Sharg‘unda do‘koni buzilgan tadbirkor: hokimlik va bank unga nima deyapti-yu, adliya bo‘limi nima qilmoqchi?

Jamiyat 10:10 / 24.06.2019 15533

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Sharg‘un shaharchasida istiqomat qiluvchi, «Umar Shams Fayz» xususiy korxonasi rahbari Shamshir Umarovdan tahririyatimizga qonuniy huquqlariga daxl qilinayotgani borasida murojaat kelib tushdi va Kun.uz muxbiri murojaatni joyiga chiqib o‘rgandi.

Yaqinda prezident qarori bilan respublika bo‘ysunuvidagi shaharchaga aylantirilgan Sharg‘unda ayni paytda keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. 1973 yilda tashkil etilgan shaharchaning ko‘chalari kengaytirilmoqda. Yangi turar joylar barpo etilmoqda, mavjudlari ta'mirlanib, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Sh.Umarovga tegishli, Sharg‘un shaharchasining Bog‘ ko‘chasi 90-uy manzilida joylashgan do‘kon ham buzilib, ularning bir qismi kengaytirilayotgan yo‘l uchun davlat ixtiyoriga o‘tkazilmoqda.

«Men tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yish uchun «Sanoatqurilishbank» Sharg‘un bo‘limidan katta miqdorda kredit olganman. Menga yo‘lni kengaytirish uchun davlat ixtiyoriga olinayotgan joyim evaziga hech qanday kompensatsiya to‘lanmayapti yoki boshqa yer maydoni berilmayapti. Boz ustiga bank garovga qo‘yilgan do‘konim buzilgani uchun yangi garov talab qilmoqda. Menda garovga qo‘yadigan boshqa narsaning o‘zi yo‘q.

Ayni paytda men orqadagi hovlimdan ayrim xonalarni moslashtirib, butunlay kasod bo‘lmaslik uchungina savdo do‘konimni yuritib turibman. Lekin rosti, juda qiynalyapman.

Mening tasarrufimdagi joyda esa hokimlik tasdiqlagan fasad bo‘yicha ikki qavatli do‘kon tiklashim ham kerak ekan. O‘zi eski do‘kon o‘rnidan 3,7 metr kenglikda joy qoldi. U yerga ikki qavatli do‘kon tiklab bo‘ladimi? Yaxshiyamki do‘konning orqa tarafida hovlim joylashgan. Men hovlimni qisqartirish evaziga do‘kon ham tiklarman. Lekin buning uchun menga Vazirlar Mahkamasining 2006 yil №97-sonli qarori talablariga ko‘ra, davlat ixtiyoriga o‘tayotgan joyim evaziga kompensatsiya to‘lab berishini talab qilaman.

Ammo mening talablarimga quloq soladigan mutasaddi topilmayapti. Mayli, men mablag‘ topib yangi do‘konni o‘zim ham qurarman. Lekin hech bo‘lmaganda bankdagi kredit to‘lovini muzlatishga ham Sariosiyo tuman hokimligi yordam bermayapti. Meni o‘z ahvolimga tashlab qo‘yishmoqda. Boz ustiga, tuman hokimligi mutasaddilari «yangi ikki qavatli do‘konni tezroq qursang qurding, bo‘lmasa qo‘lidan keladigan boshqa tadbirkorga olib beraman», deyishmoqda. Faqat garov topsam 16 foizlik kredit olishga tuman hokimligi yordam berishi mumkin ekan. Lekin menda garovga qo‘ysa bo‘ladigan mulkning o‘zi qolmadi», — deydi Sh.Umarov.

Biz «Sanoatqurilishbank» Sharg‘un shahar bo‘limida ham bo‘ldik. Darhaqiqat, «Umar Shams Fayz» XK ma'lum miqdorda kredit olganini tasdiqlagan bank mutasaddilari tadbirkor tomonidan kredit to‘lovi kechiktirmasdan to‘lab kelinayotganini aytib o‘tishdi. Biroq, kredit to‘lovini muzlatish, kechiktirish shartnoma shartlarida ko‘rsatilmaganini, kredit uchun garov ta'minoti buzilganida tadbirkor boshqa garov taqdim etishi zarurligi ham shartnomada ko‘rsatib o‘tilganini ta'kidlashdi. Tadbirkorga bank o‘z vakolati doirasida doimo yordam berishga tayyorligini, xususan, shu tadbirkorning YaTsiga iste'mol krediti rasmiylashtirib berishganini ham aytib o‘tishdi.

Ertasi kuni tadbirkor huzuriga tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Abdug‘affor Sharipov kelib, tadbirkor G.Umarovga tegishli do‘konning «qizil chiziq»qa qanchasi chiqqani, oldi-sotdi hujjatlarida ko‘rsatilgan va tasdiqlangan joydan qanchasi buzilib, davlat ixtiyoriga o‘tganini aniqlash uchun mutaxassis jalb qilib, boshqatdan o‘lchatishini aytib o‘tdi.

— Bu uy-joylar o‘tgan asrning 70-yillarida loyihalashtirilganida barchasi hisobga olinib, joy tashlab barpo etilgan. Keyinchalik, o‘sha «qizil chiziq» buzilib, qayta qurilgan bo‘lishi mumkin. Biz o‘sha eski boshlang‘ich loyihalarni arxivdan topib, barchasiga aniqlik kiritamiz, — dedi A.Sharipov.

Shu payt binoning egasi Sh.Umarov bu bino hech qachon qayta qurilmagani, eng boshida qanday qurilgan bo‘lsa shu kungacha shunday saqlanib kelinganini aytdi.

— Bu yerda barcha narsa Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 97-sonli qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi kerak, — dedi A.Sharipov tadbirkor Sh.Umarovga. — Tuman adliya bo‘limi tadbirkorning qonun doirasida manfaatlarini himoya qilib beradi. Xullas, bor hujjatlar bilan yaqindan tanishib chiqaylik. Mutaxassis o‘z xulosasini beradi. Shuni asos qilib men hokimlik bilan gaplashaman. Hozirdan nimalar bo‘lishini aniq ayta olmayman. Agar sizning haqligingizni asoslay olsak, sudga sizning manfaatingizni ko‘zlab da'vo arizasi kiritamiz. Yoki, sudga qadar o‘zaro kelishuv bilan o‘rtadagi nizoga nuqta qo‘yarmiz.

Tuman adliya bo‘limi boshlig‘ining so‘zlarini eshitgach, qolaversa Kun.uz ham kelib murojaatini o‘rganayotganini ko‘rgan tadbirkor ancha yengil tin oldi. Uning murojaatlari bee'tibor qolib ketmasligi, unga yetkazilgan zararlar qoplab berilishidan umid borligini his qilib, biroz bo‘lsa-da tushkun kayfiyatdan xalos bo‘ldi.

Biz esa tuman hokimligi mutasaddilari bu borada adolatliroq bo‘lishlarini, mavjud qonunchilik normalariga amal qilishlarini so‘rab qolamiz. Mazkur masala qanday yechim topgani haqida albatta kelgusida yana bir marta ma'lumot beramiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: