O‘quvchilari Rossiyada ishlab yurgan Denovdagi maktab direktori faqat «hayfsan» oldi, arizachi o‘qituvchi esa ishdan haydalmoqda: kim haq?

Jamiyat 08:40 / 24.06.2019 36122

Surxondaryo viloyati Denov tumanidan Jangil Eshqulova tahririyatimizga murojaat yo‘lladi.

Murojaatga ko‘ra, uning 1991 yilda tug‘ilgan farzandi Farhod Toshboyev armiyada yigitlik burchini o‘tagach, imtiyoz bilan kelib Termiz davlat universitetini kimyo-texnologiya yo‘nalishi bilan davlat granti asosida o‘qib tugatgan.

«Farzandlarim otadan erta yetim qolishdi. Besh farzandimdan faqat mana shu kenjatoyimni o‘qita oldim», dedi Jangil aya Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Jangil Eshqulovaning o‘zi hikoya qilib berishicha va bizga taqdim etgan hujjatlaridan ayon bo‘lmoqdaki, o‘g‘li F.Toshboyev 2017 yil Denov tumanidagi 75-o‘rta maktabga chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash fanidan o‘qituvchi vazifasiga ishga qabul qilinadi.

Ma'lumki, kasb-hunar kollejlarida davomat o‘ta pasayib ketgani, o‘quv jarayonlari izdan chiqib ketgani, bu hol o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlar ko‘payishiga asos bo‘layotgani sababli Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha maktablarda 10-11-sinflar qaytadan ochilgan edi.

75-maktabda ChYoT fanidan dars berayotgan F.Toshboyev ayrim o‘quvchilar Rossiya Federatsiyasiga mehnat migratsiyasiga ketgani, ayrimlari darsga muttasil kelmagani uchun jurnalda bu holni qayd etib, ularga baho qo‘ymaydi.

Onaning iddaosiga ko‘ra, maktab direktori Marhabo Turdiyeva F.Toshboyevdan darsga kelmayotgan o‘quvchilarning baholarini qo‘yib berishni talab qiladi. Yosh o‘qituvchi bunga ko‘nmaydi. Shundan so‘ng rahbar hamda o‘qituvchi o‘rtasida shaxsiy xusumat paydo bo‘ladi.

F.Toshboyev kerakli instansiyalarga mavjud vaziyat yuzasidan murojaat qiladi. Maktabdagi bu holat yuzasidan prokuratura taqdimnomasiga asosan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi va F.Toshboyevning barcha vajlari o‘z isbotini topadi. Jumladan, 10-«D» sinf o‘quvchilari F.Jalilov va N.Hasanova darslarga muntazam qatnashmagani, 11-«B» sinf o‘quvchisi M.Qo‘chqorov va 11-«A» sinf o‘quvchisi I.Qobilova ishlash uchun Rossiya Federatsiyasiga ketgani, 10-«B» sinf o‘quvchilari F.Boymatov va B.Ibragimov darslarda muntazam ravishda qatnashmagani aniqlangan.

Maktab direktori M.Turdiyevaga Surxondaryo viloyat XTB boshlig‘ining buyrug‘i bilan «hayfsan» intizomiy chorasi ko‘riladi.

Shundan so‘ng M.Turdiyeva «nomutaxassissan» degan vaj bilan F.Toshboyev bilan tuzilgan mehnat shartnomasini buzib, uni ishdan haydash tadorigiga tushgan.

J.Eshqulovaning aytishicha, ular bu masalada ta'lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi viloyat birlashmasiga ham murojaat qilishgan. Kasaba uyushmasi F.Toshboyevni himoya qilish va ishga tiklash uchun harakat qilganda M.Turdiyeva «baribir bir oy ishlatib haydab yuboraman», degan.

Bundan tashqari, J.Eshqulovaga ko‘ra, maktab direktori o‘z qo‘l ostidagi o‘qituvchilarni F.Toshboyevga qarshi qayrab, «barchamizning ustimizdan yozib yuribdi, bu bola hammalaringning maoshlaringizdan kesilishiga sababchi bo‘ladi», deb yosh o‘qituvchini mehnat jamoasi bosimi ostida qoldirmoqda.

Biz mazkur masala yuzasidan Denov tumanidagi 75-o‘rta maktab direktori Marhabo Turdiyevaga ham savol berdik.

«Farhod Toshboyev — o‘zi nomutaxassis, nopedagog. Juda xarakteri og‘ir bola. Maktabda ikki yildan buyon ishlab kelayotgan edi. Ish hujjatlarini yuritishni bilmas ekan. Tekshirishlar jadvaliga ko‘ra, tekshirish o‘tkazilgach, 2019 yilning yanvarida men ularni boshqa bir o‘qituvchi yuritib kelayotganini bilib qoldim.

Maktab o‘quvchilarining darslarga kelish masalasida aybim yo‘q, deb aytolmayman. Maktabimiz Denovning qoq markazida joylashgani sababli, tumanning o‘sha paytdagi hokimi, hozirgi viloyat prokurori tomonidan tumandagi 100ta maktabning yangi parta va stullari bizning maktabga tushirilib, taqsimlandi. O‘sha ishlarga chalg‘ib, e'tiborsizlik qilganman. Maktabning moddiy texnika bazasini yangilayman, yangi maktab qurdiraman deb, o‘quvchilarning davomati masalasiga bee'tibor bo‘lganman. Lekin shu o‘qituvchining o‘zi bilan o‘sha darsga kelmagan bolalarning uyiga birga borib kelganmiz. Ota-onalari «Bolam kasal, davolanishda», deyishganiga e'tiborsiz qoldirganmiz, ayrim o‘qituvchilar baho ham qo‘yishgan. Lekin u o‘quvchilarga hech qanday hujjat berilmagan.

Hozir Rossiyaga ketgan 11-sinfning ikki o‘quvchisi qaytarildi. Xalq ta'limi vazirligining 13-N-eks sonli qarorini o‘rganib chiqib, ularni qo‘shimcha tarzda o‘qitdik va ular maktabni bitirishdi.

10-sinfda o‘qiydigan, gaymorit bilan kasallangan olimpiadachi o‘quvchimizga chuqurroq ta'lim olish uchun imkoniyat yaratgan edik. Lekin fanlarni yaxshi o‘zlashtirishini bilganimiz uchun ma'lumotnoma talab qilmaganmiz. U ham qaytib kelib o‘qidi.

Tekshirish ishlari olib borilishi asnosida biz ichki ishlar bo‘limiga xat chiqarib, bolalarni qaytarish harakatini boshlaganimizda, yana bir-ikkitasi Rossiyaga chiqib ketib qoldi. Maktabdan tashqarida, oiladagi hayotida o‘quvchilarning orqasidan muttasil kuzatib, nazoratga olish imkoniyatimiz yo‘q-ku? Bolani ota-onasi nazoratga olishi kerak. Bunday o‘quvchilar albatta sinfdan-sinfga qoldiriladi.

Prokuratura bu borada tekshirish o‘tkazgach, yigirma nafar o‘qituvchiga, jumladan, menga ham sovuqqonlik qilganimiz uchun «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llandi.

Lekin koshki edi F.Toshboyevning niyati darsga kelmagan o‘quvchilarning taqdiri qiziqtirayotgan bo‘lsa edi. Men faqat xursand bo‘lar edim. Uning o‘zi ham Toshkentga ishga ketib qolgan, o‘ziga tegishli uch nafar o‘quvchining imtihon bahosini qo‘yib berasan, deb o‘qituvchiga zug‘um o‘tkazgan. O‘qituvchining mazasi qochib, maktabga «tez yordam» mashinasi chaqirishga majbur bo‘ldik. Ko‘r ham hassasini bir marta yo‘qotadi. Biz uning talabini bajarmadik.

Chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash fanidan dars berish uchun zaxiradagi ofitserlar jalb etilishi kerak. O‘zbekiston Respublikasi XTVning buyrug‘i chiqdi. Yangi o‘quv yilidan boshlab bu fanni o‘qitish mutlaqo nomutaxassislarga berilmaydi. F.Toshboyev Termiz Davlat universitetini kimyo-texnologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha tugatgan. Qonunda belgilangan tartibda ogohlantirish xati va kompensatsiya berdim. «Yigit kishisan, boshqa joydan ish top. Men senga ish berolmayman», deb aytdim. Bu fanni o‘qitish qo‘lidan keladigan zaxiradagi ofitserlardan 10 nafar nomzodni o‘rganib chiqyapmiz. Hozir F.Toshboyevni shunday bo‘shatsak, tuman XTBdan ham nomzodlar tinimsiz kelib turibdi. Tanlov katta.

Kasaba uyushmasi F.Toshboyevni noto‘g‘ri ishdan bo‘shatilgan, degan xulosa berdi. Lekin mehnat birjasi barchasi to‘g‘ri amalga oshirilgan, ogohlantirish xati ikki hafta oldin to‘g‘ri berilgan, deb topdi. Endi, dushanba (24 iyun) kuni bu yigitga so‘nggi hisob-kitob beriladi va u ishdan ketadi.

U meni mehnat jamoamiz oldida «meni ishdan haydadingmi hali», deb haqorat ham qildi va men ichki ishlar organiga yozib berishga majbur bo‘ldim. Uning o‘quvchilarni kaltaklagani masalasini ham prokuratura o‘rganmoqda.

Men respublika darajasidagi trener-o‘qituvchiman. Davlat mukofoti sohibiman. Maktabimiz va bu yigitning sha'nini o‘ylab, ko‘p narsalarga ko‘z yumib kelayotgan edim», — deydi 75-maktab direktori M.Turdiyeva.

F.Toshboyevning sa'y-harakatlari bilan «hayfsan» intizomiy chorasi qo‘llanilgan maktab direktori ham jim turmoqchi emas. Nima ham derdik, direktor haq bo‘lsa, har kim qilgan qilmishiga yarasha jazosini olishi kerak.

Lekin murojaatchi — onaizor J.Eshqulova maktabning tajribali direktori yosh va tajribasiz kadrni bu tarzda sindirmoqchi bo‘layotganidan yig‘lab yozg‘irdi. O‘lib-tirilib, yagona o‘qitgan farzandimning adolatga bo‘lgan ishonchi tamomila susayib ketdi, dedi onaizor. Ona maktab direktori o‘quv jarayonidagi tartibsizlik uchun arzimas va yengilgina jazo bilan qutulib qolayotganidan hayron.

Bunday vaziyatda kim haq-u kim nohaq? Maktabdagi ayrim qoida buzilishi xususida ogoh etgan yosh va nomutaxassis o‘qituvchimi yoki xizmat vakolatidan unumli foydalanib, undan qutulishga harakat qilayotgan tajribali direktormi?

Viloyat va tuman XTBning vaziyatga qanday baho berganini ko‘rdik. Xalq ta'limi vazirligi mazkur vaziyatga qanday munosabat bildirar ekan? O‘zi bunday holatda qanday choralar ko‘rilishi kerak?

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

 

Ko‘proq yangiliklar: