qilinsa hamma uchun foydali bo‘lar edi.
— Kamchiliklarimizni ro‘y-rost aytganingiz uchun sizga rahmat. Salomat bo‘ling!
Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimanki, avvaliga yurtimizda yetishtirilgan totli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yapon xalqi dasturxoniga tortilayotganini ko‘rib rosa xursand bo‘ldim, ammo yapon tadbirkori bilan qurgan suhbatim meni osmondan yerga tushirdi. Shu bilan birga, muammoning yechimi ham ko‘rsatildi. Sohani zudlik bilan xalqaro standart va tamoyillar doirasiga kiritish kerakligi yaqqol ko‘rinib qoldi. Ishlarimizni sinalgan jahon andozalariga muvofiqlashtirmasak, kundan-kun foydani boy beraveramiz. O‘z eksportimizga do‘st emas, dushman bo‘lib yuraveramiz.
Alisher UMIRDINOV,
Nagoya (Yaponiya) iqtisodiyot universiteti,
biznes huquqi fakulteti professori,
«Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a'zosi