Qonunchilikda 1 iyuldan qanday o‘zgarishlar yuz beradi?

O‘zbekiston 12:00 / 24.06.2019 110469

Quyida 2019 yil 1 iyuldan qonunchilikda nimalar o‘zgarishi haqida ma'lumot beramiz.

Vazirlar Mahkamasining 20.09.2018 yildagi «Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashishi samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 747-sonli qaroriga ko‘ra:

  • avtotransport videoregistratorlari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari aks etgan videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari qayd etilgan videoyozuvlarga tenglashtiriladi;
  • tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, jamoat transporti va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun avtotransport vositalariga videoregistratorlar o‘rnatish bo‘yicha majburiy tartib joriy etiladi;
  • huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan eng kam oylik ish haqining besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Eslatib o‘tamiz, qarorga muvofiq huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mobil videokamerasi bo‘lmagan YPX xodimiga hujjat taqdim etilmaydi

Vazirlar Mahkamasining 01.12.2018 yildagi «Yo‘l patrul xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida» 975-sonli qaroriga muvofiq yo‘l harakati qatnashchilari mobil videokamerasiz faoliyat olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ega;

YPX xodimi vazifalarini mobil videokameradan foydalanib oshkora olib boradi va bu haqida yo‘l harakati qatnashchilariga ma'lum qiladi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish mumkin bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10.01.2019 yildagi «Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PF-5623-sonli Farmoniga muvofiq:

  • yuridik shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari ularga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan bino va inshootlar, sanoat infratuzilmasi obektlari joylashgan yer uchastkalarini, shuningdek ularga tutash hududlardagi ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;
  • jismoniy shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ularga yakka tartibda uy-joy qurish va turar joyga xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;
  • ko‘rsatilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish jismoniy va yuridik shaxslarning arizalari asosida mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan amalga oshiriladi;
  • yer uchastkalarini xususiylashtirish faqatgina kadastr hujjatlari mavjud bo‘lgan holda hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorlarda pullik asosda amalga oshiriladi.

Yo‘lovchi tashishda foydalaniladigan avtotransport vositalarida nazorat-kassa apparati mavjud bo‘lishi haqidagi talab bekor bo‘ladi

  • Prezidentning 06.03.2019 yildagi «Yuk va yo‘lovchi tashish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PQ-4230-sonli qaroriga muvofiq quyidagi talablar bekor qilinadi:
  • xalqaro tashishlarda foydalaniladigan tyagach (shatakchi) avtomobillarga litsenziya kartochkalari berilishi uchun davlat boji to‘lash;
  • «Yevro-5» va «Yevro-6» ekologik sinf talablariga mos keladigan yangi yuk va maxsus avtotransport vositalarini, shuningdek, avtomobilda yuk tashish uchun foydalaniladigan tirkama va yarim tirkamalarni, transport-ekspeditorlik xizmatlarini majburiy sertifikatlash;
  • yo‘lovchilar tashishda foydalaniladigan avtotransport vositalarida nazorat-kassa apparati mavjud bo‘lishi haqidagi talablar;
  • avtomobilda yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs rahbarining malaka talablariga muvofiqlik yuzasidan attestatsiyadan o‘tishi to‘g‘risidagi talablar;
  • avtomobilda yo‘lovchilar va yuklarni tashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya olishda yuridik shaxslarning balansida transport vositalari mavjud bo‘lishi haqidagi talablar.

Bundan tashqari, mazkur qarorga muvofiq, 2019 yil 1 iyuldan boshlab:

  • yo‘nalishsiz taksi uchun talab etiladigan to‘lov terminallari, hisoblagich-taksometrlar va radioaloqa vositalari almashtiriladigan priborlarning funksiyalarini ta'minlaydigan maxsus ilovali qurilmalarga (uyali telefonlar, planshetlar, elektron to‘lov tizimlari) almashtirilishi mumkin;
  • yo‘nalishsiz taksi rangini qonun hujjatlarida talab qilingan rangga muvofiq holga keltirish uchun (viloyatlarda sariq va Toshkent shahrida fil suyagi rangi) o‘zi yelimlanadigan materiallardan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi, ularni bo‘yash shart emas;
  • yo‘nalishsiz taksilar avtobuslar uchun ajratilgan maxsus harakat yo‘nalishida harakatlanishi hamda «To‘xtash taqiqlanadi» belgisi amal qilish hududida to‘xtashi mumkin;
  • xalqaro avtomobilda tashishga xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni olish uchun arizalar bir ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.

Oliy ta'lim muassasalarining rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilar tarkibining ish haqi miqdori 25 foizga oshadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20.07.2018 yildagi «Fan va oliy ta'lim sohasi xodimlarining mehnat haqi miqdorini yanada oshirish, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalari joriy etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» PQ-3876-sonli qaroriga muvofiq:

ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar va ilmiy, muhandis-texnik xodimlari, shuningdek, oliy ta'lim muassasalarining rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilar tarkibining ish haqi miqdori 25 foizga oshiriladi.

Zargarlik sohasida qator o‘zgarishlar yuz beradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 18.05.2019 yildagi «O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PF-5721-sonli farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 iyuldan:

  • zargarlik bo‘yicha litsenziyasi bo‘lgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga o‘zi ishlab chiqargan zargarlik buyumlarining asillik darajasini mustaqil belgilash va ularga asillik darajasi izlarini qo‘yish huquqi berildi;
  • zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi litsenziyaga ega yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini mustaqil sotishi, aholidan qimmatbaho metallar parchalari, qimmatbaho toshlar va buyumlarni sotib olish huquqiga ega;
  • davlat ulushi bo‘lmagan yoki davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan tadbirkorlar ishlab chiqarishda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni sarflash, hisobini yuritish va saqlash tartibini mustaqil belgilaydi;
  • jismoniy shaxslar qiymati 5 ming dollardan ko‘p bo‘lgan zargarlik buyumlarini deklaratsiya to‘ldirgan holda O‘zbekistondan tashqariga olib chiqishi mumkin;
  • zargarlik sohasidagi tadbirkorlar «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasiga ixtiyoriy a'zo bo‘lsa, uyushma a'zolarining imtiyoz va preferensiyalari ularga ham tatbiq etiladi;
  • oltindan yasalgan zargarlik buyumlarni chakana sotganlik uchun 1 grammiga ming so‘mdan yig‘im undiriladi.

Hukumatlararo komissiyalarning hamraislari va a'zolari lavozim maoshi oshiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 23.05.2019 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyalarning (qo‘mitalar, kengashlar va ishchi guruhlar) O‘zbekistonga oid qismlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4331-sonli qaroriga muvofiq 2019 yil 1 iyuldan hukumatlararo komissiyalarning hamraislari va a'zolariga lavozim maoshining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda moddiy rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo‘llash tartibi joriy etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: