«Men o‘zgardim» – Gulnora Karimova prezidentga murojaat qilib, xalqdan kechirim so‘radi

Jamiyat 17:30 / 24.06.2019 230523

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova 6 yil deganda ilk marta xalqqa murojaat qildi. 

Uning qizi Imon Karimova instagramdagi sahifasida onasiga tegishli ekanligi taxmin qilingan va hozirda o‘chirilgan akkauntdan (@gulnarakarimovaupdates) olingan bayonotni joylashtirdi.

«Bu mening 6 yil ichidagi ilk murojaatim. Men uchun duo qilganlarga rahmat deyman. Familiyamning mas'uliyatini his qilgan holda bilib-bilmay qilgan ishlarim haqida o‘ylab olish uchun menda yetarlicha vaqt bo‘ldi. Bu vaqt davomida o‘zimga nisbatan talabchanroq bo‘lishim va o‘zimni siporoq tutishim lozim bo‘lganini angladim.

Ortda qolgan bu qiyin davrda shunchalik o‘zgardimki, hozir qilgan ishlarim uchun o‘zimga hukm chiqarishim mumkin. Men butun xalqdan, meni tushungan va hurmat qilgan barchadan kechirim so‘rayman. Xuddi avval qilganim kabi hozir ham o‘zimni oqlash haqida o‘ylayotganim yo‘q. Aktivlarim davlatga qaytarilishi borasida hamkorlik taklif qilinishi bilan hamkorlikni boshladim. Bu pullar Vatanim rivojiga katta hissa qo‘shadi deb o‘ylayman.

Prokuratura mening davlatga qaytarilgan aktivlarim qiymati haqida aniq ma'lumot bermayotgan bo‘lsa ham, men bu haqda protokol uchun aytishim mumkin. Mamlakat hududida bo‘lgan 1,2 milliard AQSh dollari qiymatidagi aktivlarim allaqachon mening nazoratimdan chiqib ketgan va davlat budjeti foydasi uchun ishlamoqda.

Shveytsariyadagi muzlatilgan hisob raqamlaridagi pullar haqida gapiradigan bo‘lsam, bu faqat men bilan hal bo‘ladigan ish emas. Mening O‘zbekistondagi korxonalarimda ishlagan 15 ming odam yordamida topilgan bu pullarga boshqa davlatlar ham da'vo qilmoqda.

Men va advokatlarim 131 million AQSh dollari miqdoridagi pullar qaytarilishi uchun qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. 555 million dollarlik boshqa summa uchun ham harakatni boshlaganmiz.

Ko‘rgan qiyinchiliklarim, bolalarimning oxirgi 2 yildagi ko‘rgan azoblari uchun nolimoqchi emasman. Mening ishimni olib borganlarning ko‘piga hukm chiqarildi. O‘zining tashkiloti nomidan qo‘lidan kelmaydigan va'dalarni berganlar esa ish joyini o‘zgartirib ketdi. Masalan, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Shavkat Umrzoqov. Prokuraturaning boshqa xodimlari esa hozir ham mening ustimdan nazorat o‘rnatishga harakat qilishmoqda.

Ayni damda meni salomatligim bilan bog‘liq muammo qiynamoqda. Ikkita operatsiyani o‘tkazishim zaruriyati Prezidentga murojaat qilishga majbur qildi. Men haqimda yolg‘on ma'lumot tarqatganlardan farqli o‘laroq xalq mening mamlakatdagi eng katta qora kuch emasligimni bilishiga umid qilaman va bunga ishonaman. Men yagona boquvchisi hisoblangan farzandlarim onasi bilan birga bo‘lishga haqli. Ayniqsa davlatga xiyonat va terrorizmda ayblangan ayollar oilasiga qaytayotgan bir vaqtda. Yurak porogi bilan tug‘ilgan qizim ayniqsa ko‘p qiynaldi.

Shavkat Miromonovichni otamning o‘rinbosari va shogirdi sifatida bilaman. U bu haqda xalqqa murojaatlaridan birida aytgandi. U bilan «Kelajak ovozi», «Yangi avlod», «Asrlar sadosi» va yana ko‘plab loyihalarda birga ishlaganmiz. Uning bag‘rikengligiga umid qilgan holda tez orada bolalarim bilan ko‘rishish imkoni bo‘ladi deb o‘ylayman.

Bundan tashqari men chin dildan sevgan va yurak urishi otamning qilgan ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan Vatanim uchun xizmat qilishga tayyorman. Men qonunlarimizga ishonaman»,- deb murojaatini yakunlagan Gulnora Karimova.

Gulnora Karimova O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan trillionlab so‘m daromadni soliqdan yashirganlik, o‘zgalarning trillionlab so‘mlik mulkini tovlamachilik bilan tortib olish va qariyb 2 milliard AQSh dollarini xorijda berkitish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda. 

Shveytsariya 2012 yili Jyeneva va Tsyurixdagi banklarda Gulnora Karimovaga qarashli ekani gumonlanaëtgan 800 million frankni muzlatib qo‘ygan. Shveytsariya prokuraturasi bu pulning 686,7 millionini musodara qilish va O‘zbekistonga qaytarish to‘g‘risida qaror chiqargan. Biroq hozircha bu pullarni O‘zbekistonga qaytarish muddati aniq emas. 

Ko‘proq yangiliklar: