Shirin kartoshka endi O‘zbekistonda ham yetishtiriladi

Jamiyat 23:15 / 23.06.2019 12883

Oddiy kartoshkaga nisbatan 1,5 baravar ko‘p kaloriyaga ega bo‘lgan batat (shirin kartoshka) endi O‘zbekistonda ham yetishtiriladi. Bu haqida «Qishloq hayoti»  gazetasi yozmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Guliston davlat universitetining «Eksperimental biologiya»  laboratoriyasida bir guruh olimlar biotexnologik tadqiqotlar asosida batatning Sirdaryo viloyati tuproq iqlim sharoitiga mos bo‘lgan navlarini yaratishdi. 

Xabarda ta'kidlanishicha, olimlar Habib Qo‘shiyev, Nozima Ismoilova, Bahrom Almatovlar hamkorligida yaratilgan «Xazina-2» , «Xazina-3» , «Xazina-4» , «GulDU-1» , «GulDU-4»  navlari davlat sinash komissiyasiga taqdim etilgan.

«Vatani Janubiy Amerika bo‘lgan batat asosan tropik o‘lkalarda ekiladi. U tarkibida kraxmal, oqsil, mineral tuzlar, uglevodlar, A,V,R darmondorilari, organik kislotalar saqlaydi. Batat yurak va qon tomir kasalliklarini davolashda foydali. Tarkibidagi S darmondorisi organizmni yoshartiradi va immun tizimini muvofiqlashtiradi. Ortiqcha vazndan xalos bo‘lishda yordam beradi, asab tizimiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi, ko‘rish qobiliyatini oshiradi»,  —  deyiladi gazetada chop etilgan maqolada.

Batat tarkibida mineral moddalar, xususan, natriy, kaliy, kalsiy, magniy, fosfor, temir hamda yod moddalari ko‘pligi jihatidan ham ozuqaviylik bo‘yicha kartoshkadan ustunlik qiladi.

«Batat Sirdaryo viloyati tuproq iqlim sharoiti uchun tavsiya etilayotgan yangi noan'anaviy qishloq xo‘jaligi o‘simligidir. U gektariga 800-1200 sentnerdan hosil beradi. U Sirdaryo tuproq sharoitiga moslashtirildi va yuqori hosil olishga muvaffaq bo‘lindi», ─ deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: