O‘zbekiston va Belarus hamkorligida Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan badiiy film suratga olinadi

Jamiyat 16:50 / 24.06.2019 2537

O‘zbekiston hamda Belarus kinoustalari tomonidan Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan “Oyjamol” nomli badiiy film suratga olinadi.  

Bu haqda 11 iyun kuni “O‘zbekfilm” kinostudiyasi rahbariyati Minsk shahrida “Belarusfilm” kinostudiyasi rahbarlari bilan uchrashib, hamkorlik haqida memorandum imzolaganidan so‘ng kelishib olindi. 

 “Oyjamol” deb nomlangan mazkur film ssenariysi Bahodir Umurzoqovning hujjatli romani asosida yozilgan bo‘lib, unda oddiy qishloq ayolining hayoti aks etadi. Film voqealari 1935 – 1991 yillarni o‘z ichiga qamrab olib, o‘tmishdagi qatag‘on zamonlari va Ikkinchi Jahon urushi davrida o‘zbek xalqining turli qiyinchiliklarga qaramay, G‘alaba uchun tinmay mehnat qilgani, frontlardagi o‘zbek o‘g‘lonlarining jasorati haqida hikoya qiladi.

Mazkur film real voqealarga asoslangan bo‘lib, suratga olish ishlari asosan O‘zbekiston va Belarusning qishloq va pavilonlarida, o‘rmon va botqoqlarida bo‘lib o‘tadi. Film kino sohasidagi ikki davlat hamkorligining debochasi bo‘lib, kelgusida hujjatli hamda animatsion filmlar ham suratga olinishi ko‘zda tutilgan.

Rejaga ko‘ra, shu yilning oktabr-dekabr oylarida filmni suratga olish ishlari “Belarusfilm”da amalga oshirilib, so‘ng asosiy ishlar O‘zbekiston hududida bo‘lib o‘tadi. “Oyjamol” filmining ikki davlatdagi ilk namoyishi 2020 yili may oylarida, “Xotira va Qadrlash” kuniga bag‘ishlab o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

2018 yili O‘zbekistonda Belarus kinosi kunlari o‘tayotgan paytda ikki davlat kino mutaxassislari avvalgi munosabatlarni qayta tiklash va hamkorlikda badiiy filmlar suratga olish vaqti yetdi, degan qarorga kelishgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: