Murojaatga viloyat hokimligining munosabati: Buxoroda «Tadbirkor»ning mulki tortib olingani yo‘q

Jamiyat 19:20 / 23.06.2019 7350

Ijtimoiy tarmoqlarda buxorolik Rahim Xodjayev viloyat hokimligini unga tegishli bo‘lgan sobiq trikotaj fabrikasi binosini tortib olganlikda ayblab, «hokimiyatdagilar Oliy sud tomonidan chiqarilgan qarorni pisand qilmasdan, soxta hujjatlar tayyorlash orqali obektni «Shofirkon Ekvatorial Teks» korxonasiga berib yuborishgan», deya e'tiroz bildirib, post qoldirgan.

Prezidentga videomurojaat qilgan buxorolik Rahim Salimovich Xodjayev 4 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilovning huzuriga borishgani, ko‘pchilik bo‘lib uchrashishganini aytib o‘tgan. Bugungi kunda ularga tegishli korxonaga hech qanday hujjatlar taqdim etmasdan, soxta hujjatlar bilan, Oliy sud qarorlarini inkor qilib, mojaro Oliy sudda qayta ko‘rib chiqilayotganini bilib turib, «Shofirkon Ekvatorial Teks» korxonasi rahbarlari bir oydan buyon noqonuniy ish olib borib, ishchilarni haydab, ularga tazyiq o‘tkazib, haqoratlar qilib kelishayotganini bayon etgan.

«Bularning bosimlaridan bugungi kunda biz bilan birga ishlab turgan insonlar charchadik. Oliy sud raisi qabulida bilsakki, «yer qaytarib olinmoqda», deb soxta hujjat qabul qilingan ekan. Lekin amalda yer emas, binolar qaytarib olinmoqda. Biz investorlar bilan birga ish boshlaganmiz, 53 million dollar investitsiya bilan qo‘shma korxona tuzish arafasida turibmiz va shu oyning ichida korxonani tuzishni rejalashtirganmiz», — degan Rahim Xadjayev va bunday bosqinchilik va qonunsizlikning oldini olishda prezidentdan yordam so‘ragan.

«Biz bu masalada ikki yildan buyon ovora bo‘lamiz. Bilsak, «Shofirkon Ekvatorial Teks» korxonasi va uning rahbarlari A'zam va Nodir Murodovning orqasida Buxoro viloyati hokimi O‘.I.Barnoyev turgan ekan. Barnoyev qaror chiqarib bergan ekan, lekin bu qarorlarni biz ko‘rganimiz yo‘q. Negaki, mulk bugungi kungacha ham bizning tasarrufimizda turibdi. Faqat mengina emas, men kabi jabrlangan 15 nafar inson tasarrufida turibdi. Davlatdan bu korxonani xarid qilish uchun pul to‘laganmiz, 15 yil mobaynida to‘lagan soliqlarimizni 11 mart kuni Oliy sud uch oy o‘rganib chiqib, juda alodatli qaror chiqarib, mulk egalari manfaatlariga ziyon yetgani, zid ravishda qaror chiqarilganini e'tirof etib, bularni bekor qilgan edi. Ammo sud bizning ishtirokimizsiz 27 mart va 10 may kunlari qaror chiqargan. Sudning bu qarorlari ustidan qayta ko‘rish uchun ariza yozganmiz, buni bilishadi. Mening va 15 nafar insonning qonuniy manfaatlari, prezident farmonlari buzilmoqda», — deyilgan murojaatda.

Buxoro viloyat hokimligi o‘z rasmiy sayti orqali mazkur murojaatga munosabat bildirdi.

«Bugungi kun tadbirkori zamon bilan birga nafas olishi, bugungi kun talabini teran tushunib yetgan holda o‘zi va boshqalarga moddiy manfaat keltirishi, halqimiz turmushini farovon, hayotini risoladagidek qilish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatishi, tashabbuskor bo‘lishi ham qarz, ham farz.

Ammo iqtisodiy islohotlar jarayonida o‘ziga berilgan imkoniyat va imtiyozlarni suiiste'mol qilish, hukumat tomonidan katta rag‘bat tariqasida «nol» qiymatda ajratib berilgan mulkni jaydari til bilan aytganda, «o‘ziniki qilib olganidan so‘ng» uni o‘z bilganicha tasarruf etish, ta'mirlash va butlash o‘rniga talon-toroj qilish, bank kreditlarini maqsadli qo‘llab, zarur texnologiyani xarid qilish, ish o‘rinlarini yaratish o‘rniga borini ham bir boshidan havoga sovurish yoki tasarrufdagi bino-inshootni battar vayrona holga keltirish kabi holatlar ham ming afsuski, uchrayotganini qanday tushunish yoxud oqlash mumkin?!

Bu o‘rinda gap sobiq «Buxoro trikotaj fabrikasi» aksiyadorlik jamiyati, o‘tgan asr to‘qsoninchi yillari oxirlarida «Ismoil Fozilov» ochiq aksiyadorlik jamiyati sifatida faoliyat ko‘rsatib, inqirozga yuz tutgan, bino-inshootlari bo‘shab, bir necha yillab qarovsiz va tashlandiq holda yotgan korxona xususida bormoqda.

Obektning ayni paytdagi ahvolini ko‘rib, unda bir vaqtlar, yaqin o‘tmishda 1500–2000 odam ishlagani, shuncha oila moddiy manfaat ko‘rib kelganiga ochig‘i ishonish mushkul. Ming afsuski, infratuzilma obektlari o‘tgan yillar ichida bir necha jismoniy va yuridik shaxslarga sotilgan, talon-toroj etilgan va bu hol o‘z navbatida atrof-muhitga ham salbiy ta'sirini o‘tkazmay qolmagan.

Tarixiga nazar tashlasak, «Buxoro trikotaj fabrikasi» AJ yuridik nomi 1994 yil 21 iyunida viloyat Adliya boshqarmasidan «Ismoil Fozilov» OAJ sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Qo‘mitasining 1996 yil 6 martdagi buyrug‘iga muvofiq jamiyatga tegishli aksiyalar paketi qayta taqsimlangan. Keyinchalik esa davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Buxoro viloyat hududiy boshqarmasining 1998 yil 18 martdagi 130-sonli buyrug‘iga ko‘ra Qo‘mitaning 1996 yil 6 martdagi buyrug‘iga o‘zgartirish kiritilib, jamiyat aksiya paketlari quyidagicha, ya'ni 25 foizi davlat ixtiyoriga, 26 foizi mehnat jamoasiga, 24 foiz erkin savdoga, 25 foizi esa xorijiy investorlarga taqsimlangan.

Ammo keyinchalik, ushbu obekt yuzasidan davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Buxoro viloyat hududiy boshqarmasining 2001 yil 10 sentyabrdagi 908-sonli buyrug‘iga binoan jamiyatning Ustav jamg‘armasi ulushi yana qayta taqsimlangan. Buxoro shahar «Yermulkkadastr» davlat korxonasi tomonidan «Ismoil Fozilov» OAJga tegishli hudud, Buxoro shahrining «Jo‘bor» ko‘chasi, 162-uy manzilida joylashgan 53741 metr kvadrat umumiy yer maydoni, shundan ishlab chiqarish bino-inshootlari — 15849,6 metr kvadrat yer maydoni ro‘yxatga olinib, 2007 yil 10 oktyabrida kadastr guvohnomasi rasmiylashtirilgan.

Keyingi yillar davomida esa ushbu korxonaning bino-inshootlari amaldagi qonunchilikka muvofiq bir necha tadbirkorlik sub'yektiga taqsimlangan holda sotilganini ko‘rish mumkin. Amalda o‘z tadbirkorlik loyihalarini taqdim etib, ajratilgan joy, bino-inshootdan maqsadli foydalanishi lozim bo‘lgan sub'yektlar esa zimmadagi mas'uliyatni teran tushunib yetmaganliklari oqibatida hududdagi ahvol shu bugungi kunga qadar haminqadarligicha, «eski hammom, eski tos»ligicha qolib kelayotgani tashvishlanarli.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 25 apreldagi Qaroridan kelib chiqib, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Buxoro viloyati hududiy boshqarmasining 2013 yil 11 fevraldagi 2-sonli buyrug‘i bilan «I.Fozilov» MChJning 32,2 foiz davlat ulushi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali jamiyat ta'sischisi hisoblangan Rahim Xodjayevga xususiylashtirib berilgan. Taraflar tomonidan bu to‘g‘ridagi oldi-sotdi shartnomasi ham imzolangan. Fuqaro Rahim Xodjayev tomonidan «I.Fozilov» MChJning 32,2 foiz davlat ulushi, ya'ni 883 501 747 so‘m miqdoridagi to‘lov amalga oshirilgan.

Shundan so‘ng hududiy boshqarma tomonidan fuqaro Raxim Xodjayevga nisbatan shartnoma shartlari bajarilmaganligi bildirilgani holda undan 132 million 16 ming so‘m penyani undirib berishni so‘rab 2013 yil 13 mayda da'vo arizasi bilan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudiga murojaat qilingan. Mazkur sudning 2013 yil 18 iyuldagi ajrimiga muvofiq taraflar o‘rtasida imzolangan kelishuv bitimi tasdiqlanib, mazkur fuqarolik ishi ish yuritishdan tugatilgan. Keyinchalik hududiy boshqarmaning 2014 yil 26 dekabrdagi 4-sonli buyrug‘iga ko‘ra fuqaro R.Xodjayev nomiga «I.Fozilov» MChJ ustav fondidagi 32,2 foiz davlat ulushiga egalik qilish huquqini tasdiqlovchi sertifikat rasmiylashtirib berilgan. Shundan so‘ng fuqaro tomonidan katta mulkni o‘z bilganicha tasarruf etish, uni taqsimlab sotish rejasi obdon o‘ylab chiqilgan.

Oldi-sotdi ishlarida Rahim Xodjayev Buxoro shahridagi «Buxoro Global riyeltor» MChJ bilan yaqin hamkorlik qilgandi. Masalan, viloyat markazining «Jo‘bor» ko‘chasi, 162-uy manzilida joylashgan korxonaning umumiy yer maydonidan 120 kvadrat metrdagi bino-inshoot 2015 yil 6 mayda fuqaro Soli Ashurovga kadastr guvohnomasi asosida sotilgan. Ungacha esa, aniqrog‘i, 2015 yil 9 martidagi kadastr guvohnomasiga muvofiq korxona hududidan 110 metr kvadratda joylashgan bino-inshoot boshqa bir talabgor fuqaro Gulrux Asadovaga oldi-sotdi shartnomasi asosida rasmiylashtirilgan.

Xuddi shu tartibda «Buxoro Global riyeltor» MChJning 2015 yil mart oyidagi oldi-sotdi shartnomasi va savdo bayonnomalariga muvofiq «Ismoil Fozilov» MChJning hududidan qurilish osti maydoni 120 kvadrat metrdan iborat bino-inshoot Abdurahim Isomovga, undan so‘ng 116 kvadrat metrlik bino-inshoot fuqaro Mubashira Gulyamovaga, 1121 metr kvadrat yer maydonidagi «qozonxona» binosi fuqaro Nabi Hamidov nomiga, 216 kvadrat metrdan iborat «Panogoh» bino-inshooti fuqaro G‘aybullo Xayrulloyev nomiga, 500 metr kvadratdan iborat «4-sonli bino-inshoot»ning bir qismi fuqaro Beshimboy Muzapparovga sotilgan va ularga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan.

Tekshirib ko‘rilganida, ushbu bino-inshootlarning aksari yiqitib tashlanib, o‘rnida vakolatli tashkilotlarning ruxsatisiz uy-joy sifatida qayta qurilish ishlari amalga oshirilganini ko‘rish mumkin.

Katta mulk egasi sanalgan Rahim Xodjayev keyinchalik «Vip real estate» MChJ Buxoro viloyati filiali bilan hamkorlik qilib, «Ismoil Fozilov» MChJning o‘ziga tegishli yer maydonidan 7888,0 metr kvadratdan iborat «to‘rt qavatli idora binosi va uch qavatli ishlab chiqarish sexi» bino-inshootlarini fuqaro Gulchehra Xodjayevaga, shuningdek, 115 kvadrat metrdan iborat «qurilishi tugallanmagan» bino-inshootni boshqa bir talabgor Sohibjon Qodirovga sotib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib bergan. Ammo o‘rganishlar va surishtiruvlardan so‘ng ma'lum bo‘lishicha, fuqarolarga sotilgan yer maydonining 10tasida noqonuniy turar joy binolari qurilayotgani o‘z isbotini topdi.

Aniqlangan har bir holatga oydinlik kiritish maqsadida ishchi guruhi tuzilib, mutaxassislar tomonidan sinchiklab o‘rganilganida, qator qonunbuzilish hollari, soxtakorliklar, kadastr davlat korxonasi tomonidan kattagina yer qismi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagani ma'lum bo‘ldi.

Davlat Mulk Qo‘mitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi, «O‘zbekengilsanoat» uyushmasi hamda xaridor «Buxoro trikotaj fabrikasi» AJ o‘rtasida 1994 yil 16 mayda tuzilgan o‘zaro kelishuv shartnomasida xaridor mehnat qonunchiligiga qat'iy rioya etgani holda ishlab turgan ishchilarni ishdan bo‘shatmasligi, o‘z faoliyat yo‘nalishini 5 yil davomida o‘zgartirmasligi, mahsulot ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmini saqlab qolish choralarini ko‘rishi, mehnat jamoasini ijtimoiy himoyalash va yana boshqa qator majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan. Ammo amalda esa butunlay boshqacha manzara aks etib, mulkdor tomonidan xususiylashtirilgan obekt yuridik va jismoniy shaxslarga sotib yuborilib, talon-toroj qilingan.

Yuqorida keltirilgan misollar atroflicha o‘rganilgani va qonuniy baho berilgani holda Buxoro shahar prokurori tomonidan 2018 yil 19 iyunda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudiga da'vo arizasi kiritilgan. Unda mulkni davlat egaligiga qaytarish lozimligi e'tirof etilgani holda javobgar tomonga nisbatan tegishli chora ko‘rish zarurligi so‘ralgan.

Mazkur ish Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi kassatsiya instansiyasi tomonidan batafsil muhokama qilinib, ishdagi har bir hujjat, oldi-sotdi shartnomasi, kadastr guvohnomalari, ularning qonuniyligi e'tibordan chetda qolmadi. Bir necha oyga cho‘zilgan muhokamalardan so‘ng 2019 yilning 27 mart kunida tegishli sud organi o‘z ajrimini e'lon qildi. Unga muvofiq Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2018 yil 19 iyundagi mazkur da'vo arizasi bo‘yicha chiqargan hal qiluv qarori o‘zgarishsiz, kassatsiya shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Hozirda obekt investitsiya kiritish, yangi ish o‘rinlarini yaratish sharti bilan bilan «Shofirkon ekvatorial teks» sarmoyadorlariga berilgan. Va bu yerda keng ko‘lamdagi qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. 

Shu o‘rinda yana bir gap. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 iyun kuni hududlarda sanoatni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bo‘sh turgan yoki samarali foydalanilmayotgan davlat va nodavlat obektlari hisobini yuritish, ular negizida korxonalar tashkil etib, ish o‘rinlari yaratish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Mazkur masalada mutasaddilarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Demakki, bugunning tadbirkoriga talab juda yuqori. U qo‘lga kiritgan va o‘ziga ishonch bildirilgan kattagina korxonani parokandalikka olib bormasdan, inqirozga yuz tutishiga sababchi bo‘lib qolmasdan, ishbilarmonligi tufayli nafaqat o‘zi, balki boshqalarni ham boqishi, ortidan ergashtirishi, moddiy ta'minlashi, kerak bo‘lsa, tayanchi va g‘amxo‘ri bo‘lmog‘i ham qarz, ham farzdir», deyiladi hokimlik bayonotida.

Ko‘proq yangiliklar: