Kun.uz’da yangi loyiha – «Sabr egalari»

Jamiyat 12:35 / 23.06.2019 14376

Inson hayoti turli past-balandliklardan, oq va yorug‘ kunlardan, quvonchu qayg‘udan, tashvishu xotirjamliklardan iborat. Buni barchamiz yaxshi bilamiz.

Ammo kun kelib umr yo‘lidagi musibatlar bir kun o‘z o‘rnini yengillikka, qora kunlar yorug‘iga, g‘amlar sevinchga almashadi va buni tushunib yashayotgan, Alloh bergan aziz umrni sabr bilan o‘tkazayotgan, bergan ne'matlariga shukr qilib, kasb-kor qilib yurgan insonlar bor. 

Ular haqida ko‘pchiligimiz bilmaymiz...

Kun.uz yangi – «Sabr egalari» loyihasiga qo‘l urish arafasida. Ushbu loyiha orqali boshiga tushgan og‘ir kunlarni yengib o‘tgan, bemor holida ham shukrni tilidan qo‘ymagan, yaqin insonini yo‘qotganida chiroyli sabr etgan, kerak bo‘lsa, hozir ham qiyinchiliklarga qaramay, shikoyatni andisha deb bilib, hayotning har bir daqiqasi o‘z o‘rnini boshqasiga almashishiga ishonch bilan yashab yurgan insoniy fazilat sohiblari bor. Ular oddiy, kamsuqum, shu bilan birga, ulkan qalb, ulkan sabr egalaridir.

Biz sizga ana shunday insonlar hayoti haqida hikoya qilishni istadik. Siz bilgan, tanigan, yoningizdan mana shunday xislatli insonlar haqida bizga maktub yo‘llang. Biz esa ular hayoti misolida, kunlaridan norozi, o‘ziga berilgan ne'matlariga noshukr, doim g‘am-qayg‘u iskanjasida yurib, undan qanday chiqib ketishini bilolmay yurgan kishilarga bir so‘z aytamiz – «Siz chiroyli sabr qilguvchilardan bo‘ling...».

Chunki biz umrimizning keyingi lahzasi qanday bo‘lishini bilmaymiz, ammo bu hayotda sabr ila kun kechirayotgan insonlarning so‘zlarini, ularning hayot haqiqatlarini tinglab, undan xulosa chiqarishga, zarur bo‘lsa, kuch olishga ehtiyojimiz bor.

Maktublaringizni info@kun.uz elektron manziliga yoki mana bu havola orqali «Sabr egalari» dasturi uchun deb yo‘llang.

Aniq manzil va aloqa uchun telefon raqamlarni yozib yuborishni ham unutmang.

Ko‘proq yangiliklar: