Jizzaxda “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi

Jamiyat 11:34 / 22.06.2019 10038

Mazkur tanlov maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyachilarining pedagogik mahorati va ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish, innovatsion ta'lim texnologiyalarini ta'lim-tarbiya jarayoniga joriy etishga qaratilgan. Jizzax viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi tasarrufidagi maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyachilari o‘rtasida ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida uch yildan kam bo‘lmagan mehnat stajiga ega 133 nafar tarbiyachilar ishtirok etgan bo‘lsa, ulardan 33 nafari g‘olib bo‘lib viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy ko‘rik-tanlovini o‘tkazishdan asosiy maqsad yuqori malakali tarbiyachilarni aniqlash va rag‘batlantirish, ularning pedagogik mahorati va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ilg‘or tajribalarini keng ommalashtirish, pedagogik faoliyatning nufuzini yanada oshirish, kasbiy faoliyatda sog‘lom raqobat hamda ijodkorlik muhitini yaratishdan iboratdir. Tanlov “Eng yaxshi metodist tarbiyachi”, “Eng yaxshi ijodkor tarbiyachi” hamda “Innovatsion va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi” nominatsiyalari bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etishni qo‘lga kiritgan 33 nafar ishtirokchilar o‘zlarining bor bilim, ko‘nikma, malaka hamda mahoratlarini namoyish etishdi.

Har bir ishtirokchi ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichiga puxta tayyorgarlik ko‘rganligi ularning yaratgan ijodiy ishlari hamda chiqishlarida yaqqol namoyon bo‘ldi. Yakuniy natijalariga ko‘ra turli nominatsiyalar bo‘yicha 3 nafar  ishtirokchi g‘oliblikni qo‘lga kiritib ko‘rik tanlovning respublika bosqichiga ishtirok etish yo‘llanmasiga ega bo‘lishdi. G‘oliblarga viloyat hokimligi hamda maktabgacha ta'lim boshqarmasining diplom va esdalik sovg‘alari  topshirildi.

Ta'kidlash joizki, respublika bosqichi g‘oliblari o‘rta maxsus, kasb-hunar ma'lumotiga ega bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining “Maktabgacha ta'lim” yo‘nalishiga o‘qishga kirishda imtiyozga ega bo‘ladi.

Gulchehra Sharipova

Ko‘proq yangiliklar: