Qashqadaryolik ayolning prezidentga yozgan she'ri ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi

Jamiyat 20:00 / 22.06.2019 186635

Bir necha kun oldin noma'lum ayolning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qilgan she'riy murojaati ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lib ketdi.

Yarim hazil, yarim chin ma'noda yozilgan she'rdan muddao Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani, Nuriston shaharchasida bolalar bog‘chasi muammosi borligini bildirish edi.

Qayd qilish joizki, ayol kishi she'rida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ismini tilga olmagan va «og‘ajon» deb murojaat qilgan, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyevni esa «hokimbuva» deb atagan.

Bu she'riy murojaat ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p bahs va munozaralarga sabab bo‘ldi. Ayol kishining oddiy she'r orqali bir necha ijtimoiy muammolar va kamchiliklarni ochib tashlagani odamlarni yaxshi ma'noda taajjubga soldi. Xususan, unda yo‘llarning yomonligi, budjet idoralari xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilinishi, prezident oldida mahalliy hokimliklar tomonidan ko‘zbo‘yamachilik qilinishi kabi muammolar tilga olingan edi. Ayol o‘z she'rini «erkinlik deb ko‘p gapirib qo‘ydim, endi erimga bosim bo‘lmasmikan?» degan hadik bilan tugatgan.

Video: Youtube

Video: mover (Tas-IX)

Qashqadaryolik ayolning she'riy murojaatiga samarqandlik jurnalist Karimberdi To‘ramurodov videomurojaat qildi. Unda ayolning dadilligi, dangalligi va ijodiy iste'dodi maqtaldi. Shuningdek K.To‘ramurodov ayolning ushbu murojaati prezident Sh.Mirziyoyevga yetib bormasligi, o‘ziga nisbatan esa bosim uyushtirilishini taxmin qildi. Murojaatning oxirida o‘zbek xalqining duosi ayol uchun eng katta mukofot bo‘lishi aytilgan.

Samarqandlik jurnalistning videomurojaat orqali qo‘llab-quvvatlashiga qashqadaryolik ayol ham minnatdorchilik bildirib, javob qaytardi. Bu safargi she'rida ayol o‘z murojaatini prezidentga yetib borishiga umid-ishonch bildirgan. Shuningdek, she'r chiqqanidan so‘ng o‘z mahallasida qandaydir ishlar boshlab yuborilganiga sha'ma qilgan. Bu safar ham ayol yana bir necha muammolarni, xususan qarsakbozlik, maddohlik, prezident portaliga qilingan murojaatlar yechimini topmayotgani kabi muammolarni aytib o‘tgan. Yakunda ayol bu murojaatidan shaxsiy manfaatni ko‘zlamaganini, balki faqat bolalar kelajagini o‘ylaganini yana bir bor ta'kidlagan.  

Ko‘proq yangiliklar: