«Olqishlar jamiyatni rivojlantirmaydi, muammolarni hal qilmaydi». Xurshid Do‘stmuhammad erkin matbuot va maddohlik haqida

Jamiyat 10:40 / 23.06.2019 23005

Kun.uz jamiyat, adabiyot, xususan, o‘zbek adabiyoti masalalariga bag‘ishlangan turkum suhbatlar loyihasi doirasida taniqli jurnalist, yozuvchi, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad bilan suhbat tashkil qildi. Avvalroq saytimiz orqali mazkur suhbatning birinchi qismi «Bizdagi sun'iy demokratiya shaxslarni ham, erkin fikrni ham yo‘qotdi». Xurshid Do‘stmuhammad bilan suhbat» sarlavhasi bilan e'lon qilingandi.

Quyida suhbatning ikkinchi qismi bilan tanishishingiz mumkin.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

- Domla, mustaqillik yillari o‘zbek jurnalistikasiga nazar solgan kishi afsuski, bu soha jamiyat oldidagi o‘z missiyasini to‘la ado etolmaganini ko‘radi. Sababi, bu davrda (hozirgacha) jamiyat va matbuot o‘rtasida katta jarlik paydo bo‘ldi.

To‘g‘ri, o‘zbek jurnalistikasida haqiqatda kuchli jurnalistlar ko‘p, lekin aksariyat jurnalistlarning ishi rahbarlarga hamd-u sano o‘qish, shu orqali nimadir ta'ma qilish, xalq dardini, uni qiynayotgan muammolarni emas, faqat berilgani, aytilganini yozish, aytish bo‘lib qoldi.

Siz mana shu jarayonlar ichida bo‘lgan inson, sohadagi ko‘pgina jurnalistlarga bilim bergan kishi sifatida o‘zbek jurnalistikasining mana shu holga tushishi sabablarini va bugun jurnalistika oldida turgan vazifalarni nimalarda ko‘rasiz?

- So‘z va matbuot erkinligi juda og‘ir masala, u gap bilan bitadigan ish emas. Sohada qonunlar qabul qilindi, aynan 1995-2000 yillarda qabul qilingan qonunlar juda yaxshi qonunlar edi.

Mamlakatda demokratik jamiyat qurishga harakat bo‘ldi, ammo demokratik jamiyat emas, boshqariluvchi demokratik jamiyat qurildi. Demak, kimdir boshqarib turibdi, bunday bo‘lsin, unday bo‘lsin deb. Hali shoshmaylik, bu darajaga yetmadik, imkoniyatimiz yo‘q, degan gaplar bilan.

Xuddi shunday, matbuot ham boshqarildi. Bitta-yu bitta yangilik - OAVlar soni ko‘paydi. Elektron nashrlar paydo bo‘ldi. Buni ko‘paygani yaxshi, lekin ijod boshqarildi, ularning ijodiga chiziq chizib berildi. Bu chiziqdan chiqma, mana bu yo‘ldan yurgin deyishdi. Bu – sun'iy demokratiya bo‘ldi.

Matbuot sun'iy demokratiyaning qurboniga aylandi.

OAVning vazifasi ommaga tezlik bilan, to‘g‘ri va xolis axborot yetkazib berish. Biz esa ommaga zudlik bilan xolis va to‘g‘ri axborot berolmadik.

27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Har yili prezident matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabrigi yozadi. Hammamiz kutib turamiz, prezident nima derkin deb. Juda yaxshi takliflar bo‘ladi, men u takliflarni hozir ham qo‘llab-quvvatlayman.

Ma'qulladik, olqishladik, qo‘llab-quvvatladik-da, sekin-sekin o‘sha takliflarga ko‘nikib qoldik. Nima derkin prezident, matbuot, jurnalistga yo‘l ko‘rsatarmikin deb xomtama bo‘lib qoldik. Tayyor oshga bakovul bo‘lib qoldik.

Jurnalistika bu – ijodiy soha. Xalq bilan ommaviy muloqotga kirishadigan soha. Har kuni biror yangilik yoki o‘zgarish bo‘ladi. Jurnalist xalq bilan hisoblashishi kerak, yo‘nalish beruvchi bilan emas.

Eng katta illat – matbuotimizda tahlil yo‘qoldi. Tahlilsiz matbuot matbuot emas. O‘quvchilar ham shunga ko‘nikib qoldi. Odamlarning tafakkuri qisqa xabarlarga o‘rganib qoldi, tafakkur qilmay qo‘ydi, bu esa juda yomon holat.

- Har bir davrda ham jamiyatning eng katta muammolaridan, illatlaridan biri bo‘lgan maddohlik bugungi jamiyatimizda o‘zining yangicha bo‘yini ko‘rsatmoqda. Mana shu jarayonga nisbatan fikringizni bilmoqchiman. Nega bugun biz maddohlikdan orlanmayapmiz?

- Bugun emas, hamisha shunday bo‘lgan. Odamning tabiatida nafs bor, manfaat bor. Odamlar ana shu manfaatlarini, muammolarini hal qilish uchun o‘zidan yuqoriroqdagi kishiga yaltoqilik qiladi, xushomad qiladi.

Afsuski, milliy mentalitetimizda shunga moyillik bor. Bu moyillikdan qutulish mumkinmi? Mumkin, lekin u birdaniga bo‘lmaydi.

- Bu mentalitetimizda bor deb hisoblaysizmi, axir maddohlik milliy mentalitetga aylansa bu fojia emasmi?

- Milliy mentalitetimizda qarsakbozlikka, olqishga zo‘r berishga moyillik bor. Bu madaniyat. Ma'lum chegaragacha madaniyat, ma'lum chegaradan keyin fojia. Biz ana shu chegaraning me'yorini bilmaymiz.

Uyga keldik. Nabiramiz she'r o‘qib berdi va biz beixtiyor qarsak chalamiz. Bu qarsakda minnat yo‘q, rag‘bat bor. Rahbarga ham shunday bo‘lishi kerak.

Olqishlar jamiyatni rivojlantirmaydi, muammolarni hal qilmaydi, olqishlar odamni bezamaydi. Olqish jamiyatning rivojiga ishlamaydi.

Bu katta madaniyat masalasi. Buning uchun odamlarimizda tafakkur va dunyoni anglash shakllanishi kerak. Shaxslashuv bo‘lishi kerak. Bunday deydigan bo‘lsak, yangi muammo ochiladi: jamiyatdagi olomon va shaxs masalasi bor-ku.

- Xurshid aka, ko‘p bo‘lmadi, adabiyotimizning taniqli vakillaridan biri Tohir Malik boqiy dunyoga safar qildi. Bilasizmi, yillar o‘tgan sayin darg‘alar birma-bir o‘tib borar ekan, menga bu maydon va o‘sha insonlarning o‘rni bo‘shab qolayotgandek, o‘rinni to‘ldiradigan ijodkorlar yetishmayotgandek tuyuladi. Siz qanday fikrdasiz, bu maydon bugun kimlarga qolmoqda?

- Har qanday bo‘sh joyni to‘ldirib turadigan odamlar bo‘ladi. Ming taassuf, Tohir akaday inson ham o‘tdi, Alloh rahmat qilsin. Pokiza va ma'rifati yuksak inson edi. U kishidan qolgan asarlarni xalqimiz qo‘lidan qo‘ymay o‘qiydi. Hayot shu, uning achchiqligi shu. Tog‘ay Murod yashasa bo‘lmasmidi? Muhammad Yusuf, A'zam O‘ktam, Ravshan Fayz yashasa bo‘lmasmidi?

 Adabiyotning dargohi keng. Kimlarga qolyapti? Yosh, yetishib kelayotgan yozuvchilar bor. Shukrki, Xudoyberdi To‘xtaboyev hayot, Murod Muhammad Do‘st hali yosh, Erkin A'zam, Nazar Eshonqul, Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdam, Qo‘chqor Norqobil... shoirlar orasida Xurshid Davron, Halima Ahmedova, Xosiyat Rustamova... yo‘q emas, bor, lekin o‘tganlarning ham umri uzoq bo‘lganda edi deb o‘ylab qolasiz.

Jamiyat, muhit o‘zi talab qiladi. Ibrohim G‘ofurov, Ibrohim Haqqulov... ana shularday yetakchilarni, darg‘alarni yetishtirib chiqaradi.

Har qalay bo‘sh qolmaydi, lekin qancha ko‘paysa shuncha xursand bo‘lamiz.

— Shaxslar haqida gapirdik. Umuman, jamiyatda, adabiyotda alohida kuchli shaxslar, titanlar kamayib ketayotganining sabablarini nimalarda ko‘rasiz?

— Boshqarilayotgan demokratiya. Boshqariladigan demokratiya alohida shaxslarni va erkin fikrni yo‘qotadi. «Men boshqaraman, sen qo‘yaver, aqlingni ishlatma, senda aql yo‘q. Sening aqling yetmaydi, bosh qotirma, meni o‘z aqlim yetadi», degan prinsip odamlarning fikrini o‘ldirdi. Jamiyatda fikr aytishga hojat yo‘q. Sizning fikringiz hech kimga qiziq emas. Bu shaxslashuvni yo‘qotdi. 

O‘tgan davrda akademiya ham yo‘q bo‘ldi-ku. Sog‘lom jamiyatda akademiya o‘sha jamiyatning aqli hisoblanadi. Jamiyatimizning aqli olib tashlandi. Jamiyat ilm bilan boshqarilishi kerak. Kimgadir topshirib qo‘yish kerak emas, bu Prezidentmi, allomami yoki avliyomi farqi yo‘q. U ilm bilan boshqarilishi kerak. O‘ttiz millionli aholi kimningdir mulki emas, davlat rahbari ham bir xizmatchi. 

Jamiyat mashvarat bilan, fikrlar bilan boshqarilishi kerak. Adabiyot nega rivojlanmayotganini so‘radingiz. Falsafa, ilm bo‘lmasa qanday rivojlansin? Yo‘qotildi-ku bu institutlarning hammasi. 

- 2007 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodingiz qo‘yilgan. O‘shanda nomzodingizni o‘z ixtiyoringiz bilan qo‘yganmidingiz yoki… O‘sha paytda partiyangizning mag‘lubiyatiga nima sabab bo‘lgan edi?

- Nomzod qo‘yishning tartib-qoidasi bor. Avvalo siyosiy partiya rahbarlari o‘z nomzodini qo‘yadi. Siyosiy partiya rahbarlari o‘z nomzodini qo‘yishlari uchun adashmasam, sakkiz yuz mingta talabgor bo‘lishi kerak. O‘sha paytda partiyamizning a'zolari soni bir yuz oltmish mingta edi. Kerakli ovozlar yig‘ildi va nomzodim qo‘yildi.

Lekin ochiq aytish kerak, o‘sha paytda biz prezidentlik uchun talashadigan darajada emasdik. Ammo birinchi bosqichdan o‘tishning o‘zi ham katta gap edi.

Men prezident bo‘lishga ruhan va ma'nan tayyor emas edim. Shu sabab men nomzodimni kurashdan olganman.

Bu baribir partiya uchun katta tajriba va katta maktab.

Ochiq aytaman, hali ham siyosiy partiya rahbarlari prezidentlik uchun kurashadigan darajaga chiqa olishmayapti. Ular siyosiy partiya sifatida zaif, ta'sir kuchi yo‘q va xalq nazariga tushadigan konsepsiyalari ishlab chiqilmagan. Ayting-chi, shunday partiyadan chiqqan kishilar qanday qilib prezident bo‘lishi mumkin. Ko‘rpaga qarab oyoq uzatishsin-da.

- Andijon voqealarida ishtirok etgan xalqni «sho‘rvaning ko‘pigi»ga qiyoslagansiz. Keyinchalik o‘sha tashbeh xalqning sha'niga qaratilmaganini aytdingiz. Kimni nazarda tutgan edingiz?

- Mana shu gapning qo‘zg‘alishini xohlamasdim. Yana boshqacha talqinlar bo‘ladi. Shu voqeadan keyin ijtimoy tarmoqlarda mulohazalarimni yozmaydigan bo‘ldim. Chunki talqin boshqacha bo‘lib ketadi. Xalq sha'niga aytilmagan. Har qanaqa sharoitda bugun ham sho‘rva qilsangiz ko‘pigini olib tashlaysiz. Ko‘pik kim? Siz boshqa ko‘pikni olasiz, men boshqa ko‘pikni. Kimning nazarida nima ko‘pik? Men bir yozuvchi bo‘lsam, partiya rahbari bo‘lsam, xalqni qanday qilib sho‘rvaning ko‘pigi deyman?

Har qanday jamiyat va har qanday vaziyatda jinoyatchilar bo‘ladi. Yaqinda Samarqandda bir oilaning besh nafar vakilini pul uchun dahshatli tarzda o‘ldirib ketishdi. Odam yig‘lagisi, faryod qilgisi keladi. Ayting-chi, kim ko‘pik? Qotillar ko‘pikmi, uni olib tashlash kerakmi? Jamiyat kurashishi kerakmi? Men qanday qilib jabrdiydalarni ko‘pik deyman?

Qaysi sog‘lom fikrli odam shunday deydi? O‘sha paytda mening bir soatlik intervyumdan faqat o‘sha gapni kesib qo‘yishgan. Elektron vositalar, ijtimoy tarmoqlar o‘ylanmagan xulosalar chiqarib yuborishga juda usta.

Ikkinchidan, Andijondagi haqiqiy voqealar hali noma'lum, to‘la ochilgani yo‘q. Men bu voqealarning guvohi bo‘lmaganman va guvohi bo‘lmagan voqealarim haqida gapirishim xato.

- O‘zbek xalqi o‘zining yaqin o‘tmishida 72 yillik og‘ir mustabid tuzum davrini boshidan o‘tkazdi.

Agar mana shu o‘tgan davrni taxlil qiladigan bo‘lsak, xalqimiz “stalincha”, “xrushchyovcha”, “brejnevcha”, “andropovcha”, “gorbachyovcha” tuzumlarni ko‘rdi. Va har tuzum o‘zining barqarorligiga ishontirildi.

1991 yilda tarix yana bir imkon berib mustaqillikka erishdik. Shundan keyin ham oradan mana 27 yil vaqt o‘tdi. Ayting-chi, shu vaqt oralig‘ida bizda haqiqiy qiyofadagi o‘zbek jamiyati shakllandimi?

- Men juda katta jamiyatshunos, sotsiolog olim emasman. Bu mening shaxsiy qarash va shaxsiy fikrlarim bo‘ladi. Jamiyat ham tirik organizm. O‘zini saqlashga harakat qiladi. Lekin uni shu jamiyatning tepasida turgan rahbarlar boshqaradi. Jamiyat o‘sha rahbarlar jamiyatning boshiga nima kunni solsa o‘shani ko‘radi. Jamiyat sog‘lomlanishi kerak. Sog‘lom, emin-erkin jamiyat qurish kerak. Biz bitta yo‘lni tanlab olib o‘sha yo‘lda ketishimiz kerak. Juda katta niyatlar bilan, Allohning inoyati bilan mustaqillikka erishdik. O‘tgan vaqt davomida juda ko‘p ishlar qilsa bo‘lardi, qilinmadi degan gapga men qo‘shilmayman, bu insofsizlik bo‘ladi.

Nimalardir qilishga harakat qilindi, ehtimol o‘sha boshqariluvchi demokratiyadan ham nimalardir ko‘zlangandir, lekin kutilgan samarani bermadi.

Jamiyat barqaror yashashi kerak. Odamlar goh unga, goh bunga, goh u, goh bu yo‘lga kirib ketishi kerak emas. Odamlar xotirjam yashashi, yigirma-o‘ttiz yildan keyin nima bo‘lishini bilib borishi kerak. Buning uchun rahbarlar o‘zboshimchalik qilishi kerak emas, kimligidan qat'i nazar. Jamiyat ilm va tafakkur bilan yo‘lga qo‘yilishi kerak. Rahbarlar, olimlar almashaveradi, lekin yo‘l og‘ishmasligi kerak. Xalq bu yo‘lda yugurib ketadimi, emaklaydimi, buni hayot ko‘rsatadi.

Yigirma yetti yil yashasak-da, hech narsa qilinmadi, biz endi boshqatdan boshlaymiz desak, yana qaytadan boshlaymizmi? Umr o‘tdi-ku, bizda nima gunoh, odamlarda-chi? Bular nima yozgan Xudoga, odamlar maynavozchilikmi, qo‘g‘irchoq yoki o‘yinchoqmi? O‘shanda tug‘ilgan bola o‘ttizga chiqdi-ku, nima bo‘ldi bu taqdir? Hayot yo‘liga kirdi, lekin yo‘lini topolmay yotibdi, garang. Nima qilishini, qayoqqa borishini bilmaydi, qilgan ishi jinoyat, qilgan ishi qonunga to‘g‘ri kelmaydi. Nima qilsin u?

Yo‘q, odamlarga sekin boradigan, evolyutsion yo‘l kerak. Ana shu yo‘lni yaratib berish kerak. Ana shunda zamonaviy, emin-erkin hayot kechiramiz. O‘zbeklar ana shunday hayot qurishga ma'naviy haqqi bor millat, O‘zbekiston ma'naviy haqqi bor bo‘lgan mamlakat.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Suhbat Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Qatortol ko‘chasida joylashgan «Book cafe»da yozib olindi. 

Ko‘proq yangiliklar: